11:41 / 13.11.2022
11589

«O‘zbekiston – «Tolibon»ga nisbatan «yaxshi politsiyachi» vazifasida» – Siyosatshunos toliblarga nisbatan turlicha qarashlar haqida

Agar O‘zbekiston «Tolibon» bilan aloqani yo‘lga qo‘ymasa, tashqi dunyo Afg‘onistonga qo‘llayotgan biror «paket»ga qo‘shilishi kerak bo‘ladi. Lekin qo‘shni davlat bilan to‘qnashmaslik uchun O‘zbekiston bu bosimlarga qo‘shila olmaydi. Kollektiv G‘arbda «yomon politsiyachi» bo‘lib, shart qo‘yish imkoniyati bor, O‘zbekistonda esa yaqin qo‘shni bo‘lib ularni ishontirish imkoniyati bor, deydi Kamoliddin Rabbimov. 

Yaqinda Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok O‘zbekistonga tashrif buyurdi. U tashrif davomida «Tolibon»dan aziyat chekayotgan minglab afg‘onistonliklarni O‘zbekiston orqali olib chiqib ketish masalalarini muhokama qilganini bildirdi.

Nemis rasmiysi «Tolibon»ga nisbatan O‘zbekiston yuritayotgan siyosat haqidagi Vladimir Norovning nutqidan so‘ng, bu masalada Germaniya O‘zbekiston bilan hamfikr emasligini ta’kidladi. Nima deb o‘ylaysiz, nega Germaniya «Tolibon»ga qarshi pozitsiyada?

– Aslida, Kollektiv G‘arb va O‘zbekistonning pozitsiyasini bitta pozitsiyaning ikkita katta qismi deyishimiz mumkin. O‘zbekistonda tanlash imkoniyati mavjud emas. Chunki Afg‘oniston bizning qo‘shnimiz. Istaymizmi, yo‘qmi, bu hokimiyatga kelgan real voqelik. O‘zbekiston «Tolibon»ga nisbatan «yaxshi politsiyachi» rolini o‘ynayapti. U bilan muttasil aloqada, ularni transformatsiya bo‘lishiga muttasil ishontirishga harakat qilyapti.

Kamoliddin Rabbimov

Shu bilan birga tashqi dunyo qo‘ygan shartlarni O‘zbekiston albatta istaydi. Ya’ni butun tashqi dunyo «Tolibon»ga nisbatan bir qancha fundamental shartlar qo‘ygan. Birinchisi, tashqi dunyodagi terroristik va ekstremistik guruhlar bilan aloqalarni uzish va ularni hech bir shaklda qo‘llab-quvvatlamaslik. Ikkinchidan, «Tolibon» hokimiyatda inklyuziv boshqaruvni shakllantirishi kerak. U yerdagi har xil etnik guruhlarga hokimiyatdan joy berishi kerak. Gender masalasida ayollarga ham kengroq imkoniyatlar berilishi kerak. Jumladan, sobiq hokimiyat vakillariga ham hokimiyatdan joy berishi kerak. Bu talablarning bajarilishi O‘zbekiston manfaatlariga to‘liq javob beradi.

O‘zbekistonning «Tolibon» bilan aloqa qilishdan birinchi maqsadi – geosiyosiy mustaqillik. Agar biz ular bilan aloqani yo‘lga qo‘ymasak, tashqi dunyo qo‘llayotgan biror paketga qo‘shilishimiz kerak bo‘ladi. Amerika bilan desangiz, ular 20 yil «Tolibon» bilan urishgan, munosabatlar tarang. Demak, Rossiyaning paketiga qo‘shiladigan bo‘lsak, ruslar «janubdagi tahdid» bahonasida Markaziy Osiyoga geosiyosiy bosim qilishadi. Rossiyaning birinchi sharti O‘zbekiston KXShTga qo‘shilishi kerak, deydi. O‘zbekiston o‘z neytralligini saqlab qolish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri «Tolibon» bilan muloqot olib bordi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning Afg‘oniston orqali katta bir logistika loyihalari mavjud. U yerda etnik o‘zbek guruhlari bor va ularga bosim bo‘lmasligi uchun ham «Tolibon» bilan gaplashishi kerak. Bu O‘zbekistonning strategik manfaatlariga to‘g‘ri keladi. Lekin agar tashqi dunyo «Tolibon»ga nisbatan bosimni pasaytirsa, O‘zbekiston tanlagan strategiya o‘z ahamiyatini yo‘qota boshlaydi. Agar ular bosimni davom ettirsa va inklyuziv hokimiyat rivojlansa va ijtimoiy portlashlarning oldi olinsa, bu O‘zbekiston manfaatlariga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekiston qo‘shni davlat bilan to‘qnashmaslik uchun bu bosimlarga qo‘shila olmaydi, lekin g‘arbning shartlari bajarilishidan manfaatdor. O‘zbekistonning vazifasi «Tolibon»ga nisbatan «yaxshi politsiyachi» bo‘lish. Kollektiv G‘arbda imkoniyat bor. «Yomon politsiyachi» bo‘lib, ularni qo‘rqitish. O‘zbekistonda esa yaqin qo‘shni bo‘lib ularni ishontirish imkoniyati bor.

Afg‘oniston bo‘yicha Toshkentda bo‘lgan tadbirlarda ham O‘zbekistonning yirik mulozimlari xalqaro hamjamiyat shartlarini «Tolibon»ga eslatishdi. Lekin, O‘zbekiston bu shartlarni aytayotganda, AQSh yoki Germaniya kabi to‘g‘ridan to‘g‘ri bosim sifatida unga ohang bera olmaydi. Chunki ular qo‘shnimiz, diplomatik munosabatlarga salbiy tus kiradigan bo‘lsa, O‘zbekistonning «Tolibon»ga yumshoq ta’sir qilish imkoniyati yo‘qoladi yoki pasayib ketadi. 

To‘liq intervyu bilan yuqoridagi videoda tanishish mumkin.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi: Abduqodir To‘lqinov.

Top