14:48 / 15.11.2022
5269

Fon der Lyayyen Rossiyaning energetika sohasidagi harakatlarini tanqid qildi

Moskva energetikadan qurol sifatida foydalanmoqda, deb ma’lum qildi Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen va Yevropa Ittifoqi kengashi rahbari Sharl Mishel. 

Foto: Getty Images

Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen Rossiyaning energetika sohasidagi harakatlarini keskin tanqid qildi. «Biz Rossiya o‘z gazini sotish o‘rniga yoqishni afzal ko‘rayotganini ko‘ryapmiz. Bu jahon energetika bozorlarida taqchillikni keltirib chiqaradi va narxlarning keskin oshishiga olib keladi», dedi seshanba kuni Indoneziyada bo‘lib o‘tgan G20 sammitining birinchi sessiyasida fon der Lyayyen. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, shu sababdan YeI Rossiyadan neft narxining yuqori chegarasini joriy etishni qo‘llab-quvvatlagan – bu past va o‘rta daromadli mamlakatlarga foyda keltiradi. 

«Ammo hozirgi vaziyatga eng yaxshi javobimiz toza energiyaga o‘tishni tezlashtirishdir», - deya qo‘shimcha qildi Yevrokomissiya rahbari. Uning ta’kidlashicha, bu - «energetika va iqlim inqirozlariga yagona javob», bu - dunyoning boshqa mintaqalari uchun katta imkoniyatlar ochadi. Kelgusi besh yil ichida Yevropa qayta tiklanadigan energiya manbalariga, xususan, vodorod energetikasiga kamida 4 milliard yevro sarmoya kiritadi, dedi Ursula fon der Lyayyen va bu yirik xususiy sarmoyalarni jalb qilishini qo‘shimcha qildi. 

Yevropa Ittifoqi kengashi rahbari Sharl Mishel ham Rossiyani tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva energiyadan qurol sifatida foydalangan va bu nafaqat Yevropa, balki butun dunyo iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. 

Top