16:55 / 21.11.2022
3410
Fuqarolar “Yashil makon” platformasi orqali ekilgan ko‘chatlar holatini nazorat qilishlari mumkin

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi elektron platformasi orqali nazorat qilinmoqda.

 “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har bir hududda yiliga 200 million tup ko‘chatni ekish va shu orqali mamlakatimizdagi yashil maydonlarni kengaytirish rejalashtirilgan. Loyiha doirasida kelgusi 5 yilda 1 milliard tup daraxt ko‘chati va butalar ekiladi. Ekilgan ko‘chatlarning holati esa elektron tizim orqali nazorat qilinyapti.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bosh boshqarmasi boshlig‘i Abdurashid Sodiqov onlayn nazorat tizimi haqida gapirib berdi:

“Bu yilgi ko‘chat ekish mavsumi bulturgidan tubdan farq qiladi. Davlat ekologiya qo‘mitasidan ekspert guruhi tashkil qilingan. Bu ekspert guruhida 8 ta xodimimiz bor. Bu Respublikada ko‘zga ko‘ringan olimlar – arbaris, dendrolog, tuproqshunos, agronom olimlarimiz. Va har bir hududda hududiy amaliy yordam va monitoring guruhlar tashkil qilingan. Davlat ekologiya qo‘mitasining tahlil markazi bor va bu yerda onlayn rejimida monitoring olib boriladi.

Bundan tashqari har bir shtabda koll-markaz ham tashkil etilgan bo‘lib, murojaatlar uzluksiz qabul qilinyapti. Ekilgan daraxtlar haqidagi ma’lumotlar hududdagi shtab vakillari tomonidan “Yashil makon” platformasiga kiritiladi.

Platformamiz tubdan o‘zgardi, ko‘p narsalar qo‘shildi. Platformada hozir tuman, viloyat shtablari ekilgan ko‘chatlarning turi bo‘yicha, navi bo‘yicha, kim tarafdan ekildi, qaysi sub’yekt ekdi, ijtimoiy sohami, avtomobil yo‘llarimi, fermer xo‘jaliklarimi ekilgan ko‘chatlarning egasi bor, mas’ullar bor. O‘sha mas’ullarga birato‘la biriktirilib ketilyapti dalolatnoma bilan. Shu bizning  platformada aks ettiriladi”, - dedi u.

 Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi huzuridagi AKT va multimedia DUK bosh mutaxassisi Azamat Otabekovning ta’kidlashicha, yangi elektron platformada har bir fuqaro oddiy mobil telefon orqali ma’lumot olishi mumkin.

“Yashil makon” platformasi bu “Yashil makon” umummilliy loyihasini jamlovchi, uni nazorat qiluvchi ochiq platforma.  “Yashil makon” platformasida har bitta daraxt nazoratga olingan bo‘lib, ular o‘zining lokatsiyasiga, sug‘orish tizimi bor-yo‘qligiga, bular  haqida to‘liq ma’lumot beradi. Har bir fuqaro mobil telefoni orqali kirib, bu platformada o‘zining mahallasida, ko‘chasida qanaqa ko‘chat turi ekilganligi, uning soni, uning sug‘orish tizimi bormi-yo‘qmi, ekilgan ko‘chatlar kimga biriktirilganligini ko‘rishi mumkin.

Platformaga har bitta ekilgan daraxt ko‘chatlarni kiritish, uni nazorat qilish asosan 3 bosqichga bo‘linadi. 1 bosqichi bu tuman hokimligida tashkil etilgan shtab xodimlari har bitta ko‘chatni ushbu platformaga kiritib boradi. Kiritilgan ma’lumotlar inspektorlar tomonidan o‘rganiladi. Haqqoniyligi tasdiqlansa, platformamiz yashil rangga o‘zgaradi. Bu ma’lumot dalolotnoma asosida mas’ul shaxsga biriktiriladi”, - deya ma’lum qildi mutaxassis.

Mas’ullarning aytishicha, hududlardagi pitomniklarda parvarishlangan millionlab ko‘chatlar yo‘l yoqalariga ekilyapti. Andijon viloyati Paxtaobod tumanidagi pitomnikda 20 gektar maydonda manzarali ko‘chatlar va butalar parvarishlangan.

 Viloyatdagi 16 ta hududida ko‘chatzorlar tashkil etilgan bo‘lib, xususan, Paxtaobod tumanidagi 20 gektarli mana shu maydonda 300 ming tup manzarali ko‘chatlar hamda butalar parvarish qilinmoqda va har yili 100 ming tup noyob daraxtlarning nihollari ekish uchun tayyorlanadi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati

Mavzuga oid
Top