21:27 / 20.11.2022
64476

Mundial taqvimi. Har bir jamoa haqida nimalarni bilish kerak?

Bugun, 20 noyabr kuni Qatarda futbol bo‘yicha jahon chempionati start oldi. Turnirning final bosqichiga yetib kelgan jamoalarning imkoniyatlarini baholaymiz.

A guruhi. Qatar, Ekvador, Senegal, Niderlandiya
V guruhi. Angliya, Eron, AQSh, Uels
C guruhi. Argentina, Saudiyaya Arabistoni, Meksika, Polsha
D guruhi. Fransiya, Avstraliya, Daniya, Tunis
E guruhi. Ispaniya, Kosta-Rika, Germaniya, Yaponiya
F guruhi. Belgiya, Kanada, Marokash, Xorvatiya
G guruhi. Braziliya, Serbiya, Shveytsariya, Kamerun
H guruhi. Portugaliya, Gana, Urugvay, Janubiy Koreya.

A guruhi. Qatar, Ekvador, Senegal, Niderlandiya

A guruhi o‘yinlari taqvimi
20 noyabr

  • 21.00 Qatar — Ekvador

21 noyabr

  • 21.00 Senegal — Niderlandiya 

25 noyabr

  • 18.00 Qatar — Senegal
  • 21.00 Niderlandiya — Ekvador

29 noyabr

  • 20.00 Niderlandiya — Qatar
  • 20.00 Ekvador — Senegal

Qatar

Mezbonlar jahon chempionati debyutiga puxta tayyorgarlik ko‘rishgan — bahordayoq milliy jamoaning barcha a’zolari turnirga maqsadli tayyorlanish uchun klublaridan chaqirib olingan, shunday ekan, qatarlik futbolchilarda o‘zaro tushunib o‘ynash borasida muammo bo‘lmasligi aniq. Ammo buning ikkinchi tomoni ham bor: apreldan buyon bu futbolchilar faqat o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushishgan. Bu o‘yinlardagi natijalar ham yaxshi taassurot qoldirmaydi: masalan, sentabr oyida Feliks Sanches jamoasi Xorvatiya olimpiya jamoasiga yirik hisobda yutqazdi.

Qatar hukumati munosib ishtirok uchun barcha ishni qildi, ammo yarim yil ichida futbolchilarning darajasi o‘sib qolmagan. Chunki daraja oldindan yuqori emasdi. Qatar kimdandir ochko olishi mumkin, ammo ular pley-offga chiqa olmaydi.

Ekvador

Ekvador saralash turnirida ko‘pchilikni hayron qildi: Peru, Kolumbiya, Chili va Paragvay ortda qoldirildi. Milliy jamoaning eng taniqli yuzlari — Enner Valensiya va Pervis Estupinyan, ammo argentinalik murabbiy Gustavo Alfaro jahon miqyosidagi yulduz futbolchilarsiz ham jahon chempionatiga chiqishni uddaladi. To‘g‘ri, iyunda FIFA Ekvadorni diskvalifikatsiya qilishiga bir baxya qolgandi — federatsiya terma jamoada qalbaki hujjatlarga ega bo‘lgan futbolchini (Bayron Kastilo) o‘ynatishda ayblandi.

Tashqi muammolar hisobga olinmaganda, janubiy amerikaliklarda barchasi yaxshi. Ular guruhda Senegal bilan raqobatlashadi, ammo 1/8 final — Ekvador uchun eng yaxshi natija bo‘ladi.

Ekvadorliklar mashg‘ulot jarayoni. Foto Reuters

Senegal

Afrikaning amaldagi chempionlarida turnir arafasida jiddiy ustunlik bor edi — Sadio Mane. «Bavariya» hujumchisi bu kuzda ko‘plab gollar urdi va JChga yuqori sport formasida yetib kelayotgandi, ammo tanaffus arafasida «Bavariya»ning so‘nggi o‘yinida jarohat oldi va Qatarga kelmaydigan bo‘ldi. Senegalning baxtiga «Chelsi» darvozaboni Eduar Mendi jarohatdan tuzalib, safga qaytdi.

