12:27 / 11.11.2022
16964

AQShda oraliq saylovlar: Bayden yengil tin oldi va keyingi saylovda ham qatnashishini aytdi

AQShdagi oraliq saylovlarida demokratlar partiyasi qonunchilik kengashida o‘ziga tegishli aksar o‘rinlarni saqlab qolganidan keyin Jo Bayden yengil tin oldi. Uning ilk bayonotidan «yelkasidan tog‘ ag‘darilgani»ni sezish mumkin edi.

Foto: Getty Images

Hali saylovning yakuniy natijalari e’lon qilingani yo‘q, Vakillar palatasida respublikachilar ko‘proq ovoz olishi kutilayotgan bo‘lsa-da, Baydenning so‘zlariga ko‘ra partiyasi «katta qizil to‘lqin»dan qochishning uddasidan chiqqan. Vaholanki tahlilchilar saylovlarda respublikachilar katta ustunlik bilan g‘alaba qozonishini taxmin qilayotgandi.

Demokratlar asosiysi senatda ustunlikni saqlab qolish uchun yaxshi imkoniyatga ega. Hozircha ovozlar 48 ga 48 ko‘rinishida taqsimlangan. Oraliq saylovlarda AQSh hukmron partiyasi (hozirda demokratlar) odatda nazoratni raqobatchi partiyaga boy berishadi. Bu esa Kongressdagi ustunlikni yo‘qotish tufayli aksar tashabbuslarni amalga oshirishni qiyinlashtirib yuboradi.

AQShda inflatsiya oxirgi 40 yillikda eng yuqori ko‘rsatkichga yetgan, Jo Baydenning reytingi keskin pastlagan bir vaqtda respublikachilar har ikki palatada katta ustunlik bilan g‘alaba qozonishga umid qilishi mumkin edi. Ammo bunday bo‘lib chiqmadi va bu ko‘plab tahlilchilarning hayratini keltirib chiqardi.

Ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, AQSh Oliy sudi ayollarning abort qilish huquqini har bir shtatning o‘zi hal qilishi kerakligi to‘g‘risida qaror chiqargani saylov natijalariga ta’sir qilgan.

Jo Bayden saylov natijalaridan keyin yengil tin olganini tan oldi. Chunki natijalar tahlilchilarning prognozlari emas, prezidentning optimistik qarashlari o‘zini oqlaganini ko‘rsatdi. Natijalar Baydenni shunchalik xursand qilib yubordiki, kelasi yil 80 yoshga to‘ladigan siyosatchi 2024 yilgi saylovlarda ham ishtirok etishini ma’lum qildi: «Biz yana saylovda qatnashamiz, rejalashtirganimiz kabi».

Saylov natijalarini hisoblash davom etmoqda. Respublikachilar Vakillar palatasida ustunlikka erishishga imkon beradigan darajada ko‘p o‘rinlarni qo‘lga kiritishga yaqin. Juma kungi holatga ko‘ra kerakli 218 ovozni to‘plash uchun atigi 7 ta ovoz yetmayapti – respublikachilarda 211, demokratlarda 197 ovoz kafolatlangan.

Kongressdagi ikki palataning har qaysisida ustunlikka erishish Bayden ma’muriyati tomonidan taklif qilinayotgan qonun va takliflarni bloklash imkonini beradi. Qo‘shimchasiga Bayden ma’muriyati ustidan istalgan vaqtda parlament surishtiruvi boshlanishi mumkin. Bayden esa siyosiy raqiblari bilan hamkorlik qilishga tayyorligini aytdi. Keyingi haftada ikki fraksiya vakillari bilan uchrashishi kerak.

Shuningdek, Bayden respublikachilar tomonidan o‘tkaziladigan surishtiruvlarni jiddiy qabul qilmaydi, o‘z ta’biri bilan aytganda «komediya kabi qabul qiladi».

Senat ustidan nazoratni hali ovozlar hisoblab bo‘linmagan shtatlarda g‘alaba qozongan partiya qo‘lga oladi. Arizona, Jorjiya va Nevadada hali ovozlar hisoblab bo‘linmagan. Jorjiya qonunchiligiga ko‘ra, bo‘lajak senator saylovchilarning kamida 50 foiz ovozini olishi kerak. Buni esa amaldagi senator Rafael Uornok ham, uning raqibi Hershel Uoker ham uddalay olmagan. Endi ular ikkinchi ikkinchi tur saylovlarida kurash olib boradi. Natijalar esa dekabrda aniq bo‘ladi.

Respublikachilar uchun eng yoqimli g‘alaba Nyu-Yorkda qayd etildi. U yerda respublikachi nomzod amaldagi kongressmen Shon Patrik Malouni mag‘lub eta oldi. U demokratlar partiyasining saylovoldi kampaniyasiga boshchilik qilayotgandi.

Demokratlar uchun esa Pensilvaniyadagi g‘alaba qadrli bo‘ldi. U yerda amaldagi respublikachi deputatning g‘alabasi deyarli kundek ravshan edi. Oxir-oqibat esa yaqinda insultni boshidan o‘tkazib, tiklanish jarayonida bo‘lib turgan demokrat Jon Fetterman g‘alaba qozondi. Tahlilchilar fikricha, Pensilvaniyada amaldagi kongressmenning mag‘lubiyatiga Tramp uni faol qo‘llab-quvvatlagani ham sabab bo‘lgan. Sobiq prezidentning qo‘llovi uning reytingini oshirmay, aksincha tushirib yuborgan.

Oraliq saylovlarda respublikachilar katta ustunlik bilan g‘alaba qozonsa, Tramp tezda keyingi saylovda ishtirok etishi haqida gapirishi kutilgandi, ammo AQSh sobiq prezidenti hozircha keyingi haftada «katta bayonot berishi»ni aytish bilan cheklandi, xolos.

Trampning yordamchilaridan birining so‘zlariga ko‘ra, unga keyingi saylovlarda ishtirok etish qarorini e’lon qilish uchun natijalar rasman tasdiqlanishini kutishni maslahat berishgan.

Tramp tomonidan rasman qo‘llab-quvvatlangan respublikachilar oraliq saylovlarda o‘rtacha olganda ancha yomon ishtirok etgan. Tramp tomonidan Pensilvaniya va Michigan gubernatorligi uchun tavsiya qilingan nomzodlar saylovda yutqazdi. Tramp saylovlar «u kutganiday bo‘lmagani»ni tan oldi, ammo bu katta g‘alaba bo‘lganini ham ta’kidladi.

Mavzuga oid
Top