20:00 / 11.11.2022
8746

AQSh Orol dengizining O‘zbekiston qismi tubini obodonlashtirish uchun mablag‘ ajratdi 

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Orol dengizining qurigan tubida ekotizimni tiklash bo‘yicha ikkinchi loyiha – ERAS II ishga tushirilganini e’lon qildi. 

Foto: uz.usembassy.gov

«USAID Orolbo‘yi mintaqasidagi cho‘llanishning salbiy oqibatlariga qarshi kurashish uchun qariyb 1,6 million dollar ajratadi, bu havo sifati va yashash sharoitlarini yaxshilash, shuningdek, iqlim o‘zgarishlariga chidamlilikni oshirishga olib keladi», — deyiladi hisobotda. 

Birinchi ERAS loyihasi 2021 yildan buyon Orol dengizining Qozog‘iston qismida amalga oshirilmoqda. Ikkinchi loyiha – ERAS II – Orol dengizining O‘zbekistondagi qismida o‘simliklar ekishga qaratiladi. 

Bundan tashqari, USAID sho‘rlanishga chidamli ekinlarni ekish va sug‘orish bo‘yicha innovatsion texnologiyalarni tadqiq etish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlaydi. 

Qozog‘iston va O‘zbekiston tajriba almashish va Orol fojiasining salbiy oqibatlarini yumshatish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishga va’da bermoqda. 

ERAS II dasturi USAID suv resurslari va atrof-muhit bo‘yicha Mintaqaviy loyiha tomonidan O‘zbekiston O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Orolbo‘yi xalqaro innovatsion markazi, akademik va ilmiy-tadqiqot muassasalari, Mo‘ynoq tumani hokimligi, shuningdek, Qozog‘iston Ekologiya, geologiya va tabiiy resurslar vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. 

Orol dengizi sathi 1960-yillardan boshlab pasaya boshladi. 1989 yilda dengiz ikkita alohida suv havzasiga - Shimoliy (Qozog‘istonda) va Janubiy (O‘zbekistonda) Orol dengiziga bo‘lindi. Dengizning qurishi butun Markaziy Osiyo uchun ekologik halokatga aylandi va mintaqa davlatlariga jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy zarar yetkazdi. 

Top