Ammo Ekvador bilan bo‘lgani kabi, afrikaliklar jamoasi ham tashqi zarbaga duch keldi — hujumchi Keyta Balde sentabr oyida antidoping qoidalarini buzgani uchun uch oyga diskvalifatsiya qilindi va jahon chempionatini o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi.

Senegal guruhdan chiqish uchun yaxshi imkoniyatga ega, ammo undan uyog‘iga davom etishi dargumon.

Niderlandiya

«Apelsinranglar» jahon chempionatiga turnirning emas, guruh favoriti sifatida qaytishmoqda. Memfis Depay, Frenki de Yong, Virjiyl van Deyk va jamoaning boshqa yulduzlari faoliyatidagi eng yaxshi mavsumni o‘tkazmayapti. Niderlandlarda forvard va darvozabon ampluasida jiddiy muammolar bor: muntazam gol uradigan hujumchi shunchaki yo‘q, jamoaning so‘nggi o‘yinlarida darvozani 39 yoshli Remko Pasver qo‘riqladi.

Lui van Gaal uchun bu terma jamoa boshqaruvidagi so‘nggi yirik turnir — jahon chempionatidan keyin u o‘rnini Ronald Kumanga bo‘shatib beradi. Jamoa van Gaal boshqaruvidagi so‘nggi turnirda hayron qoldirgandi — JCh-2014da uchinchi o‘rinni egallagandi. Hozirda jamoada chorakfinal uchun yaxshi imkoniyat bor, ammo kuchli to‘rtlikka kirish syurpriz sifatida ko‘riladi.

Niderlandiyalik muxlislar. Foto Global Look Press

V guruhi. Angliya, Eron, AQSh, Uels

B guruhi o‘yinlari taqvimi
21 noyabr

  • 18.00 Angliya — Eron
  • 00.00 AQSh — Uels

25 noyabr

  • 15.00 Uels — Eron
  • 00.00 Angliya — AQSh

29 noyabr

  • 00.00 Uels — Angliya
  • 00.00 Eron — AQSh

Angliya

Yevro-2020 finalidan keyin Angliya 1966 yildan buyon ilk oltin medallarini qo‘lga kiritishni ko‘zlagan. Garet Sautgeytda o‘tgan safargi jahon chempionati to‘purari bo‘lgan Harri Keyn yetakchiligidagi ajoyib tarkib bor.

Angliyaliklarda hujumda muammolar yo‘q, ammo mudofaa chizig‘i tashvish uyg‘otadi. «MYu» himoyachisi Harri Maguayr memlar qahramoniga aylangan, Ben Chiluell, Kayl Uoker va Ris Jyeyms jarohat olishdi, Sautgeyt esa asosiy taktik sxemani tanlay olmayapti.

So‘nggi o‘yinlardagi natijalar ham tashvishlanarli: Angliya Millatlar Ligasi guruhida birorta g‘alabaga erisha olmay, so‘nggi o‘rinni egalladi.

Eron

Sentyabr oyida Eron termasiga uch yarim yillik tanaffusdan keyin Karlush Keyrosh qaytdi. Portugaliyalik mutaxassis jamoa bilan ko‘p o‘yin o‘tkazishga ulgurmadi, lekin asosiy hujumchilar — Sardor O‘zmun va Mehdi Torimiy yaxshi sport formasida.

Eron Osiyo saralash bosqichida barchadan yaxshiroq ishtirok etgan, ammo mundialda juda murakkab guruhga tushib qoldi. Forslar guruhda ochkosiz qolmasa kerak, ammo jamoani pley-offda tasavvur qilish qiyin.

Eronliklar mashg‘ulot jarayoni. Foto Global Look Press

AQSh

Amerikaliklar Rossiyadagi jahon chempionatini o‘tkazib yuborishgandi, ammo jamoa o‘z uyida o‘tadigan JCh-2026 ga qadar kuchli jamoaga aylanishga harakat qilmoqda. AQSh termasining ko‘plab futbolchilari Yevropa top-klublarida o‘ynaydi: Kristian Pulishich, Ueston Makkenni, Serjino Dest, Jovanni Reyna.

Gregg Berhalter shogirdlari guruhdan chiqishi va chorakfinal uchun ham kurashishi tayin, ammo ularni top-4da kutish o‘rinsiz.

