13:51 / 22.11.2022
20195

Arimagan eski dard. Sham yorug‘idagi hayot

Qish yaqinlashgani sari qishloqlardan muammo arimay qoladi. Elektr ta’minotidagi soatlab uzilishlar bir dard bo‘lsa, g‘amlangan o‘tin va ko‘mir bilan uyni isitib, eson-omon ko‘klamga chiqib olish asosiy tashvishga aylanadi.

Kun.uz muxbiri Farg‘ona viloyati Quva tumani “Yangi Hayot” MFY va Quvasoy shahri Qaqir qishlog‘ida bo‘lib, qishloq ahlining kunlik yumushlari bilan qiziqdi.

Quva tumani “Yangi Hayot” MFY Soy bo‘yi ko‘chasida yashovchi aholi ichimlik suvini ancha olisdan tashib keladi. Qishloq tabiiy gazdan uzib qo‘yilganiga ancha bo‘lgan, asfalt ko‘rmagan ichki yo‘llar ham abgor holatda.

Xonadonlarning elektr ta’minotidan soatlab uzib qo‘yilishi esa odatiy holga aylanib bo‘lgan. Kirib borgan xonadonimizda pechkaga o‘tin yoqilgan, oila a’zolari esa sham yog‘dusida ovqatlanib o‘tirishardi.

Quvasoy shahar Qaqir qishlog‘ida ham holat xuddi shunday. Elektr ta’minotidagi uzilishlarga aholi ko‘nikib qolgan. Shamol va yog‘ingarchilik kuzatilganda qishloqda kunlab elektr bo‘lmaydi.

Qishloq ahli isinish uchun tappi, ko‘mir va o‘tindan foydalanadi. Ichimlik suvi uchun hamma o‘ziga quduq qazib olgan. Maktab o‘quvchilari chiroq o‘chib qolganda sham yorug‘ida dars tayyorlashga majbur...

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Top