15:21 / 14.11.2022
9061
Fermerda nima bor, fermerda nima yo‘q... Bizda taklif bor

O‘zbekistonda 92 mingga yaqin fermer bor, lekin ular ishtirokida yanvar-sentabr oylarida sudlarda ko‘rilgan nizolarning soni 40 mingdan oshadi. 91 foiz sudlarda fermerlar javobgar sifatida qatnashgan. Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Nuriddin Murodov huquqi toptalayotgan fermerlarni himoyalashga sudlarni kengroq jalb etish bo‘yicha ikkita taklifni ilgari surdi.

Foto: Kun.uz

Cud majlisi...

“To‘g‘ri, men fermer xo‘jaligi ishlarini xat-hujjat bo‘yicha noto‘g‘ri, risoladagiday qilmagandirman, lekin shu belgilangan namuna shartnomalarga o‘qib-o‘qimay, tushunib-tushunmay imzo qo‘ydim, hokim boboning topshiriqlarini bajardim, agroxizmatning, neftbazaning, bankning, sug‘urta tashkilotining aytganini qildim, shunday bo‘lsa-da, rejadagi hosilni ming azobda yetishtirdim yoki bularning aybi bilan – sug‘urta hodisasi bo‘ldi yo bank kreditni vaqtida bermadi yoxud yoqilg‘i vaqtida berilmadi, o‘g‘itni-ku gapirmang, shartnomada ko‘rsatilgan o‘g‘itning yarmini ham olganim yo‘q, “vedomost”ga to‘liq oldim, deb imzo qo‘yganman, menga berilgan yerni mana shuncha qismi allaqachon boshqaga o‘tib ketgan, shuning uchun belgilangan hosilni yetishtira olmadim.

Kadastrga bordim, klasterga bordim, hokimga bordim, quruq gap, natija yo‘q... Sudga berdim, berishdi (fermer da’vogar bo‘lsa, boshqa tashkilotlarni sudga bergan, fermer javobgar bo‘lsa, uni boshqa tashkilotlar sudga berishgan).

Qozi bobo, mana, sug‘urta bilan sudlashyapman, hamma yaxshi biladi, biror marta sug‘urta o‘z ixtiyoriy bilan sug‘urta tovonini to‘lab berganmi? To‘lamaydi, shartnomada unday joyi bor, bunday joyi bor, imzolagansiz, deydi. Imzolagan bo‘lsam, mayli, lekin sug‘urta hodisasi bo‘ldimi, ekinlarimni shamol uchirib ketdimi, nobud qildimi, yana nima kerak sug‘urta hodisasi bo‘lishi uchun? Dalolatnoma deydi, balo deydi, hamma bilgan hodisa, shamol nafaqat ekinlarni, balki shu hududdagi aholi uyining tomlarini ham uchirib ketdi-ku, shu holatda ham dalolatnoma tuzmaganim, xulosa olmaganim, sug‘urta oladiganlar ro‘yxatida bo‘lmaganim mening aybimmi?..

“Tomchilatib sug‘or”, deydi. Majburlab kredit shartnoma qildirdi, tenderda yutgan bir tashkilot tomchilatib sug‘orish uchun zarur uskunalarni olib kelib tashladi, men endi kredit to‘lashim kerak. Axir tomchilatib sug‘oradigan uskunani ishlatmadim-ku, uskunalarni ulash uchun suv manbayi ham yo‘q-ku, buni kim e’tiborga oladi.

“Shartnoma tuz, bo‘lmasa, yerni topshir”, dedi, shartnoma tuzdim, tomchilatib sug‘orishni yo‘lga qo‘yganimda ham alam qilmasdi, buni yo‘lga qo‘yish mening qo‘limdamas-ku, suv manbayiga ulab berishmayapti, suv yo‘q, demak, shartnomani men buzmaganman, nima uchun men kredit to‘lashim kerak?

Qozi bobo, men tushunmadim, shartnomaga imzo qo‘ygan bo‘lsam, voyaga yetgan bo‘lsam, yuqorida aytganimday, “xat-hujjat”ga no‘noq bo‘lsam, bu qog‘oz ishini to‘g‘ri qilmagan bo‘lsam... Kredit ol, kreditga kafil bo‘l, deyishdi, kredit oldim, kafil bo‘ldim, lekin birovning pulini yemadim, halol ishlab oila boqyapman, hamqishloqlarni ish bilan ta’minlaganman, sayyor sud qilib ko‘ringlar, haqiqatan ham sovuqni-sovuq, issiqni-issiq, demay ishlaganman, “kattalar” nima desa xo‘p deganman, yo‘q demaganman, homiylik ham qilganman kerak bo‘lsa, lekin zararni ham men to‘laymi, dardimni sud bo‘lib sizlar eshitmasangiz, kim eshitadi?

Adolat degani shu shartnomalarga imzo qo‘yganim, qonunni bilmaganim, kimningdir aytganini qilganim, topshiriqni bajarganimga qarab qolmagandir. Men haqman, bilib turibsizlar, sud sizlar, adolatni tiklab beringlar, deb keldim”.

