16:32 / 17.11.2022
8517
Rossiya raketa zarbalari Ukraina gaz qazib olish obektlariga zarar yetkazdi

«Naftogaz Ukraina» davlat kompaniyasi mamlakat sharqidagi gaz qazib olish infratuzilmasiga yirik raketa hujumi oqibatida yetkazilgan zarar haqida xabar berdi. 

Foto: Reuters

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, «Ukrgazdobycha» AJning bir qancha obektlari vayron bo‘lgan va zarar ko‘rgan

«Ukrgazdobycha» mutaxassislari allaqachon shikastlangan obektlarga yetib borgan hamda hujum oqibatlari va ko‘lamini baholamoqda, deb ma’lum qildi «Naftogaz» boshqaruvi raisi Aleksiy Chernishov.

Bundan oldin Ukraina hududiga yana ommaviy raketa zarbalari berilgandi.

Ukraina bosh vaziri Denis Shmixalning ma’lum qilishicha, Rossiyaning payshanba kungi raketa hujumlari birinchi navbatda gaz ishlab chiqaruvchi korxonalarga, shuningdek, Dniprodagi «Yujmash» zavodiga qaratilgan.

O‘z navbatida, Dnipro meri Boris Filatovning so‘zlariga ko‘ra, raketa hujumi qurbonlari soni 8 kishini tashkil etdi.

Ukrainaning bir qancha Telegram-kanallari ma’lumotiga ko‘ra, Eronning kamida uchta uchuvchisiz uchog‘i Belarusdan Kiyev tomon yo‘l olgan. 

Vinnitsa viloyatida portlashlar haqida xabarlar bor, hozir u yerda havo hujumidan mudofaa tizimi ishlamoqda. 

Bundan tashqari, Kiyev viloyati uzra bir nechta qanotli raketalarning parvozi qayd etilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina poytaxti osmonida ikkita raketa urib tushirilgan. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top