Uels

33 yoshli Garet Beyl uchun bu birinchi va katta ehtimol bilan so‘nggi jahon chempionati bo‘ladi. Shu tufayli Uels termasi sardori jamoaning JCh-1958 turniridagi ishtirokini takrorlab, guruhdan chiqishiga yordam bermoqchi. Ammo jamoa formasi muxlislarni jiddiy xavotirga solmoqda: uelsliklar Millatlar ligasi guruhida birgina ochko olib, so‘nggi o‘rinni egallashgan.

Bir yarim yil muqaddam Yevro-2020 da jamoa 1/8 finalda ishtirokini to‘xtatgandi, hozir ular guruhdan chiqish uchun AQSh bilan raqobatlashadi, jamoa to‘g‘ridan to‘g‘ri raqibi bilan birinchi turdayoq to‘qnash keladi.

Garet Beyl. Foto Global Look Press

C guruhi. Argentina, Saudiya Arabistoni, Meksika, Polsha

C guruhi taqvimi
22 noyabr

  • 15.00 Argentina — Saudiya Arabistoni
  • 21.00 Meksika — Polsha

26 noyabr

  • 18.00 Polsha — Saudiya Arabistoni
  • 00.00 Argentina — Meksika

30 noyabr

  • 00.00 Polsha — Argentina
  • 00.00 Saudiya Arabistoni — Meksika

Argentina 

Argentina — ikki sababga ko‘ra jahon chempionatining asosiy favoritlaridan biri. Birinchisi — Lionel Messi. Hamon sayyoraning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘lib turgan Messi «PSJ»da kuchli mavsum o‘tkazmoqda va o‘zi uchun so‘nggisi bo‘lib qoladigan jahon chempionatida g‘olib chiqish istagi haqida ochiq aytgan.

Ikkinchi sabab — Lionel Skaloni jamoasining fenomenal darajadagi mag‘lubiyatsiz seriyasi, bu ko‘rsatkich allaqachon 35 o‘yinga yetgan. Argentinaliklar so‘nggi bor 2019 yil iyulida mag‘lub bo‘lishgan, bu vaqt mobaynida jamoa Amerika Kubogida g‘olib bo‘lishga ulgurdi. Ularning navbatdagi maqsadi — jahon chempionligi.

Lionel Messi. Foto Global Look Press

Saudiya Arabistoni 

Rossiyadagi jahon chempionatida Saudiya Arabistoni mezbonlarga 0:5 hisobida yutqazgan, ammo keyingi o‘yinlarda kutilmaganda yaxshi ishtirok etgan: Urugvayga 0:1 hisobida yutqazib, Misrni 2:1 hisobida mag‘lub etgan.

Ammo hozirda Erve Renar jamoasi yaxshi formada emas: arablar  so‘nggi sakkiz o‘yindan faqat ikkitasida g‘alaba qozondi, holbuki barcha raqiblar guruh vakillaridan kuchsizroq edi. Vaziyatni tarkibdagi muammolar yanada yomonlashtiradi — jamoaning yoshi juda katta. Saudiya Arabistoni bunday holatda bunday qiyin guruhda ochko olishi muammo.

Meksika

Meksika termasi yetakchisi Xesus Korona avgust oyida og‘ir jarohat olgandi va jahon chempionatini o‘tkazib yuborishga majbur. Shunga qaramay, Meksika hujum chizig‘ida boshqa taniqli futbolchilar ham bor — masalan, Raul Ximenes va Irving Losano. Xerardo Martino jamoasida esa darvozani odatdagidek Gilermo Ochoa qo‘riqlaydi, muxlislar har to‘rt yilda uning aql bovar qilmas seyvlarini tomosha qilishadi.

Meksika juda barqaror: jamoa avvalgi yetti jahon chempionatida uzluksiz ravishda 1/8 finalga chiqqan va shu bosqichda ishtirokini to‘xtatgan. Hozirda ham shu kabi natija takrorlanishi ehtimoli yuqori, ammo buning uchun kamida Polshani ortda qoldirib, pley-offga chiqish kerak bo‘ladi.

