15:11 / 23.11.2022
20996

Mundial kundaligi: Sensatsiyalar va jarohatlar kuni

Qatardagi jahon chempionatining uchinchi kunidagi asosiy voqealar va guruhlarda yuzaga kelgan vaziyat.

Foto: Reuters

JCh-2022 turnirida ilk sensatsiya ro‘y berdi — «Oq shaman» arab mo‘jizasi muallifiga aylandi. Saudiya Arabistoni chempionatning asosiy favoritlaridan birini mag‘lubiyatga uchratdi.

JCh-2022. S guruhi. 1-tur. 
Argentina – Saudiya Arabistoni 1:2

Gollar: 1:0 – 10, penalti Messi, 1:1 – 48 Ash-Shahri, 1:2 – 53 Ad-Dovsariy.
Argentina – Martines, Molina, Otamendi, Romero (Martines, 59), Talyafiko (Akunya, 71), Di Mariya, Gomes (Alvares, 59), Paredes (Fernandes, 59), De Paul, Messi, Martines.
Saudiya Arabistoni – Al-Ovays, Abdulhamid, Al-Bulayhiy, Tombakti, Ash-Shahroniy (Al-Breyk 90), Ad-Dovsariy, Al-Faraj (Al-Obid, 45; Al-Amriy, 88), Kanno, Al-Malki, Al-Bureykan (Assiriy, 89), Ash-Shahri (Al-Ganam, 78).
Ogohlantirishlar: Al-Malki (67), Al-Bulayhiy (75), Ad-Dovsariy (79), Abdulhamid (82), Al-Obid (88), Al-Ovays (90).

Messining oyog‘i

O‘yindan oldingi matbuot anjumanida jahon chempionatlarida doim ham asosiy favoritlar g‘alaba qozona olmasligi, bosh sovrin uchun esa o‘nga yaqin jamoa da’vogarlik qilayotganini muhokama etarkan, Lionel Skaloni taranglikni yumshatish va jamoasidan bosimni olib tashlashga urinayotgandek ko‘rindi. Ammo aynan shu bosh murabbiy, yaxshi ma’noda Argentinadan oltindan boshqa narsa kutishmayotgani uchun javobgardir. Endilikda jamoani «Skaloneta» deb atashayotgan va bu jamoa uch yildan oshiq vaqt davomida mag‘lub bo‘lmayotgan, o‘tgan yili Amerika Kubogida 28 yillik tanaffusdan keyin ilk sovrinini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, boshqa yana qanday munosabat bo‘lishi mumkin edi?

Qolaversa, Messi va uning jahon chempionatida g‘olib chiqish orzusi mavzusidan uzoqlashib bo‘lmaydi. Leo — qariyb professional darajadagi diplomat bo‘lsa ham, u asosiy favoritlar sifatida — Braziliya va Fransiyani keltirdi. Qolgan barcha iboralar tartibli, muvozanatli va chuqur mulohazali bo‘ldi. Ammo bu jamoatchilik uchun aytilgan so‘zlar edi, u sardor sifatida jamoani jangga qanday boshlashini (Messi Amerika Kubogi oldidan qilgan nutqni) Netflix chiqargan hujjatli filmda ko‘rish mumkin.

Bu o‘yin oldidan ko‘proq uning o‘z sog‘ligi haqidagi so‘zlarini kutishdi. Chunki unga so‘nggi haftalarda klubida dam berilgan, terma jamoaning umumiy mashg‘ulotlarida ham qatnashmagandi. Messi barchasi joyida ekanini aytib, barchani tinchlantirgan bo‘lsa-da, ko‘pchilik ESPN nashrida argentinalik futbolchining boldir va tovoni o‘rtasi shishib ketgani ko‘rsatilgan o‘nlab suratlardan xavotirlanayotgandi. Kimdir shokka tushgan bo‘lsa, boshqalar omadsiz rakurs haqida gapirib, terma jamoaning mashg‘ulotlaridagi boshqa yangi suratlarni ko‘rib chiqishga chaqirdi, muhokamalarga esa boshqa surat nuqta qo‘ydi. O‘sha qit’a finalidagi rasmda ham Messining oyog‘i bir xil ko‘rinardi, bu esa eski jarohat asorati edi.

