10:49 / 11.11.2022
4147

Mirziyoyev har yili Xalqaro turkiy iqtisodiy forumni o‘tkazishni taklif etdi

TDT sammitida chiqish qilayotgan Sh.Mirziyoyev tashkilotga a’zo mamlakatlarning o‘zaro tovar aylanmasi umumiy tashqi savdoning atigi 4 foizini tashkil etib, qolgani uchinchi davlatlar ulushiga to‘g‘ri kelishini ta’kidladi va bunday holat hech kimni qoniqtirmasligiga urg‘u berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Davlatlarimiz orasida ayrim import bojxona tariflari ham yuqori bo‘lib qolmoqda. Bu strategik yo‘nalishda vaziyatni tubdan o‘zgartirish, savdo, investitsiya va xizmatlarning erkin harakatini ta’minlash uchun, Tashkilotimiz doirasida «Yangi iqtisodiy imkoniyatlar hududini»ni barpo etish tashabbusini ilgari suramiz», — dedi Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyev Tashkilotga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlar hamda dunyo yetakchi biznes vakillarini keng jalb qilgan holda, har yili Xalqaro turkiy iqtisodiy forumni o‘tkazishni taklif etdi.

«Biz Qo‘shma investitsiya fondini ishga tushirish taklifini ham to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Transkaspiy xalqaro koridori haqida ko‘p gapiryapmiz, ammo sezilarli natijalarga erishish uchun ancha ishlar qilishimiz kerak. Misol uchun: O‘zbekiston ushbu transport yo‘lagi orqali 10 foiz tashqi savdo yuklarini tashimoqda», — dedi Mirziyoyev.

«Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida yaqinda joriy etilgan avto-transport elektron ruxsatnomalari almashish tizimiga Tashkilotimiz davlatlarini ham qo‘shilishga chaqiramiz», — Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyev kelgusi yili yurtimizda Turkiy dunyo yoshlarining ilm va innovatsiyalar xalqaro kongressini o‘tkazishni taklif qildi.

«Men bugun O‘zbekistonning Turkiy madaniyat xalqaro tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lganini e’lon qilishdan mamnunman.O‘zining 30 yilligini nishonlayotgan tashkilot doirasida kelgusi yili Turkiy xalqlar madaniyati festivalini o‘tkazish taklifini to‘liq ma’qullaymiz», — dedi Mirziyoyev.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni har yili berib borishni taklif etdi.

Mavzu
Samarqandda Turkiy davlatlar sammiti
11 noyabr kuni Samarqandda Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining yig‘ilishi tashkillashtirildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top