Irving Losano. Foto Global Look Press

Polsha

Bu Rossiya bilan jahon chempionati yo‘llanmasi uchun pley-offda kurashishi kerak bo‘lgan jamoalardan biri edi. Mart oyiga belgilangan o‘tish o‘yinlariga qadar Polsha asosan o‘rtamiyona va mitti jamoalarni mag‘lub etgandi, jahon chempionati yo‘llanmasi uchun Shvetsiyaga qarshi kechgan jangdan keyin ham bu borada vaziyat o‘zgarmadi. Martdan buyon Polsha faqat Uelsni mag‘lub etdi, endi esa guruhda Meksika va Argentina kabi dahshatli raqiblarga qarshi kurashish talab etiladi.

Polyaklarni Robert Levandovski o‘z ortidan ergashtirishi kerak — 34 yoshli forvard uchun bu jahon chempionati, katta ehtimol bilan so‘nggisi bo‘ladi va hozirda Polshani asrda ilk bor guruh bosqichidan olib chiqishi kerak bo‘ladi.

D guruhi. Fransiya, Avstraliya, Daniya, Tunis

D guruhi taqvimi
22 noyabr

  • 18.00 Daniya — Tunis
  • 00.00 Fransiya — Avstraliya

26 noyabr

  • 15.00 Tunis — Avstraliya
  • 21.00 Fransiya — Daniya

30 noyabr

  • 20.00 Tunis — Fransiya
  • 20.00 Avstraliya — Daniya

Fransiya

Amaldagi jahon chempionlarida titulni himoya qilish kerak bo‘lgan turnir arafasida qator muammolar yuzaga keldi: Karim Benzema, N'Golo Kante, Pol Pogba, Nkunku va Kimpembe jarohat olgan, Kilian Mbappe reklama huquqlari bo‘yicha federatsiya bilan mojaroga borgan, Dide Desham esa turnirdan keyin o‘z o‘rnini Zinedin Zidanga bo‘shatib berishi haqida aytishmoqda.

Shunga qaramay, Fransiya top-jamoa bo‘lib qolaveradi. Aytish kerakki, Dide Desham jamoasi tavqi la’nat bosimi ostida — so‘nggi uch jahon chempionatida amaldagi g‘oliblarning hech biri guruhdan chiqa olmagan. Ammo, vaziyatga real qaralsa, Fransiya kamida yarimfinalga yetib bora oladigan tarkibga ega.

Kilian Mbappe. Foto Global Look Press

Avstraliya

Avstraliyaliklar jahon chempionatiga yetib kelish uchun qattiq mehnat qilishiga to‘g‘ri keldi: birinchi o‘tish o‘yinida BAAni bazo‘r yengishdi, keyingisida esa faqat penaltilar seriyasida Perudan o‘tishdi. Avstraliyada hozir Tim Kehill yoki Harri Kyuell darajasida yulduz futbolchi yo‘q, eng taniqli futbolchisi — «Kopenhagen»ning ikkinchi darvozaboni Metyu Rayan. Ularda pley-offga chiqish uchun ham imkoniyat ko‘p emas.

Daniya

Yevro-2020 yarimfinalchisi Qatarda ham muxlislar mehrini qozonishi mumkin. Daniyada o‘sha turnirdagi tarkib o‘zagi saqlanib qolgan, asosiysi — jamoa yetakchisi Kristian Eriksen safga qaytgan. Daniyalik futbolchi o‘yin vaqtida yuragi to‘xtab qolganidan keyin ham yuqori saviyada o‘ynashda davom etmoqda, uning tarixi esa jamoadoshlariga qo‘shimcha ishtiyoq beradi.

Daniya guruhdan chiqishi kerak, ammo darhol Argentinaga to‘qnash keladigan bo‘lsa, chorakfinal ular uchun armon bo‘lib qoladi.

Daniya milliy jamoasi futbolchilari. Foto Global Look Press

Tunis

To‘rt yil muqaddam Tunis faqat Panamani yenga olgandi, lekin jamoa dastlabki turda Angliyadan ochko olishi ham mumkin bo‘lgandi. Hozirda arablar jamoasida yana qiyin guruh va kuchsiz tarkib. Muxlislarning aksari Tunis termasi futbolchilarini tanimaydi.

Tunis uchun guruhdan chiqish sensatsiya bo‘ladi, ammo afrikaliklar Avstraliya bilan o‘yinda ochko olishi mumkin.