16 yillik seriya

Barcha shubhalarga sardorning familiyasi o‘yin uchun boshlang‘ich tarkibda chiqqanida chek qo‘yildi — bosh murabbiy u qadar kuchli bo‘lmagan raqibga qarshi  o‘ta hujumkor tarkib tanlagandi. Ikki tayanch yarimhimoyachisi va hujumkor kvartet, bunda Messi «o‘nlik» pozitsiyasida joylashdi. Ya’ni, Papu Gomes turnirni o‘tkazib yuborayotgan Lo Selsoni faqat nominal tomondan almashtirgan, bu esa Skalonining taktika boshqacha bo‘lishi haqidagi so‘zlarini isbotladi.

Biroq, shakl mazmunni o‘zgartirmadi va o‘yin boshlanishi bilanoq Argentina raqibga yuqori sur’atdagi o‘yinni taklif etdi. Birinchi hujumdayoq saudiyaliklar darvozaboni Al-Ovays qahramonlik ko‘rsatishiga to‘g‘ri kelib, burchakka yo‘nalgan to‘pni olib chiqdi, Messining yaxshi tayyorlanib bergan bu zarbasini qaytarib bo‘lmaydigandek ko‘ringandi. Keyin qator standart vaziyatlar, VAR aralashuvi, hakam monitorga borib jarima maydonida Paredas qo‘l bilan ushlab qolingani uchun penalti berilishi ro‘y berdi.

Argentinaliklar yetakchisi esa 11 metrdan turnirdagi ilk golini urdi. Bu bilan u yana bir tarixiy natija qayd etdi, shu vaqtgacha jahon chempionatlarida 16 yillik intervalda gol urgan futbolchi yo‘q edi.

Messidan tashqari yana to‘rt futbolchi to‘rt turnirda gol urgan — Pele, Uve Zeyeler, Miroslav Kloze va Krishtianu Ronaldu. Portugaliyalik yulduz Qatarda abadiy qoladigan rekordni o‘rnatishi ham mumkin, chunki Leodan farqli ravishda u JAR-2010 turnirini ham golsiz tark etmagan va KXDR yirik hisobda tor-mor etilishida hissasini qo‘shgan.

Messi esa guruh bosqichi yakuniga qadar mundiallardagi gollar soni bo‘yicha Diyego Maradonaning rekordini (21) yangilashi mumkin. U hozircha turnir tarixida «34+» yosh toifasida boshlang‘ich tarkibda o‘ynagan to‘rt futbolchidan biriga aylandi. Holbuki argentinaliklarda shu kuni boshlang‘ich tarkibda yetti nafar futbolchi jahon chempionatlaridagi ilk o‘yinini o‘tkazdi.

Renarning ssenariysi bo‘yicha

Argentinaliklar ketma-ket hujum uyushtirishda davom etdi. Argentinaning Messi va Lautaro Martines (ikkita) ijrosidagi gollari ofsayd tufayli bekor qilindi, lekin ular keyingi urinishlarda hisobga olinadigan gollar urishi muqarrardek edi. Tanaffusga qadar janubiy amerikaliklar ofsaydlar soni (7) bo‘yicha JCh-2018 davomidagi ko‘rsatkichini (!) yangilab qo‘ydi. Buni hamma har xil talqin etdi. Braziliyadagi taniqli telekanallardan biri VAR ni tomoshaning asosiy dushmani deb atadi, ammo adolat uchun aytish kerakki, bu Saudiya Arabistoni mudofaa chizig‘ining sa’y-harakatlari natijasi bo‘ldi.

Buni esa Erve Renar uchun maqtov deb ham baholash mumkin. 54 yoshli fransuz mutaxassisi Afrikadagi faoliyati orqali ko‘zga tashlangandi, u bu qit’ada besh terma jamoa bilan ishlab, Zambiya va Kot-d'Ivuarni Afrika chempioni qilgan. Endi esa bu qit’ada «Oq shaman» laqabini olgan mutaxassis Osiyoni zabt etmoqda.

Birinchi bo‘limda arablar favoritni ofsayd qopqoniga tushirishda benazir harakat qildi. Ikkinchi bo‘limda esa argentinalik himoyachilarni jazolay boshlashdi — himoyachilar ochiqchasiga oliftalik qilib, jarima maydonida bunday turnirga yarashmaydigan xatolarga yo‘l qo‘yishdi.

