07:05 / 17.11.2022
7547

Zelenskiy Kiyevni Polsha bo‘yicha surishtiruvga qo‘shishga chaqirdi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ukrainalik mutaxassislarni Polshadagi raketa qulashini tekshirishga jalb qilishga chaqirdi. 

Foto: president.gov.ua

Kiyevning pozitsiyasi «juda oshkora: biz barcha tafsilotlarni, har bir faktni aniqlashga intilamiz», dedi davlat rahbari vatandoshlariga kechki videomurojaatida. 

U Ukraina tomoniga Kiyev hamkorlari va portlash sodir bo‘lgan joydagi ma’lumotlardan foydalanish imkonini taqdim etishga chaqirdi. 

Shu bilan birga, Ukrainadan olingan barcha ma’lumotlar o‘z sheriklariga «to‘liq beriladi», dedi Zelenskiy.

15 noyabr kuni Ukraina bilan chegaradan 10 km uzoqlikda joylashgan Polshaning Pshevoduv qishlog‘i hududiga raketa qulashi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi. 

Ukraina prezidenti Rossiya raketasi Polshaga qulaganiga ishonch bildirdi. Polsha prezidenti Anjyey Duda portlagan raketa Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimiga tegishli bo‘lishi mumkinligini aytdi. 

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg brifingda voqea yuzasidan surishtiruv davom etayotganini va yakuniy natijalarni kutish kerakligini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, hodisaga, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya raketalariga qarshi Ukraina havo mudofaasidan foydalanilgani sabab bo‘lgan. 

«Ammo men aniq aytmoqchimanki, bu Ukrainaning aybi emas. Rossiya Ukrainaga qarshi noqonuniy urushni davom ettirayotgani uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi», deb ta’kidladi Shimoliy Atlantika alyansi bosh kotibi.

Bundan oldin Polsha Tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchisi Sergey Andreyevni Polshaning Ukraina bilan chegaradosh Pshevoduv qishlog‘ida yuz bergan portlash munosabati bilan chaqirtirgandi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top