E guruhi. Ispaniya, Kosta-Rika, Germaniya, Yaponiya

Ye guruhi taqvimi
23 noyabr

  • 18.00 Germaniya — Yaponiya
  • 21.00 Ispaniya — Kosta-Rika

27 noyabr

  • 15.00 Yaponiya — Kosta-Rika
  • 00.00 Ispaniya — Germaniya

1 dekabr

  • 00.00 Yaponiya — Ispaniya
  • 00.00 Kosta-Rika — Germaniya

Ispaniya

Bir yarim yil muqaddam ispanlar Yevropa chempionati finaliga chiqishiga bir baxya qolgandi — jamoa yarimfinalda italyanlarga faqat penaltilar seriyasida yutqazgan. O‘shanda ham, hozir ham Luis Enrike shogirdlari favoritlar qatorida, lekin jamoatchilik murabbiyning barcha qarorlarini ham to‘g‘ri qabul qilmayapti: sentabrda u Serxio Ramosni tarkibga chaqirmadi, jahon chempionati uchun kengaytirilgan tarkibdan esa David de Xea tushib qoldi.

Ammo «MYu» posbonisiz ham Ispaniyada mashhur nomlar yetarlicha: Pedri, Gavi, Rodri, Ferran Torres, Dani Karvaxal. Luisa Enrike jamoasi kamida yarimfinalga chiqishi kerak — undan oldinroq turnirni tark etish fojia sifatida qabul qilinadi.

Luis Enrike va Ispaniya termasi futbolchilari. Foto Global Look Press

Kosta-Rika

Kostarikaliklar juda kam gol uradi va kam o‘tkazadi. Bu mantiqiy, Yangi Zelandiyaga qarshi o‘tish bahslarida ular 1:0 hisoblarida g‘olib bo‘lishdi. Ammo Ispaniya va Germaniya bilan bir guruhda mudofaaga o‘tirib o‘ynash qiyin, qarshi hujumlar uyushtirishga ham to‘g‘ri keladi. Lekin katta yoshli tarkib bilan buni uddalash imkoni bo‘ladimi? Kosta-Rika tarkibidagi futbolchilarning yarmidan ortig‘ining yoshi 30 dan oshgan — ular qatorida Brayan Ruis, Keylor Navas, Xoel Kempbell va Yelsin Texeda kabi avvalgi turnirlarda ishtirok etgan futbolchilar bor.

Kostarikaliklar Yaponiyadan ochko olishi va guruh favoritlariga qarshi o‘yinlarning ma’lum qismida raqiblarni qiynashi mumkin, ammo bu tarkib JCh-2014 dagi sensatsiyani takrorlay olmaydi — ular chorakfinalga chiqishi imkonsiz.

Germaniya

To‘rt yil muqaddam nemislar Yoaxim Lev bilan oson guruhdan ham chiqa olmagandi, bu safar Germaniyani turnirga boshqa murabbiy — Hans-Diter Flik olib keldi. Lekin eski muammolarning barchasi ham hal bo‘lmagan: xususan, Germaniyada to‘purar markaziy forvard yo‘q. Timo Verner jarohat tufayli jahon chempionatini o‘tkazib yuboradi, qolaversa, u muntazam gol uradigan hujumchi emasdi.

Lekin nemislarda boshqa liniyalarda kuchli futbolchilar bor: masalan, Tomas Myuller va Manuel Noyyer, ular sakkiz yil oldingi muvaffaqiyatda asosiy shaxslardan bo‘lgandi.

Germaniya termasi futbolchilari. Foto Global Look Press

Yaponiya

Yaponlar navbatma-navbat guruhda yoki 1/8 finalda ishtirokini to‘xtatadi. Agar bu an’ana saqlansa, bu safar osiyoliklar pley-offga chiqa olmasligi kerak. Va bu real holat ham.

Xadzime Moriyasu ikkita top-raqib bilan bir guruhdan joy oldi, qolaversa, jamoa eng yaxshi davrlaridagi kabi kuchli formada emas. Uning yetakchilari Takexiro Tomiyasu va Takumi Minamino «Arsenal» va «Monako»da asosiy tarkibning almashtirib bo‘lmas futbolchilari emas, Takefusa Kubo esa «Real Sosedad» safida deyarli gol urmayapti. Shu tufayli Yaponiyani pley-offda ko‘rishni tasavvur qilib bo‘lmaydi.