Natijada Ash-Shahriy Romeroni yo‘ldan olib, hisobni tenglashtirdi. Ko‘p o‘tmay Ad-Dovsariy birinchi muvaffaqiyat to‘lqinida qoyilmaqom gol urdi, u o‘ziga qarshilik qilgan De Paulni dog‘da qoldirgan holda to‘pni darvozaning olis burchagi tomon yo‘lladi.

Buyog‘iga saudiyaliklar natijani saqlab qolish uchun jonini berishdi. Himoyachilardan biri qulay pozitsiyaga chiqib borgan Messining oyog‘iga tashlanib, hujumni bartaraf etdi. Darvozabon Al-Ovays esa Talyafikoning yaqin masofadan bergan zarbasiga aql bovar qilmas harakat bilan tashlandi. Darvozabon o‘yin oxirida to‘pga tashlanish vaqtida o‘z himoyachisi Ash-Shahroniyni ham ayamadi.

Shu kungacha 37 o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriya qayd etib kelgan Argentina Italiyaning rekordini takrorlash arafasida to‘xtadi. Buni faqat aqldan ozgan yoki voqealarni oldindan ko‘ra biluvchi odam bashorat qilishi mumkin edi. Bu tarsaki Janubiy Amerika chempionlarini yanada kuchliroq qiladimi yoki Messining Qatardagi turnir uchun maxsus tikilgan oltin butsalari uni baribir yashirin orzusiga erishtira olmaydimi, buni vaqt ko‘rsatadi. Agar jamoa o‘yinida o‘zgarish bo‘lmasa — barchasi juda tez yakunlanishi mumkin.

D guruhi

Top-jamoalar bu turnirda qiynaladigan ko‘rinmoqda. Oldingi Yevro yarimfinalchisi Tunisga qarshi hech narsa qila olmadi

Daniya – Tunis 0:0 (0:0, 0:0)
Daniya – Shmeyhel, Kristensen, Ker (Yyensen, 65), Kristensen, Andersen, Mele, Dileyni (Damsgor, 45), Eriksen, Heyberg, Dolberg (Kornelius, 65), Olsen (Lindstrem, 65).
Tunis – Damen, Dreger (Keshrida, 88), Merya, Bronn, Talbi, Abdi, Sxiri, Layduniy (Sassi, 88), Sliman (Sliti, 67), Msakni (Mejbri, 80), Jyebali (Xenissi, 80).
Ogohlantirishlar: Kristensen (24), Yyensen (78), Xenissi (86).

Daniyaga Eriksen ham yordam berolmadi

Jahon chempionati ishtirokchilari orasida Qatarni inson huquqlari buzilishida ayblashda faol bo‘lganlardan biri Daniya edi. Terma jamoa formasida ham norozilik belgisi sifatida logotiplar ko‘rinmaydi, uchinchi komplekt esa butkul qora rangda — JCh obektlari qurilishida halok bo‘lgan ishchilar xotirasi uchun. Ularning birinchi turdagi raqibi — Tunis ham turnir arafasida sportga aloqasi yo‘q bo‘lgan sabab bilan media mavzusiga aylangandi. Hatto mamlakat hukumati futbol federatsiyasi ishiga aralashayotgani vaji bilan terma jamoani turnirdan chetlatishlari mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgandi, ammo FIFA yakunda ogohlantirish berish bilan cheklandi.

Daniya Qatarga istalgan raqibga muammo tug‘dirishi mumkin bo‘lgan sirli toychoq sifatida tashrif buyurgandi. Rossiyadagi jahon chempionatida daniyaliklar faqat penaltilar seriyasida bo‘lajak finalchilar — xorvatlarga yutqazishgandi, Yevro-2020 da esa yarimfinalga qadar yetib borib, Angliya bilan  tengma-teng o‘yin ko‘rsatgan, ammo overtaymda penaltidan gol o‘tkazgan holda turnirni tark etgandi. Bu jahon chempionatida ham tarkib o‘sha-o‘sha — buning ustiga, bir yarim yil avval jonli efirda hushidan ketgan Kristian Eriksen yana jamoa bilan. Muxlislar bu jamoadan kamida pley-offga chiqishni kutishga haqli.

