13:08 / 09.11.2022
4671
AQSh Davlat departamenti: Rossiyaning Ukraina bo‘yicha muzokaralarga tayyor ekani ko‘rinmayapti

Vashington nuqtayi nazariga ko‘ra, Rossiyada Ukraina bilan tinchlik muzokaralari olib borish istagini namoyish qilish uchun ko‘plab imkoniyatlar mavjud, ammo Moskva ulardan foydalanmayapti.

Foto: Reuters

Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning Ukrainada tinchlik muzokaralari o‘tkazish kayfiyatida ekanligiga ishonmayapti. Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays 8 noyabr, seshanba kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tgan brifingda jurnalistlar savollariga javob berar ekan: "biz hozirda rossiyaliklar yaxshi niyat asosida muzokaralar olib borishni xohlayotganini ko‘rsatadigan hech narsaga guvoh bo‘lmadik", dedi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklar muloqot va diplomatiyaga xohishi va tayyorligini turli yo‘llar bilan ko‘rsatishlari mumkin edi: «Birinchidan, tinch aholi manzillarini bombardimon qilishni to‘xtatish, infratuzilma obektlarini nishonga olishni bas qilish, Ukraina xalqi uchun issiqlik, suv ta’minoti, elektr tizimlarini nishonga olishni to‘xtatish kerak. Yana bir qadam - turar joylarni, fuqarolik binolarini, o‘yin maydonchalarini, maktablarni, kasalxonalarni tartibsiz o‘qqa tutish, eng yomoni, xuddi shu joylarni qasddan o‘qqa tutishga chek qo‘yish kerak».

Rossiyaning «g‘alla bitimi»dan chiqib, keyin unga qaytish haqidagi bayonotini sharhlar ekan, Ned Prays Moskva bunday «foydasiz» qadamlardan voz kechish orqali muloqot va diplomatiyaga sodiqligini ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Qora dengiz tashabbusini o‘z ta’siri doirasiga aylantirishga harakat qilmoqda.

«Bu holatda ukrainaliklarga Rossiyaning yaxshi niyat asosida muzokaralar olib borish istagining isboti sifatida nimani misol qilib ko‘rsatishni biz hal qilmaymiz. Lekin Ukrainada so‘nggi oylarda va hatto yaqinda sodir bo‘layotgan voqealarni kuzatuvchisi nuqtayi nazaridan, shu kunlarda biz Rossiyaning tayyor ekanligi va jiddiy hamkorlik qilishga intilayotgani haqida hech qanday alomat ko‘rmayapmiz», — deya xulosa qildi Davlat departamenti vakili.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top