07:03 / 21.11.2022
4067
Zaporijjya AES hududida yana portlash ovozlari eshitildi

Zaporijjya atom elektr stansiyasi hududida sodir bo‘lgan portlashlar natijasida bir qancha binolar zarar ko‘rdi, deya ma’lum qildi stansiyadagi AEXA xodimlari.

Foto: Picture Alliance

Zaporijjya atom elektr stansiyasi (ZAES) hududida 19 noyabr kuni kechqurun va 20 noyabr kuni ertalab portlashlar eshitildi, natijada ZAES hududida ba’zi binolar, tizimlar va uskunalar shikastlangan. Bu haqda 20 noyabr, yakshanba kuni Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) ma’lum qildi.

Kuzatuvchilari stansiyada bo‘lgan AEXAga ko‘ra, yetkazilgan zarar yadro xavfsizligi uchun jiddiy emas. «Kecha va bugun ertalab bizning jamoamizdan kelgan xabar juda xavotirli. Yirik atom elektr stansiyasi joylashgan hududda portlashlar sodir bo‘ldi, bu mutlaqo qabul qilinishi mumkin emas. Buning ortida kim turgan bo‘lsa, darhol to‘xtashi kerak. Ko‘p marta aytganimdek, sizlar olov bilan o‘ynayapsizlar», — dedi AEXA bosh direktori Rafael Grossi.

Agentlikning Zaporijjya AESdagi mutaxassislari shtabga xabar berishicha, 20 noyabr kuni ertalab qisqa vaqt ichida o‘ndan ortiq portlash ovozlari eshitilgan, ularning ba’zilarini derazalardan ko‘rishgan. Aftidan, stansiyani o‘qqa tutish qayta boshlangan, dedi AEXA.

Rossiya Mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, portlashlar Dnipropetrovsk viloyati Marganets aholi punkti hududidan Ukraina Qurolli kuchlari stansiyaning o‘qqa tutishi natijasida sodir bo‘lgan. «19 noyabr kuni Ukraina Qurolli kuchlari artilleriyasi AES hududini 11 ta yirik kalibrli artilleriya snaryadidan o‘qqa tutdi. 20 noyabr kuni ertalab Ukraina qo‘shinlari AES hududini ikki marta o‘qqa tutdi», — deyiladi xabarda. 

Rossiya Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, 09:15 dan 09:45 gacha 12 ta yirik kalibrli artilleriya snaryadlari otilgan. Beshinchi energiya bloki va 2-sonli maxsus bino o‘rtasida sakkizta snaryad, to‘rtinchi va beshinchi energiya bloklari o‘rtasida uchta snaryad, 2-sonli maxsus binoning tomiga bitta snaryad tegib, yana ikkita snaryad elektr energiyasini ta’minlovchi elektr tarmog‘iga otilgan, deb da’vo qilmoqda Rossiya tomoni.

«Atom elektr stansiyasi hududidagi radiatsiyaviy vaziyat normalligicha qolmoqda», — dedi RF Mudofaa vazirligi vakili Konashenkov. Ukraina vakillari hozircha bu bayonotlarga izoh bermagan.

Ukrainaning «Energoatom» kompaniyasi, o‘z navbatida, stansiya Rossiya qo‘shinlari tomonidan o‘qqa tutilganini aytdi. «Bugun, 2022 yilning 20 noyabr kuni ertalab Rossiyaning ko‘p sonli o‘qqa tutishi natijasida Zaporijjya atom elektr stansiyasi joylashgan hududga kamida 12 ta snaryad yetib kelishi qayd etildi», — deyiladi kompaniya xabarida.

«Energoatom»ning ta’kidlashicha, shikastlangan ZAES uskunalarining ro‘yxati ruslar maqsadli zarbalar bilan 5- va 6-energiya bloklarini ishga tushirish, Ukraina ehtiyojlari uchun elektr energiyasini ishlab chiqarishni qayta tiklash uchun zarur bo‘lgan infratuzilmani o‘chirib qo‘yganligini ko‘rsatadi. ZAESdagi rossiyalik harbiylar avvalroq ukrainalik xodimlarga ushbu bo‘linmalarni ishga tushirishga to‘sqinlik qilgan edi, deya xabar beradi «Energoatom».

Rossiya qo‘shinlari 2022 yilning mart oyida Zaporijjya atom elektr stansiyasini egallab olishdi. O‘shandan beri Rossiya va Ukraina bir necha bor bir-birini stansiyani o‘qqa tutishda aybladi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top