23:08 / 17.11.2022
3921
Tanzila Norboyeva YeXHT bosh kotibi bilan uchrashdi 

16 noyabr kuni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) bosh kotibi Helga Shmid bilan uchrashdi. 

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Uchrashuvda O‘zbekistoning YeXHT bilan munosabatlari hozirgi holati va istiqbollari, xususan, xavfsizlik va barqaror rivojlanish sohalaridagi hamkorligi masalalari muhokama qilindi. 

Ta’kidlanganidek, bugun O‘zbekiston va YeXHT hamkorligi transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish, jamiyatni demokratlashtirish jarayonlarini takomillashtirish, davlat boshqaruvi samaradorligi va shaffofligini oshirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, yashil iqtisodiyot va atrof-muhitni muhofaza qilish tamoyillarini rivojlantirishga ko‘maklashish, inson huquqlarini himoya qilishni ta’minlash, gender tenglik tamoyillarini ilgari surish kabi dolzarb sohalarda rivojlanib bormoqda. 

Uchrashuvda hamkorlikning muhim yo‘nalishi hisoblangan parlamentlararo munosabatlar ham diqqat markazida bo‘ldi. Keyingi yillarda O‘zbekiston Oliy Majlisining YeXHT Parlament assambleyasi bilan o‘zaro hamkorligi sezilarli darajada faollashgani, o‘zaro aloqalar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida qayd etib o‘tildi. 

Shuningdek, Tanzila Norboyeva YeXHT bilan hamkorlikning yangi qadami sifatida Oliy Majlisning samaradorligi, shaffofligi va jamoatchilik bilan aloqalarni mustahkamlash uchun institutsional va kadrlar salohiyatini yaxshilashda ekspertlik va texnik ko‘mak ko‘rsatish yuzasidan birgalikda qo‘shma loyiha ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi. 

Helga Shmid tomonidan mazkur amaliy taklif to‘liq qo‘llab-quvvatlanib, bu borada YeXHT samarali hamkorlikka tayyor ekanligi bildirildi. 

Uchrashuv chog‘ida barcha mamlakatlar uchun kun tartibidagi muhim yo‘nalish – ekologiya va atrof-muhit masalalari, xususan, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va yashil iqtisodiyotni rivojlantirish borasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar ham ilgari surildi. 

Samimiy va konstruktiv ruhda kechgan uchrashuvda muhokama etilgan barcha masalalar bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olindi. 

Mavzuga oid
Top