16:08 / 22.11.2022
17162

Ikki sherigini pichoqlab o‘ldirgan cho‘pon umrbodga ozodlikdan mahrum etildi

Sudlanuvchi 2001 va 2007 yillarda o‘g‘irlik jinoyati bilan ayblanib, jazo muddatini o‘tagan. 2010 yilda esa Jinoyat kodeksining 60 va 61-moddalariga asosan 10 yil-u 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Foto: IIB axborot xizmati

Jizzax viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 13 aprel kuni Forish tumanidagi “Egizbuloq” MFYga qarashli Ko‘ktepa hududidagi fermer xo‘jaliklarining birida uch nafar cho‘pon o‘rtasida boshlangan janjal qotillik bilan tugagan.

Cho‘ponlardan birining  uyida vaqtincha yashab, cho‘ponlik qilib kelayotgan, 1977 yilda tug‘ilgan fuqaro M.G‘. ushbu hududda cho‘ponlik qilib kelayotgan tanishi, 1977 yilda Paxtakor tumanida tug‘ilgan J.X. va 1973 yilda shu tumanda tug‘ilgan X.X. bilan spirtli ichimlik iste’mol qilib o‘tirganda o‘rtalarida janjal kelib chiqqan.

Oqibatda, M.G‘. mast holatda yonida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan J.X. va X.X.larning ko‘krak qafasiga bir necha marta tan jarohati yetkazib, ularni qasddan o‘ldirib, voqea joyidan yashiringan.

Shundan so‘ng gumonlanuvchi protsessual tarzda ushlangan va unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Zafarobod tuman sudida mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. Sud majlisida sudlanuvchi aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. Shuningdek, jabrlanuvchilarning qonuniy vakillari hamda guvohlarning ko‘rsatmalari tinglab ko‘rilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, sudlanuvchi avvalroq, 2001 va 2007 yillarda o‘g‘irlik jinoyatini sodir etib, jazo muddatini o‘tagan. 2010 yilda esa Jinoyat kodeksining 60 va 61-moddalariga asosan 10 yil-u 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha to‘plangan, sud muhokamasida tekshirilgan dalillar asosida sud hay’ati sudlanuvchiga yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarni inobatga olgan.

Sud ayblanuvchini Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi, a, v, j bandlari bilan aybdor deb topgan va unga umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini bergan. Jazoni maxsus tartibli koloniyada o‘tash tartibi belgilangan.

 

Mavzuga oid
Top