07:43 / 09.11.2022
4289

Armaniston va Ozarboyjon tashqi ishlar vazirlari AQShda muzokara o‘tkazdi

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Armaniston va Ozarboyjon vazirlari o‘rtasidagi muzokaralarda vositachi bo‘ldi. U Yerevan va Bokuning tinchlik yo‘lidagi «haqiqiy va dadil qadamlarini» ma’qulladi.

Entoni Blinken (chapda) / Foto: Alex Brandon/ Pool via AP Photo

Armaniston va Ozarboyjon tashqi ishlar vazirlari Ararat Mirzoyan va Jyeyhun Bayramov AQSh vositachiligida muzokaralar o‘tkazdi. 8 noyabr, seshanba kuni AFP agentligi xabariga ko‘ra, ularning uchrashuvi Vashingtonda 7 noyabr kuni, har ikki davlat chegarasida yangi to‘qnashuvdan bir necha soat o‘tib bo‘lib o‘tdi.

Vazirlarni muzokaralarda vositachilik qilgan AQSh davlat kotibi Entoni Blinken qabul qildi. «AQSh Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida tinchlik muzokaralarini o‘tkazish tarafdori», - dedi Blinken uchrashuv oldidan. U har ikki tomonni «o‘tmishni orqada qoldirish va mustahkam tinchlik sari harakat qilish uchun haqiqiy va dadil qadamlar qo‘ygani»ni olqishladi. AQSh davlat departamenti rahbari, shuningdek, tinchlik muzokaralari BMT Bosh assambleyasi doirasidagi avvalgi muhokamalar hamda Armaniston, Ozarboyjon va AQSh rasmiylari o‘rtasidagi boshqa suhbatlarga asoslanishini ta’kidladi, deb yozadi Reuters.

Ararat Mirzoyan (markazda) / Foto: Alex Brandon/ Pool via AP Photo

Uchrashuvning qolgan qismi yopiq eshiklar ortida o‘tdi. Armaniston Tashqi ishlar vazirligining xabar berishicha, Ararat Mirzoyan va Jyeyhun Bayramov «potensial tinchlik shartnomasining elementlari bo‘yicha fikr almashgan va hali ham hal qilinishi kerak bo‘lgan qator muammolar mavjudligini ma’lum qilgan». Bundan tashqari, har ikki vazir Armaniston va Ozarboyjon rahbarlarining 6 oktyabr kuni Pragada va 31 oktyabrda Sochida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarida o‘z zimmalariga olgan majburiyatlarini yana bir bor tasdiqladilar.

Avvalroq Yerevan va Boku kuch ishlatmaslikka kelishib olgan edi. Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va Rossiya prezidenti Vladimir Putin 31 oktyabr kuni Sochidagi uch tomonlama uchrashuv yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonot berdi. Unda tomonlar «barcha muammoli masalalarni faqat BMT nizomi va 1991 yildagi Olmaota deklaratsiyasiga muvofiq suverenitet, hududiy yaxlitlik va chegaralar daxlsizligini o‘zaro tan olish asosida hal etish» niyatida ekani ta’kidlangan.

Jyeyhun Bayramov (chapda) / Foto: Alex Brandon/ Pool via AP Photo

Bu bayonotdan keyin Ozarboyjon bir necha bor Armanistonni chegarani o‘qqa tutganlikda aybladi. O‘z navbatida, Armaniston Mudofaa vazirligi 4 noyabr kuni, shuningdek, 7 noyabrga o‘tar kechasi Ozarboyjon qurolli kuchlari bo‘linmalari chegaraning sharqiy qismida joylashgan arman pozitsiyalarini o‘qqa tutganini ma’lum qildi.

Tog‘li Qorabog‘ yuzasidan Yerevan va Boku o‘rtasida o‘nlab yillar davom etgan mojaro sentabr oyi o‘rtalarida yana avj oldi. Armaniston Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 13 sentabrga o‘tar kechasi Ozarboyjon chegaradagi Vardenis, Sotk, Artanish, Ishxanasar, Goris va Kapan aholi punktlari yo‘nalishini o‘qqa tuta boshlagan. Boku Yerevanni chegarada Dashkesan, Qalbajar va Lochin yo‘nalishlaridagi «keng ko‘lamli diversiya»da aybladi. Natijada har ikki tomondan 280 dan ortiq odam halok bo‘ldi.

Mavzuga oid
Top