12:36 / 04.11.2022
11308

UzAuto «UzSungwoo» zavodi negizida qiymati 10 mln $ga teng zamonaviy metallni termik qayta ishlash sexini ishga tushirdi

Foto: UzSungwoo

«UzSungwoo» zavodida Markaziy Osiyodagi yagona qaynoq shtamplash yo‘li bilan to‘liq avtomatlashtirilgan metallni qayta ishlash sexini tashkillashtirish Chevrolet Tracker va Onix modellari uchun qiymati $19 mln.ga teng 20 turdagi butlovchi qismlarni mahalliylashtirish imkonini beradi. Yangi liniyani ishga tushirish natijasida «UzSungwoo» yillik ishlab chiqarish hajmi $95 mln.ga yetadi.

Foto: UzSungwoo

Loyiha davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Respublikada ishlab chiqarishni rivojlantirishning samarali tizimini yaratish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish bo‘yicha qo‘yilgan topshiriqlar doirasida «O‘zavtosanoat» AJ tomonidan amalga oshirildi. «O‘zavtosanoat»ning «UzSungwoo» MChJ QKning ishlab chiqarish quvvatlarida qiymati $10 mln.ga teng “Metallni issiqlik bilan qayta ishlash” loyihasining amalga oshirilishi bugungi kunda yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish va iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha mavjud quvvatlarni kengaytirish borasidagi loyihalar qatoridan joy oldi.

Eng yangi texnologiyalar asosida loyihalashtirilgan «UzSungwoo» metallni issiqlik bilan qayta ishlash yangi liniyasi Schuler, Prima Power, Benteler va Aotto kabi dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchilari kompaniyalarining metallni kesish, qaynoq presslash va lazerda kesish uskunalari bilan jihozlangan. Korxonada yangi liniya ishga tushirilishi natijasida qo‘shimcha 120 ta ish o‘rni yaratilib, 2,4 mln. metall buyumni ishlab chiqarish ta’minlangan.

Iqtisodiyotni rivojlantirish bevosita ishlab chiqarishning o‘sishiga bog‘liq. O‘zbekistonda navbatdagi o‘ziga xos yuksak texnologik va ilmiy asosga ega ishlab chiqarishni tashkillashtirish, shubhasiz, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishga va eksportning barqaror o‘sishiga xizmat qiladi. Bundan tashqari, ilgari O‘zbekistonga import qilingan mahsulotni ishlab chiqarish imkoniyati boshqa sohalarda ham importni qisqartirish uchun sharoit yaratadi.  

Avtomobilsozlik sanoatining ko‘p qirraliligini hisobga olib, aytish mumkinki, yangi ishlab chiqarish texnologiyalari yuqori darajali mutaxassislarga bo‘lgan talabni oshiradi va yosh avlodga ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha sifatli ta’lim olish uchun rag‘bat vazifasini o‘taydi. Zamonaviy ishlab chiqarish, shuningdek, oliy toifali muhandislar sonining oshishi, texnika fanlari hamda xalqaro standartlarga muvofiq boshqaruv madaniyati rivojlanishiga turtki beradi.

Foto: UzSungwoo

Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston avtomobil sanoatida mustahkam o‘ringa ega «UzSungwoo» korxonasi, mana, 10 yildirki, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan avtotransport vositalari, shuningdek, Rossiya, Meksika, Braziliya va Koreyadagi yirik avtozavodlar uchun 300 nomdagi shtapmlangan va payvandlangan butlovchi qismlarni yetkazib beradi.

Zavod UzAuto strukturasiga kiradi va 2012 yilda «UzSungwoo» ishga tushirilgan vaqtdan buyon 900 ga yaqin ish o‘rnini yaratib, $60 mln. atrofidagi investitsiyani jalb qilgan.

 Reklama

Top