14:37 / 11.11.2022
38600
“Bolam azoblanishini ko‘rishdan ortiq sinov yo‘q” - farzandining dardini o‘ziga tilayotgan onalar nolasi

Hech kimni farzandiga dard berib sinamasin ekan. Joni og‘riyotgan bolasini ko‘rib ota-ona undan-da ko‘proq azoblanadi. Yordam berolmaslikdan o‘rtanadi. Imkonini topsa-yu, bolasiga azob berayotgan og‘riqlarni, dardni o‘ziga olsa.

“Bu darddan qutulsak, yana boshqasi kutib turibdi”

Muhammad Nilufarning birinchi farzandi. Yer-u ko‘kka ishonmay katta qilib, bog‘chaga beraman deb turgan bir vaqtida o‘g‘lining tobi qochdi. Dori-darmonlar kor qilmadi. Tekshiruv natijalaridan uch yashar bolakayning oqqon bilan xastalangani ma’lum bo‘ldi.

“Hozir bu darddan tuzalib chiqsak yana bir dard kutib turibdi. Shu kasallik natijasida burnining o‘rtasidagi devori chirib ketibdi. U ham murakkab operatsiya ekan. Juda ko‘p mazasi qochib qolyapti. Yaqinda ko‘ziga virus tushib qoldi. Endi har safar shamollaganda bu virus takrorlanib, avj olaverar ekan.

Kechasi bilan oyoq-qo‘llari og‘rib, dodlab chiqadi. Uning azoblanishini ko‘rishdan ortiq azob yo‘q. Qaniydi, uning dardini olsam, bolam azoblanmasa. Alloh shu dardni suyib berdi, suyib shifosini ham bersin”, - deydi Nilufar ko‘zi og‘rib injiqlanayotgan bolasini bag‘riga bosgancha.

Muhammad Naziraliyevga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0610 4293 0940 onasi Nilufar Muxtorova nomida

Manzil: Farg‘ona viloyati, Bag‘dod tumani, Obod ko‘chasi 123-uy

“Otasining sochlari oqarib ketdi”

Ko‘zlari munchoqdek, o‘zi qo‘g‘irchoqdek qizaloqni ko‘rib, havasingiz keladi. Xudo shunday shirintoyga katta sinov — og‘ir dard berganini eshitib, ichingiz achiydi. Shahzodani birinchi marta “ximiya”ga olib kirib ketishayotganda doktorlar ota-onasidan tilxat yozdirib  olishadi. Chunki umid juda kam edi.

“Boshida bitta “ximiya”danoq bolamning ahvoli og‘irlashib qoldi. Sochlari to‘kilib ketdi. Yurolmay qoldi. Og‘zi qon. Ikki haftagacha hech narsa yeyolmadi. Xudoga shukur, hozir yaxshi. Ilik ko‘chirib o‘tkazish kerak, deyishyapti. Lekin unga juda ko‘p mablag‘ kerak ekan.

Bir yil davomida davolanishi uchun topganimizni, mol-hollarimizni sotdik. Faqatgina qaynona-qaynotam yashaydigan uyimiz qoldi. Hozir o‘zimiz Toshkentda ijarada turamiz. Chunki qizimni tinmay davolatishimiz kerak.

Dadasi kunlik ishga chiqadi. Erkak kishiga juda qiyini ekan. Bolang dard cheksa-yu, pul topib berolmasang, xotining, bolangning ko‘zlariga qarolmay qolarkansan. Bir yilga qolmay soch-soqoli oqarib ketdi”, - deydi Sevara opa ko‘z yoshlarini berkitib.

Shahzoda Alijonovaga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0610 2758 6386 onasi Sevara Tojiboyeva nomida

Manzil: Namangan viloyati, Chust tumani, Ahcha ko‘cha mahalla. 15-uy

“Hech bir onani farzand bilan sinamasin ekan”

O‘zi kichkina Sherozbek sura aytganida tillari biyron bo‘lib ketadi. Katta bo‘lganingda kim bo‘lasan, desangiz prezident deb javob beradi. Shifoxonada doktor prezident deb yozib bergan “beyjik”ni osib yuradi. Beixtiyor Yaratgandan shifo tilaganingizni sezmay qolasiz.

“Hech bir onani farzand bilan sinamasin ekan. Bolamni mazasi bo‘lavermadi. Limfa tugunlari ishib ketdi. Doktorlar kesib ko‘rishdi. Ancha vaqt davolashdi. Lekin natijasi bo‘lmadi. Bu hol qaytalayvergach leykozga analiz topshiringlar, deyishdi.

Shaharga olib borib tekshirtirsak tasdiqlab berishdi. Farg‘onada yo‘lga chidamaydi, issig‘i bor, Toshkentga tez yordam mashinasida olib ketish kerak deyishdi. Xudoga tavakkal qilib uyga olib keldim. O‘rtoqlarini chaqirdim. O‘zi yaxshi ko‘rgan joylarga olib borib o‘ynatdim.

Shifoxonada yotaverib qiynalib ketdi. Bolalar bilan o‘ynasa, dardi nari ketadigandek, bolam tuzalib qoladigandek tuyildi. Ertasi kuni Toshkentga olib keldim. Yo‘lda issig‘i ko‘tarildi. Yetkazib olib borolmaymanmi, deb juda qo‘rqdim. Terga pishib ketdi.

Xudoga shukur, davolanish kurslarini olib ahvoli ancha yaxshilandi. Endi davolanishni davom ettirishimiz kerak. Dadasi kunlik ishlarga chiqadilar. Farg‘onada yotganimizda ham qarz-havola qilgandik. O‘zim hamshiraman. Bolam xastalanib qolganidan beri ishga chiqolmayapman”, - deydi Dilnoza o‘zini yig‘idan to‘xtalolmay.

Sherozbek O‘tanboyevga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0604 9640 1754 Onasi Dilnoza Aminjonova nomida

Manzil: Farg‘ona viloyati, Oltiariq tumani, G‘ayrat Ezgulik 117.

“Ustachilik bilan davolatib bo‘lmas ekan”

Kumush tinimsiz shamollab qolavergach, shifokorga ko‘rsatishadi. Davolanishlar natija bermaydi. Analizlar qizaloqning oqqon xastaligi bilan og‘riganini ko‘rsatadi. Ota-ona farzandini davolatish uchun Buxorodan Toshkentga ko‘chib kelishadi.

“Yomon mazasi qochdi. Otasi ikkimiz ham qo‘rqib ketdik. Shu yoshgacha oqqon bolalarda uchrashi mumkinligini tasavvurimga ham sig‘dirmagan ekanman. Eshitib stressga tushib qoldim.

Dadasi usta. Ustachilikdan davolatib bo‘lmas ekan. Topgan puli ijara, oziq-ovqat, dori-darmonga ketib qoladi. Ximiya olganda joni og‘riydi. Mazasi bo‘lmay qoladi. Maktabga ham chiqolmadi. Tengdoshlari chopqillab yurganini, maktabga borishganini ko‘rib o‘ksinadi. Ular bilan o‘ynagisi, maktabga borgisi keladi.

Bolangizning joni og‘riganini ko‘rishdan og‘irroq alam bo‘lmas ekan. Ko‘rib turasiz, qo‘lingizdan hech narsa kelmaydi. Bolamning sog‘lom hayotga qaytishi eng katta orzum”, - deydi onaizor o‘kinch bilan.

Kumush Abdurazzoqovaga oid ma’lumotlar:

Humo: 9860 0301 1281 6282 onasi Gulnoza Nayimova nomida

Manzil: Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Yangi turmush MFY, 20-uy

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Top