F guruhi. Belgiya, Kanada, Marokash, Xorvatiya

F guruhi taqvimi
23 noyabr

  • 15.00 Marokash — Xorvatiya
  • 00.00 Belgiya — Kanada

27 noyabr

  • 18.00 Belgiya — Marokash
  • 21.00 Xorvatiya — Kanada

1 dekabr

  • 20.00 Xorvatiya — Belgiya
  • 20.00 Kanada — Marokash

Belgiya

Belgiyaliklar aql bovar qilmas darajadagi yulduzli tarkibi tufayli qatorasiga bir necha yirik turnirlarda asosiy favoritlardan sanalgan. Ammo vaqt o‘tmoqda. Kevin De Bryuyne, Tibo Kurtua va Eden Azar endi 30 yoshdan oshgan, shunday ekan, Qatardagi turnir ularning jamoa bilan katta sovrin yutish uchun oxirgi imkonidir.

Yosh — Roberto Martines jamoasining xavotir uchun asosiy sababi. Hatto Romelu Lukaku 29 yoshda.

Belgiyaning ustunligi — ulkan tajriba va motivatsiyada. Bu jahon chempionatining asosiy favoriti emas, ammo ular finalga chiqishsa, hech kim hayron qolmaydi.

Kevin de Bryuyne. Foto Global Look Press

Kanada

Shu yilga qadar Kanada jahon chempionatida faqat bir marta — 1986 yilda ishtirok etgan va guruhdagi barcha o‘yinlarni birorta gol urmasdan yutqazgan. Hozirda shimoliy amerikaliklar jamoasidan nafaqat gol, balki g‘alaba ham kutish mumkin. «Bavariya» himoyachisi Alfonso Devis va «Lill» bombardiri Jonatan Devid jamoani o‘z ortidan ergashtirmoqda va ularning harakatlari Kanadaga tarixdagi ilk ochkolarni olib kelishi mumkin.

To‘rt yildan keyin o‘z uyida jahon chempionatini qabul qiladigan kanadaliklar pley-offga chiqishi, turnirning syurprizlaridan biri bo‘lishi mumkin.

Marokash

To‘rt yil muqaddam Marokash termasi Ispaniya va Portugaliya bilan bir guruhda pley-off uchun kurashgandi, ammo ularning bu safargi imkoniyatlari ham yaxshi emas. Avgustda Vahid Halilhojich o‘rniga bosh murabbiylik mahalliy mutaxassis Volid Regragiyga topshirildi, u esa bu lavozimda faqat bir necha o‘yin o‘tkazgan.

Terma uchun plyus — asosiy yulduz Hakim Ziyoshning qaytishi bo‘ldi, u Halilhojich bilan muammolar tufayli tarkibdan chetda qolayotgandi. Ammo bu qanchalik foyda berishi aniq emas, ushbu yarimhimoyachi «Chelsi»da joriy mavsumda deyarli o‘ynamayapti va gol urmagan.

Xorvatiya

Amaldagi vitse-chempionlar avlodlar almashinuvini og‘riqsiz o‘tkazdi va jahon chempionatiga yaxshi sport formasida yetib keldi: Zlatko Dalich jamoasi Millatlar Ligasida o‘z guruhida g‘olib chiqdi, so‘nggi to‘rt o‘yinda to‘ri g‘alabaga erishdi. Luka Modrich hamon hujumlarga dirijyorlik qilmoqda, Ivan Perishich — u boshlagan hujumlarni yakunlamoqda. 

Xorvatiyada guruhdan chiqish uchun yaxshi imkoniyat hosil bo‘lgan, ammo jamoa guruhdan chiqiboq Ispaniya yoki Germaniyaga duch kelishi mumkin. Ular chorakfinalga o‘tishi katta so‘roq ostida.

