15:39 / 07.11.2022
20411

Klyon qanday daraxt? “Yashil makon” umummilliy loyihasi mutaxassisi fikri

So‘nggi vaqtda O‘zbekistonda ekologik vaziyatning keskinlashuvi daraxtlarga nisbatan ayovsiz munosabat natijasi deya talqin qilinmoqda. Daraxtlarni ko‘paytirish va ularni ekishda tabiiy iqlim sharoiti bilan hisoblashish kerakligi, ya’ni ko‘p suv talab qiladigan archalar o‘rniga boshqa daraxtlar (kashtan, qayin, zarang (klyon), lola daraxti) ni ko‘paytirish taklifi berildi.

Qibray tumani Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i Tillavoy Abduvahobov zarang daraxtini ekish va parvarishlash haqida tavsiyalar berdi:

“Biz ko‘rib turgan daraxt klyon daraxti ko‘chati, manzarali daraxt bo‘lib, 5 yillik ko‘chat. Buni hozir ekishdan oldin, yonidagi yon shoxlarini olib tashlaymiz, ko‘karishga buning kuchi yetmaydi. Shuning  uchun ham olib tashlaymiz. Bu daraxtning ildiziga qarab chuqurcha qazib olamiz. Ya’ni chuqurchaning hajmi kamida bir 50 sm bo‘lishi kerak, chuqurchani qazib olgandan keyin, daraxtning ildiziga qarab turib, ildiziniyam ortiqcha shoxlarini kesib tashlash ehtimoli bo‘ladi. Chuqurchaning tagini kengroq qilamiz. Chunki ildiz rivojlanishi uchun chuqurchaning tagi kengroq bo‘lishi kerak. Bunday daraxt ko‘chatlari asosan shahar ko‘chalariga, yo‘l yoqalariga, xiyobonlarga, suv tanqisroq bo‘lgan joylarga ekiladi. Suvga chidamli daraxt hisoblanadi.

Niholni mo‘ljallab ko‘ramiz. Agar ildizlari bunga to‘g‘ri kelmasa, ildizlariniyam qisqartirish mumkin. Daraxtimiz ildiz bo‘g‘zi yer sathiga to‘g‘ri kelishi kerak. Mana shunday holatda biz ko‘mishimiz kerak. Mana hozirgi daraxt ko‘chati ekish vaqtimizda yomg‘ir yog‘yapti, albatta, ko‘chat ekish paytida yerdagi namlik katta foyda keltiradi. Yer  qancha nam bo‘lsa, daraxtning ko‘karishi shuncha yaxshi bo‘ladi.

Tuproqni bosish kerak, keyinchalik buni sug‘orishimiz uchun atrofini chuqurcha qilishimiz kerak, quyilgan suvlarimiz chiqib ketmasligi uchun.

Nina bargli daraxtlar ekishda, albatta, uni komi bilan ekiladi. Chuqurchalar 60 sm, 70 smgacha bo‘ladi. Komi bilan ekilgan daraxtni komi buzilmaslik kerak. Komi degani, tagidagi tuproq. Nina bargli daraxtlarni iloji boricha sovuq kunlarda shu vigitatsiya davri tugaganidan keyin ekish tavsiya etiladi. Nina bargli daraxtlarning yana bitta narsasiga ahamiyat berishimiz kerak, bularni o‘sha quyoshchiqar va quyoshbotar taraflariga, o‘sha quyoshbotar tarafiga daraxtni olingandan keyin biror mato boylanadi va olib ekilganda yana o‘sha tarafi quyoshbotar tarafga olib ekiladi.

Bu daraxtlarni issiq kunlarida xaftasiga bir marta sug‘orish tavsiya etiladi. Ko‘karuvchanlik holatini saqlab qoladi. Yurtimizda 20 oktyabrdan1 dekabrga qadar “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish oyligi boshlandi. Aziz yurtdoshlar, hammamiz birlashib yurtimizni yashil makonga aylantiraylik”.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi Ⓣ

Top