21:56 / 16.11.2022
14258

Baland musiqa odamni kar qilishi mumkinligi aniqlandi 

Quloqchinlar orqali juda baland ovozda musiqa tinglash tufayli odamlarning eshitish qobiliyati keskin pasayishi mumkin. 

Foto: Getty Images

Karolina universiteti olimlari boshchiligidagi xalqaro guruh hisob-kitoblariga ko‘ra, 1,3 milliarddan ortiq yoshlar quloqchinlarda yoki konsertlarda juda baland ovozda musiqa tinglash tufayli kar bo‘lib qolishi mumkin. Tadqiqot natijalari BMJ Global Health jurnalida chop etildi. 

Olimlar 12 yoshdan 34 yoshgacha bo‘lgan 20 ming kishining eshitish qobiliyatiga baland ovozdagi musiqaning ta’sirini aniqlash bo‘yicha 33 ta tadqiqotni tahlil qildi. Ma’lum bo‘lishicha, ularning 50 foizi balandligi 112 detsibelgacha bo‘lgan musiqani muntazam tinglagan. 

Olimlarning ta’kidlashicha, 85 detsibeldan yuqori tovush darajasi eshitish qobiliyatiga zarar yetkazishi mumkin. Quloqchinlardagi juda baland musiqa ichki quloqqa, eshitish nerviga zarar etkazishi, soch hujayralari sonini kamaytirishi va oxir-oqibat eshitish qobiliyatini yo‘qotishga va karlikka olib kelishi mumkin. 

Yer yuzida 12 yoshdan 34 yoshgacha bo‘lgan 2,8 milliardga yaqin odam borligi inobatga olinsa, 670 milliondan 1,35 milliardgacha yoshlar eshitish qobiliyatini yo‘qotish xavfi ostida ekanligini taxmin qilingan. 

Top