10:34 / 04.11.2022
4136
Twitter kompaniyasida xodimlarni yoppasiga ishdan bo‘shatish boshlanyapti

Twitter xodimlaridan 4 noyabr, juma kuni ofisga kelmaslik so‘ralgan, chunki kompaniyada «ishchilar soni qisqarishi» amalga oshirilmoqda. Xodimlarga kelajakdagi rejalar haqida pochta orqali xabar yuboriladi. 

Foto: Getty Images

Twitter ijtimoiy tarmog‘iga egalik qiluvchi Twitter Inc kompaniyasi rahbariyati xodimlarga kompaniyada yuz beradigan qisqartirish haqida rasmiy e’lon bilan elektron xatlar jo‘natdi. AFP agentligi keltirgan xabar matniga ko‘ra, ishdan bo‘shatish 4 noyabr, juma kuni AQShda mahalliy vaqt bilan ish kunining boshida boshlanadi. 

Maktubda aytilishicha, xodimlar firmada ishlashni davom ettiradimi yoki yo‘qmi, degan savolga elektron pochta orqali yuborilgan xabarda javob oladi. Shu bilan birga, ular vaqtincha yopilganligi sababli ofislardagi o‘z joylariga kelmasliklari so‘ralgan va ishxonaga kirish ruxsatnomalarining amal qilish muddati to‘xtatilgan. Xatni o‘qishdan oldin ofislarga borganlardan uylariga qaytishlari so‘raladi, kompaniyada dam olish kuni e’lon qilindi. 

Twitter Inc boshqaruvi qisqartirishlarni platforma «aql bovar qilmaydigan darajada qiyin tajriba»dan o‘tayotgan bir paytda yuzaga keladigan «murakkab jarayon» deb atadi. «Biz bu Twitter’ga qimmatli hissa qo‘shgan bir qator odamlarga ta’sir qilishini tushunamiz, ammo afsuski, bu harakat kompaniyaning kelajakdagi muvaffaqiyatini ta’minlash uchun zarur», — deyiladi maktubda. 

AQSh matbuotiga ko‘ra, Twitter Inc’ning yangi egasi - biznesmen Ilon Mask xodimlar sonini 50 foizga qisqartirishni rejalashtirmoqda. Twitter’da hozirda 7500 ga yaqin odam ishlaydi. 

Kompaniyadagi ishdan bo‘shatish Mask aprel oyida e’lon qilgan kompaniyani 44 milliard dollarga sotib olish bo‘yicha bitimni yopgandan so‘ng darhol boshlandi. Shundan so‘ng u o‘z fikrini o‘zgartirishga urindi, biroq Twitter direktorlar kengashi bitimni yakunlashni talab qilib, uni sudga berish niyatini bildirgach, xaridga qaytdi. Maskning tanqidiga ijtimoiy tarmoqdagi botlar va soxta akkauntlar soni haqidagi go‘yoki ishonchsiz ma’lumotlar sabab bo‘ldi. 

Ilon Mask kelishuv yakunlanganini rasman e’lon qilishidan oldin ham u bosh direktor Parag Agraval, moliya direktori Ned Segal, bosh huquqshunos Vijaya Gadde va kompaniyaning bir qancha boshqa top-menejyerlarini ishdan bo‘shatdi. Noyabr oyi boshida Mask kompaniya direktorlar kengashining tarqatilishi vaqtinchalik chora ekanligini aytdi. 

2026 yilga borib Mask ijtimoiy tarmoqdan tushgan daromadni joriy yillik 5 milliard dollardan 26 milliard dollargacha oshirishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, tadbirkor kompaniya qiymatini oshirib yuborilgan deb hisoblashini aytdi. U kelishuvni sud jarayoni tahdidi tufayli emas, balki «sivilizatsiya kelajagi uchun yangiliklarni tarqatish va fikr almashish uchun raqamli platformaga ega bo‘lish muhim, deb hisoblagani uchun yopgan». 

Maskning foydani ko‘paytirish haqida aytgan g‘oyalaridan biri bu - ijtimoiy tarmoqda foydalanuvchilarni tekshirishning «ko‘k belgilari» uchun pulli obunani joriy qilish imkoniyati. U buning uchun oyiga 20 dollar olishni taklif qildi, ammo tez orada narxni oyiga 8 dollar deb baholadi.

Maskning 2022 yilda Twitter’ni sotib olishidan oldin ham, ishdan bo‘shatish va iqtisodiy inqirozga qarshi kurashish bo‘yicha shunga o‘xshash choralar bir qator boshqa yirik texnologiya kompaniyalari tomonidan e’lon qilingan edi. Yozda Alphabet (Google egasi), Meta (Facebook egasi), shuningdek, eng yirik kriptovaluta birjalaridan biri Coinbase va OpenSea NFT-marketpleysi xodimlari yangi xodimlarni ishga olish qisqartirilgani va to‘xtatib qo‘yilgani haqida xabar berishdi. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Apple 2023 yil oxirigacha yangi xodimlarni yollashni to‘xtatdi. Iqtisodiyotdagi qiyin davr kompaniyalardagi ishdan bo‘shatish sabablari sifatida tilga olindi.

Iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi nafaqat Amerika kompaniyalarida, balki, masalan, Xitoyda ham kuzatilmoqda - XXR statistika idorasi iyul oyida 2022 yilning 2-choragida Xitoy yalpi ichki mahsulotining o‘sishi deyarli to‘xtaganini ma’lum qildi. Berlindagi Germaniya Iqtisodiy tadqiqotlar instituti (DIW) rahbari Marsel Fratssher yil boshida bu nimaga olib kelishi mumkinligi haqida gapirgandi. 

Mavzuga oid
Top