Luka Modrich. Foto Global Look Press

G guruhi. Braziliya, Serbiya, Shveytsariya, Kamerun

G guruhi taqvimi
24 noyabr

  • 15.00 Shveytsariya — Kamerun
  • 00.00 Braziliya — Serbiya

28 noyabr

  • 15.00 Kamerun — Serbiya
  • 21.00 Braziliya — Shveytsariya

2 dekabr

  • 00.00 Kamerun — Braziliya
  • 00.00 Serbiya — Shveytsariya

Braziliya

FIFA reytingi yetakchisi 20 yil ichidagi ilk jahon chempionatini yutishga tayyor. Brazillarda buning uchun barcha narsa bor — tajribali va kuchli murabbiy Tite, u jamoa bilan olti yildan buyon ishlamoqda, shuningdek ajoyib tarkib. Bunaqasi kamdan kam bo‘ladi, ammo Braziliyada darvozabonlar ham jahon darajasidagi yulduzlar — Ederson va Alisson.

Tiagu Silva Markinos bilan mudofaa chizig‘ini betonlaydi, Kazemiru — maydon markazini, hujumda esa ishtiyoqi har safargidan yuqori bo‘lgan Neymar harakat qiladi. Braziliyada hashamatli hujum chizig‘i jamlangan — Gabriel Jyezus, Martinelli, Risharlison, Rafinya, Antoni, Vinisius. Muammo faqat bu yulduzlardan qaysi birini zaxira o‘rindig‘ida qolishga ko‘ndirishda. Agar jamoada ichki muhim bilan barchasi joyida bo‘lsa, Braziliya finalga yetib borishi tayin.

Neymar Braziliya termasidagi jamoadoshlari bilan. Foto Global Look Press

Serbiya

Serbiyada ham Braziliyadagi kabi muammo — murabbiylar shtabi uch nafar kuchli forvardga: Dushan Tadich, Aleksandar Mitrovich va Dushan Vlahovichga bir vaqtning o‘zida maydondan joy topib berishi kerak. Ularning barchasi yaxshi formada va doimiy ravishda terma jamoa uchun gol urib kelishmoqda. Jamoa mudofaasidagi Dragan Stoykovichning ham ishlari joyida — uch markaziy himoyachidan iborat sxemada bolqonliklar yaxshiroq ko‘rinadi va kamdan kam o‘yinlarda gol o‘tkazishadi.

Serbiya jahon chempionatida ko‘pchilikni hayron qoldirishi mumkin. Guruh uchun qur’a va pley-off yo‘li serblar chorakfinaldan umid qilishiga ham imkon beradi.

Shveytsariya

To‘rt yil muqaddam Granit Chaka va Jyerdan Shaqiriy Serbiya darvozasiga ikkita fenomenal gollar urishgan va shveysarlar bu jamoani guruhda quvib o‘tgandi, o‘shanda ham guruhda Braziliya bor edi va kutilganidek birinchi o‘rinni olgandi. Hozir ham vaziyat shunga o‘xshash, Shveytsariya yana Serbiya bilan ikkinchi o‘rin uchun kurashadi. Ammo Chaka yuqori sport formasida va «Arsenal» bilan APLda yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, Shaqiriy oktyabrdan buyon o‘ynamagan — uning klubi «Chikago Fayr» MLSdagi so‘nggi o‘yinni bir oy oldin o‘tkazgan.

Shveytsariyani sobiq futbolchisi Murat Yaqin boshqarmoqda. U va darvozabon Yan Zommer — Shveytsariya saralash turnirida Italiyani ortda qoldirishi uchun asosiy sababchilar. Alp jamoasi yana bir grandni shokka sola oladimi?

Kamerun

Afrika vakillari qiyin guruhga tushib qoldi va guruhning yaqqol autsayderi hisoblanadi. Ammo Rigober Song jamoasida tarkib yomon emas: «Inter» darvozaboni Andre Onana, «Napoli» yarimhimoyachisi Andre-Frank Zambo-Angissa va «Bavariya» hujumchisi Erik-Maksim Shupo-Moting.

Kamerunliklar jahon chempionatiga yuqori sport formasida yetib kelishmadi — so‘nggi oylarda ular O‘zbekiston va Ekvatorial Gvineyaga yutqazishdi, shunday ekan, afrikaliklar Qatarda yaxshi natijalar ko‘rsatishiga ishonish qiyin.

