14:37 / 15.11.2022
13169

Zelenskiy G20’ga Rossiya bilan tinchlikka erishish rejasini taqdim etdi

Kiyevning tinchlikka erishish rejasi, xususan, barcha asirlar va deportatsiya qilinganlarni ozod qilish, Ukraina hududiy yaxlitligini tiklashni o‘z ichiga oladi. Zelenskiy o‘z nutqida G20’ni G19 deb atadi. 

Foto: thejakartapost

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 15 noyabr, seshanba kuni G20 sammiti ishtirokchilariga videoaloqa orqali murojaat qilib, Ukrainaning Rossiya bilan tinchlikka erishish bo‘yicha takliflarini bildirdi. Kiyev tomonidan ishlab chiqilgan reja 10 bandni o‘z ichiga oladi:

1. Ukrainaning radiatsiyaviy va yadroviy xavfsizligini ta’minlash.
2. Ukrainaning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash.
3. Ukrainaning energetik xavfsizligini ta’minlash.
4. Barcha asirlarni va deportatsiya qilinganlarni ozod qilish.
5. BMT Nizomini amalga oshirish va Ukraina hududiy yaxlitligini tiklash.
6. Rossiya qo‘shinlarining Ukrainadan olib chiqilishi va harbiy harakatlar to‘xtatilishi.
7. Adolatning qaytishi.
8. Ekotsidga qarshi kurash.
9. Eskalatsiyaning oldini olish.
10. Urushning tugashini aniqlashtirish.

Shu bilan birga, Zelenskiy Rossiya tajovuziga yangi urinishlarning oldini olishga qaratilgan «urushdan keyingi xavfsizlik arxitekturasining asosiy elementlarini» birlashtirishi kerak bo‘lgan xalqaro organni yaratishga chaqirdi. Bundan tashqari, Ukraina rahbari yana bir bor xalqaro tribunal tashkil etishga chaqirdi, uning maqsadi Rossiyaning Ukrainadagi harbiy jinoyatlarida aybdorlarni javobgarlikka tortishdir. Volodimir Zelenskiy Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini Kiyev Xavfsizlik kelishuvida belgilashni taklif qildi, uning loyihasi allaqachon Kiyev tomonidan ishlab chiqilgan va hamkorlarga taklif qilingan.

Boshqa sohalardagi kelishuvlarni tuzatish uchun Volodimir Zelenskiy «g‘alla bitimi»ning ijobiy tajribasidan foydalanishni taklif qildi, o‘shanda ba’zi hujjatlar Ukrainadan kafolatlar bilan, boshqalarida esa - Rossiyadan kafolatlar bilan imzolangan. Ukraina prezidenti g‘alla eksporti tashabbusini boshqa portlarga, xususan, Mikolaiv viloyatidagi Mikolaiv va Olviya portlariga kengaytirishni taklif qildi.

Sammit ishtirokchilariga qilgan murojaatida Zelenskiy G20’ni «o‘n to‘qqiztalik guruhi» deb atadi, u Rossiyani a’zolikdan chiqarib tashlagan. Ukraina prezidenti «Rossiya rasmiylari tomonidan yadro quroli qo‘llanilishi ning tahdidlarini» qoraladi va sammit ishtirokchilariga, Rossiyadan tashqari, yadro qurolidan foydalanishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi masalasida birdamliklari uchun minnatdorchilik bildirdi: «Yadroviy shantajni oqlash mumkin emas. Buni aniq tasdiqlaganingiz uchun sizga, aziz G19’ga minnatdorchilik bildiraman». 

Ukraina prezidenti Rossiya Zaporijjya AESni «har qanday vaqtda portlashi mumkin bo‘lgan radioaktiv bomba»ga aylantirganini eslatib, hech narsa reaktorlar barqarorligiga tahdid solmasligi uchun Rossiyani atom elektr stansiyasidan barcha harbiylarini olib chiqishga chaqirdi. 

G20 sammiti Indoneziyaning Bali orolida bo‘lib o‘tmoqda. Uchrashuvda Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rniga Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ishtirok etmoqda.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top