10:02 / 17.11.2022
3667
Saudiya Arabistoni Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyalari qurishi mumkin 

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar vaziri Jamshid Xo‘jayev Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayan bilan uchrashdi.

Foto: Dunyo

Uchrashuvda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish va qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish sohasidagi investitsiya hamkorligini kengaytirish muhokama qilindi.

Tomonlar Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi negizida quvvati 1500 MVt bo‘lgan kombinatsiyalashgan siklli issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirilishini, Buxoro viloyatida quvvati 500 MVt bo‘lgan ikkita shamol elektr stansiyasini qurishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonini o‘rganib chiqdi. Rejalashtirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishni jadallashtirish va barcha loyihalarni tezroq ishga tushirish bo‘yicha aniq amaliy chora-tadbirlar ko‘rish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Kompaniya tomonidan O‘zbekistonda yangi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutgan holda investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish ko‘rib chiqildi. Qoraqalpog‘istonda quvvati 1,5 GVtgacha bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish imkoniyatlari to‘g‘risida fikr almashildi.

Ushbu loyihalar O‘zbekiston hukumatining 2030 yilga borib shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasini 30 GVtga yetkazishga qaratilgan mamlakat energetika balansini diversifikatsiya qilish dasturi bir qismi ekani ta’kidlandi. Loyihalarni amalga oshirish, chiqarilayotgan uglerod chiqindilarini yiliga 1,6 million tonnaga kamaytirishi va 2031 yilgacha mamlakat energiya quvvati 40 foizini qayta tiklanadigan energiyaga o‘tkazish maqsadlariga hissa qo‘shishi kutilmoqda.

Mavzuga oid
Top