09:41 / 10.11.2022
3690

Qozog‘istonning yangi elchisi O‘zbekistonda o‘z vazifasini bajarishga kirishdi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Qozog‘istonning yangi tayinlangan elchisi Beybut Atamqulovni qabul qildi.

Foto: Dunyo

Uchrashuv vazirga elchining ishonch yorliqlari nusxalarini taqdim etish marosimi bilan boshlandi. Vazir elchini lavozimga kirishgani bilan tabrikladi va kasbiy faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Qozog‘iston yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosi ko‘rib chiqildi. Tomonlar rejalashtirilgan tashriflar va qo‘shma tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish, shuningdek, Qozog‘iston delegatsiyasining Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Turkiy davlatlar tashkilotining bo‘lajak sammiti, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi, “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” barqaror o‘zaro aloqadorlik bo‘yicha birinchi mintaqaviy konferensiyadagi ishtiroki yuzasidan fikr almashdilar.

O‘zaro savdo jadal rivojlanayotgani qayd etildi. Tomonlarning savdo aylanmasini yanada oshirish, sanoat, energetika, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha birgalikda chora-tadbirlar ko‘rishga tayyorligi ma’lum qilindi.

Ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi aloqalarni rag‘batlantirish va mustahkamlash muhimligi qayd etildi. Xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish tarafdori ekani ta’kidlandi. Shu nuqtai nazardan, joriy yilning noyabr oyida Qozog‘istonda O‘zbekiston madaniyati kunlariga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.

Beybut Atamqulov Qozog‘istonning taniqli davlat arbobi. U 58 yoshda, bir qator xorijiy mamlakatlarda bosh konsul va elchi bo‘lgan. U vazir lavozimlarida, shu jumladan 2018-2019 yillarda – tashqi ishlar vaziri bo‘lib faoliyat yuritgan. O‘zbekistonga tayinlanishidan oldin u sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vaziri bo‘lgan.

Beybut Atamqulov avgust oyida Qozog‘istonning Turkiston viloyatiga hokim etib tayinlangan Darxan Satibaldi o‘rnini egalladi.

Top