Erik-Maksim Shupo-Moting. Foto Global Look Press

H guruhi. Portugaliya, Gana, Urugvay, Koreya

H guruhi taqvimi
24 noyabr

  • 18.00 Urugvay — Koreya
  • 21.00 Portugaliya — Gana

28 noyabr

  • 18.00 Koreya — Gana
  • 00.00 Portugaliya — Urugvay

2 dekabr

  • 20.00 Koreya — Portugaliya
  • 20.00 Gana — Urugvay

Portugaliya

37 yoshli Krishtianu Ronaldu o‘zining beshinchi va xayrlashuv jahon chempionatiga «Manchester Yunayted»ning zaxira futbolchisi sifatida keldi. Portugaliyalik futbolchi imkon qadar uzoqroqqa borish va terma jamoalar miqyosida urilgan gollar bo‘yicha jahon rekordini yangilashni istaydi.

Ammo Portugaliyada boshqa top-futbolchilar ham bor: Brunu Fernandesh, Bernardu Silva, Rafael Leau, Ruben Diash, Joau Kanselu, Joau Mariu. Bunday tarkib bilan Fernandu Santush guruhdan chiqishi kerak, ammo uning keyingi yo‘lini taxmin qilish qiyin.

Krishtianu Ronaldu. Foto Reuters

Gana

2010 yilda Ganani jahon chempionati yarimfinalidan penaltidan birgina aniq zarba ajratib qolgandi, ammo afrikaliklar Urugvayga qarshi afsonaviy o‘yinni boy berishgandi. Endi bu jamoalar bir guruhdan joy olishgan, Otto Addo jamoasida guruhdan chiqish uchun ham imkoniyatlar yuqori emas.

Gana tarkibida taniqlik futbolchilar ham bor — masalan, aka-uka Jordan va Andre Ayyu yoki Tomas Parti. Bu yil terma jamoa tarkibi sportcha fuqaroligini o‘zgartirgan ikki kuchli futbolchi bilan kuchaydi, bular — Tariq Lempti («Brayton») va Inyaki Uilyams («Atletik» - u o‘z klubi uchun rekord darajada - 246 o‘yin o‘tkazgan).

Ammo baribir Gananing imkoniyatlari yuqori emas. Jamoada tarkibga endi qo‘shila boshlagan yangi futbolchilar ko‘p. Afrikaliklar jamoasiga birgalikdagi o‘yin amaliyoti yetishmasligi turgan gap.

Urugvay

Janubiy amerikaliklar kutilmaganda uzoqqa borishi mumkin bo‘lgan jamoalardan biri. Urugvay 2010 yilda bo‘lgani kabi yana yarimfinalga yetib borishi mumkin, faqat buning uchun 12 yil oldin bo‘lgani kabi pley-off yo‘li oson bo‘lishi kerak.

Jamoa yaxshi tarkibga ega: faxriylar ham (Luis Suares, Edinson Kavani, Diyego Godin), bugungi kunning yosh yulduzlari ham (Federiko Valverde, Darvin Nunes, Rodrigo Bentankur) bor. Jarohat tufayli jahon chempionatiga «Barselona» himoyachisi Ronald Arauxo kela olmadi va Diyego Alonso shtabi mudofaa haqida qayg‘urishi kerak: jamao saralash turnirida yetarlicha ko‘p gol qo‘yib yuborgan.

Edinson Kavani va Luis Suares. Foto Global Look Press

Janubiy Koreya

Koreyaliklar har bir jahon chempionatida guruh favoritlaridan biridan ochko olishadi, ammo hamisha ham pley-offga chiqavermaydi. Bu safar osiyoliklar vakillarida kuzir bor — jahon futboli yulduzlaridan biri va Angliya chempionatining o‘tgan mavsumi to‘purari Son Xin Min. «Tottenhem» forvardi bu mavsumda barqaror o‘yin namoyish eta olmayapti, yaqinda esa ko‘zi atrofidan jarohat oldi. Lekin jahon chempionatida Koreya jamoasi sardori o‘ynashi kutilmoqda.

Agar Son turnirdagi o‘yinlarda maydonga tusha olmasa, Paulu Bentu jamoasi ulkan muammolarga to‘qnashadi — Koreya ko‘p gol ura olmaydi va forvard yetishmovchiligidan qiynaladi.

Mavzu
Qatar-2022
20 noyabr kuni Qatarda futbol bo‘yicha jahon chempionati boshlandi.
Barchasi
Top