12:28 / 05.11.2022
8853

AQSh mashg‘ulotlarda B-1B bombardimonchi samolyotlaridan foydalanishni rejalashtirmoqda

AQSh va Janubiy Koreya o‘rtasidagi qo‘shma mashg‘ulotlar KXDR provokatsiyasi tufayli bir kunga uzaytirildi. Seul «strategik vositalar»dan foydalanishni kuchaytirishga chaqirdi.

Foto: Staff Sgt. Clayton Cupit

AQSh harbiy-havo kuchlari 5 noyabr, shanba kuni Koreya yarimorolida 31 oktyabrdan buyon AQSh Janubiy Koreya bilan hamkorlikda o‘tkazayotgan «Sergak po‘rtana» mashg‘ulotlarida B-1B strategik bombardimonchi samolyotlaridan foydalanish niyatida. Bu haqda Janubiy Koreya qurolli kuchlari vakili ma’lum qildi.

Avvalroq Seul Vashingtondan «strategik vositalar», jumladan, aviatashuvchilar, atom suvosti kemalari va uzoq masofali raketalarni tashuvchi bombardimonchi samolyotlardan foydalanishni ko‘paytirishni so‘ragan edi.

AQSh va Janubiy Koreya havo hududi bo‘yicha qo‘shma mashg‘ulotlar 4 noyabr kuni yakunlanishi kerak edi. Biroq Shimoliy Koreyaning provokatsiyalari tufayli ularni bir kunga uzaytirishga qaror qilindi. Janubiy Koreyaning Yonhap axborot agentligiga ko‘ra, Pxenyan so‘nggi kunlarda mashg‘ulotlarga norozilik sifatida bir necha raketa otgan. 

Amerikaning B-1B strategik bombardimonchi samolyotlaridan AQSh va Janubiy Koreya o‘rtasidagi qo‘shma mashg‘ulotlarda foydalanish 2017 yildan beri birinchi marta sodir bo‘ladi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Mikroneziyadagi Guam oroliga to‘rtta shunday bombardimonchi samolyotni joylashtirgan. 

B-1B bombardimonchi samolyotlari AQSh tomonidan Iroq va Afg‘onistonda ishlatilgan. 1990-yillardan beri ular yadroviy raketalarni tashish uchun ishlatilmayapti.

2021 yil oktabr oyida Forbes jurnali «2017 yilda B-1 AQSh harbiy-havo kuchlari yangi uzoq masofali kemaga qarshi raketani (Long-Range Anti-Ship missile, LRASM) tashish uchun o‘zgartirgan samolyotlarning birinchi turiga aylandi» deb yozgan edi. U o‘q-dorilarni 300 milya (483 kilometr) masofaga olib o‘tishi mumkin va yuqori texnologiyali ko‘p rejimli qidiruvchi tizim bilan jihozlangan. B-1 3 million dollarlik 24 tagacha raketalarni olib yurishi mumkin.

«Bir juft B-1 Rossiya Boltiq flotiga 48 ta LRASM raketasini otishi mumkin. Bu butun flotni bir vaqtning o‘zida cho‘ktirish va mintaqadagi AQSh va ittifoqchi kemalar uchun asosiy xavfni yo‘q qilish uchun yetarli», - deb yozgan o‘sha paytda nashr.

2014 yilda Qrim Rossiya tomonidan annexia qilinganidan so‘ng bu yarimorol «NATOning janubi-sharqiy qanotidagi haqiqiy qal’aga» aylanganiga e’tibor qaratgan jurnal: «urush paytida Qora dengiz otishma poligoniga aylanishi mumkin. B-1 bombardimonchi samolyotlari esa eng katta qurol bo‘la oladi», deya ma’lum qilgan. 

Mavzuga oid
Top