Sud majlisi zallaridagi mana shu kabi so‘zlarni bevosita o‘zi yoki bevosita bo‘lmasa ham tanish-bilishlaridan bo‘lsa-da, eshitganlar bormi? Bor albatta...

40 304 ta nizo...

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizda 91 832 ta fermer xo‘jaligi faoliyat yuritadi.

Joriy yilning 9 oyi davomida respublika iqtisodiy sudlar tomonidan fermer xo‘jaliklari ishtirokida 40 304 ta nizo ko‘rib chiqilgan.

Demak, 9 oyda deyarli har ikki fermerning birida iqtisodiy nizo bor, yil oxirigacha va yil yakuni sarhisobidan so‘ng bu ko‘rsatkich yanada ortishi tayin.

E’tiborlisi esa ushbu nizolarning 36 524 tasida fermer xo‘jaliklar javobgar, 3780 tasida fermer xo‘jaliklar da’vogar sifatida ishtirok etgan.

Fermer xo‘jaliklariga nisbatan berilgan da’volarning 32 573 (89%) tasi qanoatlantirilgan. Sudga murojaat qilgan fermer xo‘jaliklarining esa 2 965 (78%) ta da’vosi qanoatlantirilgan.

Sudlar tomonidan 9 oyda 40 304 ta nizoda fermer xo‘jaliklaridan da’vogarlar foydasiga 1 trillion so‘m atrofidagi mablag‘ undirilishi belgilangan.

Aytish lozimki, Toshkent shahrida fermer xo‘jaliklari yo‘q, Toshkent tumanlararo sudida ham fermer xo‘jaliklari ishtirokida nizo ko‘riladimi, degan haqli savol ham bo‘lishi mumkin.

Gap shundaki, bank, sug‘urta va mahsulot yetkazib beruvchi, mahsulotni qabul qiluvchi taraflar yoki ulardan biri Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan yoki ular o‘rtasidagi shartnomalarda nizo Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida ko‘rilishi belgilangan holatlar ham afsuski ko‘p. Shu bois Toshkent shahrida ham fermer xo‘jaliklari va boshqa tashkilotlar o‘rtasidagi nizolar ko‘rib chiqiladi.

Tahlil

Endi fermer xo‘jaliklari ishtirokidagi nizolarni tahlil etib, asosiy masalaga qaytsak, ya’ni fermerda nima bor, fermerda nima yo‘q, bizda taklif bor...

Shu o‘rinda Imom G‘azzoliy hazratlarining quyidagi ibratli so‘zlarini yodga olish maqsadga muvofiq: “Fikr bildirganda, munozaraga kirishganda, menimcha, mening fikrimcha”, deb boshlang.

Albatta, mening shaxsiy tahlillarimga ko‘ra, fermerda nima bor?

Fermerda “Fermer xo‘jaliklari to‘g‘risida”gi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Yer, Fuqarolik kabi O‘zbekiston Respublikasi kodekslari va boshqa qonunlar bor.

Fermerda ular faoliyatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri daxldor, lekin doim o‘zgarib turadigan, fermerlardan so‘rab-so‘ralmay qabul qilinaveradigan qonunosti hujjatlar va turli dasturlar bor.

Fermerda namuna shartnomalari, ular manfaatini to‘la ifodalamaydigan kontrataksiya, kredit, lizing, sug‘urta shartnomalari, shuningdek, narxi fermerdan so‘rab o‘tirilmaydigan o‘g‘it, yoqilg‘i, urug‘lik, sug‘orish uskunalariga oid va boshqa shartnomalar bor.

Fermerda ayrim majburiy ixtiyoriy kredit va sug‘urta shartnomalari bor.

Fermerda hokimlik bor, ularga yordam beradigan yo ular ishiga aralashib, shartnomaviy erkinligini buzadigan yoki yig‘im-terim payti fermerlarga topshiriq beradigan, yerni topshirishga ariza yozdirib oladigan.

Fermerda qozi bor, shartnomaning bir tomonini imzolagan hokimni yo boshqa bir mutasaddini biror marta sudga keltirmagan.

Shu bilan birga, fermerda otning kallasidek kredit bor. Shunga yarasha kreditni yopmay turib, to‘y qilib, ming kishiga osh beradigan, farzandini oshirilgan kontraktda o‘qitadigan mas’uliyat bor.

Alqissa, fermerda toza yurak, samimiy munosabat, mashaqqatli mehnat bor, asosiysi, ko‘p hosil olaman, oziq-ovqatni ko‘paytiraman, ish o‘rnini oshiraman, hokim boboning ko‘ngliga yo‘l topaman, yerni o‘zimda saqlab qolaman, xalqning turmushini yaxshilayman, yurt ravnaqiga hissa qo‘shaman, degan ezgu niyat, aniq maqsad bor.

Fermerda nima yo‘q?

Fermer shartnomalarida to‘la teng huquqlilik, erkinlik yo‘q, raqobat yo‘q, shartnomada fermerga huquqdan ko‘ra, majburiyat va shart ko‘p.

Fermerda shunday bir sug‘urta tashkiloti yo‘q: mard bo‘lib, sug‘urta tovonini ortiqcha ovoragarchiliksiz to‘lasa.

