13:22 / 23.11.2022
4482
AQSh Moliya vazirligi Rossiya nefti narxi qanday cheklanishini tushuntirdi

Hujjatda qayd etilishicha, Rossiyadan neftning maksimal narxi «texnik mashg‘ulotlardan so‘ng» belgilanadi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va Yaponiya uchun belgilangan qoidalardan istisnolar keltirilgan.

Foto: TASS

22 noyabr, seshanba kuni AQSh Moliya vazirligi Rossiyadan neft narxini rejalashtirilgan «chegaraga» tushirish bilan bog‘liq bir qator hujjatlarni, xususan, Rossiya nefti narxlarini cheklash siyosatini amalga oshirish bo‘yicha umumiy yo‘riqnomalarni va bir qator hujjatlarni e’lon qildi. Unda joriy etilgan qoidalardan istisnolarni belgilovchi litsenziyalar ham bor.

Umumiy ko‘rsatmalarga ko‘ra, AQSh, G7 davlatlari, Yevropa Ittifoqi va Avstraliya «narxlarni cheklash bo‘yicha koalitsiya» tuzdilar va bunday cheklovlarni «xom neft va neft mahsulotlarini dengiz orqali tashish bilan bog‘liq xizmatlarning keng doirasiga» kiritmoqchi. 

Shu bilan birga, Rossiya neftining cheklangan narxi ushbu koalitsiya o‘tkazadigan «texnik mashg‘ulotlardan so‘ng» belgilanadi. E’lon qilingan hujjatlarda sanab o‘tilgan taqiqlar 5 dekabrdan kuchga kiradi. Hujjatda tushuntirilishicha, neftga narx chegarasining joriy etilishi uni AQShga olib kirish taqiqini bekor qilmaydi.

AQSh Moliya vazirligining veb-saytida e’lon qilingan litsenziyalarga ko‘ra, Yaponiyaga 2023 yil 30 sentabrgacha «Saxalin-2» loyihasi doirasida qazib olingan xom neftni dengiz orqali tashish bilan bog‘liq barcha operatsiyalarni amalga oshirishga ruxsat beriladi, ammo u «faqat import qilish uchun mo‘ljallangan bo‘lishi kerak».

Bundan tashqari, Bolgariya, Xorvatiya va dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarga «Rossiya neftini import qilish bilan bog‘liq ayrim operatsiyalar»ga ruxsat beriladi.

Shuningdek, u ekipaj a’zolarining sog‘lig‘i yoki atrof-muhitga tahdid bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarda Rossiya neftini tashuvchi kemalardan tushirish imkonini beradi.

Mavzuga oid
Top