17:40 / 11.11.2022
10611

Ko‘p miqdorda sintetik narkotik bilan qo‘lga tushgan 24 yashar talaba va 28 yashar ayol 5 yilga qamaldi

Tezkor tadbir paytida qo‘lga tushgan ayollarning yonidan 16 ta flakonda “Tropikamid”, 2 dona yelim flakonda rangsiz suyuq modda, 140 dona “Regapen” topilgan.

Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari DXX Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda 2022 yil 5 yanvar kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1998 yilda tug‘ilgan talaba qiz va 1994 yilda tug‘ilgan ayolning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilgan. Tekshiruv paytida xonadonda saqlab kelinayotgan 16 dona flakonda “Tropikamid” nomli, 140 dona “Regapen” nomli dori vositalari, 2 dona yelim falkonda rangsiz suyuq modda hamda 31 dona “Tropikamid” yozuvli bo‘sh flakon mavjudligi aniqlangan.

Shundan so‘ng har ikkala ayol kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish jinoyatini sodir etishda ayblanib, ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Sud-kimyoviy ekspertizasi gumonlanuvchilarning yonida topilgan moddalar pregabalin, tropikamid moddalari ekani va ular “O‘zbeksiton Respublikasida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish to‘g‘risidagi” 818-sonli hukumat qarorida ko‘rsatib o‘tilgan kuchli ta’sir qiluvchi moddalar turkumiga kirishini tasdiqlagan.

“Aviatsiya yo‘nalishida bo‘yicha oliy ta’lim olaman. Ota-onam bu yo‘lga kirib qolganimni bilmaydi. Jarohat olganim ta’sirida burnim bir necha yillardan beri bitib qolardi. Keyin shuni sepib ko‘rsa ochila deb eshitdim. Shu paytgacha 5-6 marta ishlatganman. Qilgan ishimdan pushaymonman. Boshqa bu moddalarni qabul qilmaslikka so‘z beraman. Bir marta imkoniyat berishingizni so‘rayman”, deydi sudda 24 yashar talaba qiz.

“Erim bilan ajrashganman. Dorilarni ko‘chadan, qo‘ldan, o‘zimiz iste’mol qilishimiz uchun olganmiz. Farzandimdan ayrilganimdan so‘ng shunga bog‘lanib qolganman. Ota-onam yaqin-yaqingacha bilmasdi. Qo‘lga olinganimdan keyin shu yo‘lga kirib qolganimni bilishdi”, deydi 28 yashar sudlanuvchi ayol.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi hukmiga ko‘ra, JKning 251-1-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan sudlanuvchilar 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Top