17:00 / 05.11.2022
18182

Putin og‘ir jinoyatlarda sudlanganlarni safarbar qilishga ruxsat berdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Safarbarlik to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlar kiritib, ba’zi o‘ta og‘ir jinoyat uchun sudlanganligi olib tashlanmagan yoki jazosi o‘talmagan fuqarolarni harbiy xizmatga chaqirishga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi.

YEVGENY YEPANCHINTSEV/TASS

Shuningdek, endi qotillik, talonchilik, bosqinchilik yoki giyohvand moddalar savdosi uchun jazo muddatini o‘taganlarni ham urushga jo‘natish mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, voyaga yetmaganlarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyat sodir etganlikda ayblangan, «terrorchilik» va «ekstremistik» moddalar bilan sudlangan shaxslarni safarbarlikka chaqirish taqiqlanadi.

Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining og‘ir jinoyatlari toifasiga besh yildan ortiq qamoq jazosi berilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar kiradi. «Safarbarlik tayyorgarligi va safarbarlik to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahririda og‘ir jinoyatlar sanab o‘tilmagan, balki Jinoyat kodeksining safarbar qilish mumkin bo‘lmagan moddalari ko‘rsatilgan.

«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin uzoq vaqtdan beri mahbuslarni Ukrainaga urushga borishga undab kelmoqda. Putin imzolagan tuzatishlar ular haqida emas, balki avval og‘ir jinoyat uchun sudlangan, ammo jazoni o‘tab, hozirda ozodlikka chiqqanlar haqida.

Shartli jazolangan yoki koloniyalardan ozod qilinganlar soni yuz minglab bo‘lishi mumkin. Ularning barchasi sudlanganlik olib tashlamaguncha, sakkiz yildan o‘n yilgacha nazoratda bo‘lishi, vaqti-vaqti bilan ro‘yxatdan o‘tishi, yashash joyini tark etmasligi va turli cheklovlarga rioya qilishi shart.

Huquq himoyachilarining xabar berishicha, safarbarlik boshlangandan buyon harbiy qo‘mitalar og‘ir jinoyatlar uchun sudlangan shaxslarni safarbar qilgan, ya’ni taqiqni buzgan. Ammo endi bu taqiq olib tashlanmoqda.

Putin imzolagan qonunda Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 28 ta moddasi sanab o‘tiladi, ular bo‘yicha sudlanganlik yoki o‘talmagan jazoning bo‘lishi safarbarlikka to‘sqinlik qiladi. Biroq, agar qonun kuchga kirsa, og‘ir moddalarning aksariyati safarbarlik chaqiruviga monelik qilmaydi.

Kimlar urushga jo‘natilmaydigan bo‘ldi?

Qonunga ko‘ra, voyaga yetmaganlarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyat sodir etganligi uchun olib tashlanmagan yoki jazosi o‘talmagan sudlanganligi bo‘lgan fuqarolar safarbarlik bo‘yicha harbiy xizmatga chaqirilmaydi. Rossiya qonunlari voyaga yetmaganlarni harbiy harakatlarga jalb qilishni taqiqlashi hisobga olinsa, cheklov harbiylarning tinch aholiga nisbatan xatti-harakatlari bilan bog‘liq muammolarning oldini olishga qaratilgan bo‘lishi mumkin.

Umuman olganda, Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining jinsiy daxlsizlikka qarshi jinoyatlar bo‘limida bolalarga daxldor bo‘lgan faqat bitta modda bor – 16 yoshga to‘lmagan shaxslar bilan ixtiyoriy jinsiy harakatlar to‘g‘risida. Yana to‘rttasi – zo‘rlash, shahvoniy xususiyatdagi zo‘ravonlik harakatlari, ularni qilishga majburlash va behayo xatti-harakatlar – bu moddalar har qanday yoshdagi jabrlanuvchilarga tegishli. Ukraina rasmiylari rossiyalik harbiylarni zo‘rlashda ayblagan edi. Ammo Davlat dumasi jinsiy jinoyatlarda aybdor deb topilganlarni safarbar qilishga qo‘yilgan taqiqni saqlab qolmadi.

Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining yana 22 ta moddasi bo‘yicha olib tashlanmagan va jazosi o‘talmagan sudlanganlik borligi safarbarlik uchun mutlaq to‘siq bo‘lib qolmoqda. Bu terroristik va ekstremistik harakatlar bilan bog‘liq jinoyatlar, shuningdek, davlatga xiyonat, josuslik, xorijliklar bilan maxfiy hamkorlik, davlat yoki jamoat arbobi hayotiga tajovuz qilish, hokimiyatni egallab olish va qurolli qo‘zg‘olonga oid moddalar.

Bundan tashqari, garovga olish, noqonuniy qurolli guruhlarni tashkil qilish yoki ularda qatnashish, Rossiya manfaatlariga zid bo‘lgan qurolli mojarolar va harbiy harakatlarda qatnashishda aybdor deb topilganlarni ham urushga jo‘natish mumkin emas. Samolyot yoki poyezdni olib qochish, shuningdek, yadroviy materiallar bilan noqonuniy muomalada bo‘lganlikda ayblanib, sudlanganlar uchun ham taqiq saqlanib qoladi.

Kimlarni safarbar qilishga ruxsat berildi

Boshqa barcha jiddiy moddalar, jumladan, Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining «ommaviy» 228-moddasi (giyohvand moddalarni ko‘p miqdorda sotish) bo‘yicha sudlanganlik safarbarlikka to‘sqinlik qilmaydi. Shuningdek, portlovchi moddalar va qurollarni qonunga xilof ravishda olish, sotish, tashish va saqlash moddalari bo‘yicha sudlanganlarni ham safarbar qilish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, yaqinda ozod qilingan qotillarni, talonchilik va yirik o‘g‘irlikda, nafrat va adovat qo‘zg‘atish, inson qadr-qimmatini kamsitganlik uchun (bunday jinoyatlar zo‘ravonlik oqibatida yoki guruh tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, og‘ir deb topilgan) sudlanganlarni ham urushga jo‘natish mumkin.

Safarbarlik davrida harbiy xizmat bilan bog‘liq og‘ir jinoyatlarni sodir etganligi uchun sudlanganlar ham taqiqdan chiqariladi – masalan, harbiy xizmat joyini o‘zboshimchalik bilan tark etish yoki buyruqni bajarmaslik. Demak, bu borada jazo muddatini o‘tab bo‘lgan yoki shartli jazoga mahkum qilinganlar ham yana urushga yuborilishi mumkin.

«Hukumat safarbarlikni davom ettirishni rejalashtirmoqda»

Safarbarlik boshlanganidan keyin sudlangan shaxslar jinoyat-ijro inspeksiyasiga chaqirila boshlagan. Ular sudlanganlik olib tashlamaguncha shu inspeksiyada nazoratda bo‘lib, muntazam ravishda yo‘qlamadan o‘tib turishi lozim. Ularga ham chaqiruv qog‘ozlari topshirilgan, deb xabar berdi «Prizyv k sovesti» inson huquqlari tashkilotlari yuristlari va ekspertlari koalitsiyasi.

«Bunday chaqiruvni qonuniylashtirish bo‘yicha tuzatish qabul qilinishi hukumat safarbarlikni davom ettirishni rejalashtirayotganini anglatadi. Hozir safarbarlik rejasi bajarilganini aytib, hammani tinchlantirishmoqchi. Ammo, qabul qilingan qonun vaziyat shunday emasligini ko‘rsatadi va ular safarbarlikni davom ettirmoqchi», dedi koalitsiya vakili.

«Sudlanganligi bor odamlar zaif holatda. Chunki ular huquq-tartibot idoralari fosh etilmagan o‘g‘irlik yoki giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarni o‘zining «bo‘yinga ilishi» qiyin emasligini yaxshi tushunishadi.

Va qayta jinoiy javobgarlikka tortilish tahdidi odamlarni urushga borishga majburlash uchun ishlatilishi mumkin», deb hisoblaydi «Prizyv k sovesti» ekspertlari.

Mavzu
Rossiyada safarbarlik
21 sentabr kuni Putin Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qildi. Ukrainadagi urush uchun yana kamida 300 ming kishi jalb etiladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top