Fermerda shunday bir kafolat yo‘q, u oldindan belgilangan va tomchilatib sug‘orish uskunalarini yetkazib beruvchi hamda tenderda yutgan tashkilot va bank bilan uch tomonlama kredit kelishuvini imzolab, aslida ulanish uchun suv manbayi aniq bo‘lmagan uskunalar uchun kredit to‘lamasa.

Fermerda hokim yo‘q – unga topshiriq bermaydigan, uni majlislarga chaqirmaydigan, vakolati bo‘lmasa-da, ma’muriy yo‘l bilan uning shartnomalarini yig‘ilishlarda muhokama qilmaydigan.

Fermerda uning faoliyatiga oid qonunlarda shunday bir qat’iy norma yo‘q – fermer faoliyatiga aralashgan rahbar va mas’ullarni to‘g‘ridan to‘g‘ri jazolaydigan.

Fermerda qozi yo‘q, faqatgina qonunni qo‘llash bilangina cheklanib qolmaydigan, aybdorlarni jazolash choralarini ko‘radigan.

Fermerda shunday bir katta institut yo‘qki, uning faoliyatini ipidan-ignasigacha, iqtisodiy, ijtimoiy, huquqiy, siyosiy jihatdan ilmiy asoslantirilgan tarzda tahlil etadigan, professional tarzda monitoring va albatta natija qiladigan.

Taklif

Bilasizmi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 2-moddasida iqtisodiy sud ishlarini yuritishning 3 ta vazifasi belgilangan.

Ammo, yana bir muhim vazifa va maqsad borki, bu avvalo, arbitraj, xo‘jalik sudlari, undan keyin iqtisodiy sudlarning tashkil etilishidagi ko‘zlangan asosiy maqsad – jamiyatda iqtisodiy nizolarni yechish, hal etish bilan birga, ana shu nizolar yuzaga kelishidagi omillarni bartaraf etish, iqtisodiyot rivojiga, xususiy mulk, tadbirkorlikning taraqqiysiga to‘siq bo‘layotgan, pirovardida davlat iqtisodiy taraqqiyotiga salbiy ta’sir etayotgan g‘ov-to‘siqlarni bartaraf etishdir.

Shunday ekan, nafaqat fermer xo‘jaliklari o‘rtasidagi nizolarni, balki har bir toifa nizolarni sudlarda nazariy, ilmiy-tahliliy, amaliy-ilmiy tahliliy jihatdan umumlashtirish va tayyorlangan umumlashmani Oliy sud Plenumi muhokamasiga kiritish hamda uning natijasi o‘laroq umumlashmani normativ-huquqiy hujjat holatiga keltirib, ushbu hujjat bilan hukumat va boshqa tashkilotlarni hisoblashadigan yangi tizim institutini shakllantirish maqsadga muvofiq.

Chunki nizo kelib chiqish sababi, bunga ta’sir etuvchi omillarni, ularni bartaraf etish choralarini ham, ular yuzasida tavsiyalarni ham albatta sud biladi.

Demak, ikki taklif. Biri – Sudyalar maktabi faoliyatini takomillashtirish zamirida Sud tadqiqot institutini qaytarish maqsadga muvofiq.

Ikkinchisi, sud umumlashmalariga normativ-huquqiy hujjat maqomini berish orqali, iqtisodiy nizolar va ularni yuzaga keltirayotgan omillarni bartaraf etish yuzasidan hukumat va boshqa tashkilotlarga ko‘rib chiqishi majburiy bo‘lgan tavsiyalar berish hamda qonunlarga tuzatishlar kiritish masalasida hukumat va parlamentga axborot kiritishni “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida mustahkamlab qo‘yishdan iborat.

Albatta, yuqoridagilar fikrlardan fermerlar faoliyati sohasi faqatgina muammolardan iborat ekan, degan xulosa kelib chiqmasligi lozim.

Negaki, bu sohada amalga oshirilgan tizimli va keng qamrovli islohotlar, jumladan, dehqon xo‘jaligi, fermer xo‘jaligini shakllantirish, ular faoliyatining huquqiy asoslarini yaratish, moddiy-texnik baza, davlat ko‘magi, davlat kafolati, kooperatsiyalarni tashkil etish, klasterlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ko‘p tarmoqli fermerlar sinfini shakllantirish, ularni oziq-ovqat mahsulotlarini yaratuvchi ulkan kuchga aylanishigacha bo‘lgan davrdagi islohotlardan har birimiz boxabarmiz.

Bu islohotlar va ularning natijasi bo‘lgan yutuqlarimiz o‘zimizniki, ularni inkor etib bo‘lmaydi, lekin mavzu doirasidagi masalaning mohiyati – fermerlar faoliyatida yuzaga kelayotgan va sudlarda ko‘rilayotgan nizolarning oldini olish, hal etish, yechimining samarali, tizimli mexanizmlarini hayotga tatbiq etish orqali, iqtisodiyot rivojlanishiga ta’sir etuvchi omillarni bartaraf qilish borasida, xolos.

Nuriddin Murodov,
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi raisi

Mavzuga oid
Top