Tunis terma jamoasi bosh murabbiyi Jalol Qadriy bunday darajadagi raqib bilan ikkinchi raqam ostida o‘ynash kerakligini to‘g‘ri angladi. Shu tufayli, u katta ehtimol bilan jamoaning taniqli va tajribali futbolchisi Vahbi Hazrini zaxirada qoldirdi — boshlang‘ich tarkibda hujum uchligida tezkor futbolchilar tushirildi. Ammo jamoa o‘yini uch markaziy himoyachi va tayanch yarimhimoyasidagi Sxiri — Layduni juftligi asosiga qurildi. Layduni uchinchi daqiqadayoq podkat bilan Eriksenni to‘psiz qoldirib, ko‘kragiga urgancha jilmayib, jamoa qanday kayfiyatda ekanini ko‘rsatdi (yakunda aynan u o‘yinning eng yaxshi futbolchisi deb topildi).

Jismonan yaxshi tayyorgarlik ko‘rsatgan Tunisning dinamikasi va tajovuzkorligi o‘yin teng kuchlar ostida kechishini ta’minladi. Daniyaliklar kutilganidek to‘pga egalik qilishdi, pozitsion hujumlar uyushtirishdi, Eriksen esa bir bo‘lim davomida 7-8 marta standart vaziyatni ijro etdi. Ammo afrikaliklar jamoasi astoydil himoyalandi va skandinavliklar hujumlari dinamikasini o‘chirib turdi. Asosiysi — tunisliklar daniyaliklarning so‘nggi yillardagi quroli bo‘lgan qanotlarini muvaffaqiyatli yopa oldi. Bundan tashqari, Tunis tanaffusga hisobdagi ustunlik bilan yo‘l olishi mumkin edi, ammo avvaliga hakam Jyebalining golini ofsayd tufayli bekor qildi, keyin shu futbolchining zarbasini Shmeyxel mo‘jizaviy seyv bilan to‘sib qoldi. Yakunda — zarbalar bo‘yicha hisob 8:3, tunisliklar foydasiga. Buni turnirning eng kamtarona tarkibiga ega bo‘lgan jamoadan hech kim kutmagani aniq.

Ikkinchi bo‘limda Daniya o‘z o‘yinini topa boshlagandek ko‘rindi — to‘p tez-tez Damen qo‘riqlayotgan darvoza joylashgan jarima maydoniga olib borildi. 56-daqiqada to‘p darvoza to‘ridan joy ham oldi, ammo bu safar ham hakam golni bekor qildi — yana ofsayd. 70-daqiqada daniyaliklar faolligi pik nuqtasiga chiqdi — avvaliga Damen Eriksenning o‘ta murakkab zarbasini qaytardi, keyin zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Kornelius negadir bir metrlik masofadan turib to‘pga oyoq bilan emas, bosh bilan zarba berishga qaror qildi — natijada to‘p darvoza ustuniga tegdi.

Tunis zarbalarga turib berishda va himoyalanishda davom etdi — ahyon-ahyonda qarshi hujumlarga chiqildi, ammo Daniya to‘pni uzluksiz ravishda havodan jarima maydoniga oshirib berishdan boshqa narsa o‘ylab topa olmadi (asosan Eriksenning burchak zarbalari). Kristian o‘yin davomida standart vaziyatlarni ijro etishdagi jyestlar bo‘yicha butun kolleksiyani namoyish etdi, ammo skandinavlar baribir maqsadga erisha olmadi. Qo‘shimcha daqiqalarda drama ro‘y berishi mumkin edi — VAR arbitrni tunisliklar o‘z jarima maydonida qo‘li bilan o‘ynagani ehtimolini tekshirishga chaqirdi, ammo epizod videotakroridan keyin hakam «nuqta»ni ko‘rsatmadi.

Yakunda — jahon chempionatidagi ilk 0:0 hisobi qayd etildi. Ammo o‘yin ancha tomoshabop kechdi — kuchsiz tarkibda bo‘lgan jamoa favoritga qarshi o‘yinda raqibni o‘zi uchun qoniqarli natijaga majbur eta oldi. Tunis yana bir bor qisqa muddatli turnirlarda intizom va fidoyilik bilan saviyadagi farqni yo‘qqa chiqarish mumkinligini namoyish etdi. Aftidan, Qatarda bunday o‘yinlar ko‘p bo‘ladi.

C guruhi

Levandovski startni barbod qildi. U tufayli Polsha muhim g‘alabadan quruq qoldi, Ochoa esa — yana qahramon.

Meksika – Polsha 0:0
Meksika – Ochoa, Sanches, Moreno, Montes, Galyardo, Errera (Rodriges, 71), Chaves, Alvares, Losano, Martin (Himenes, 71), Vega (Antuna, 84).
Polsha – Shchensni, Kesh, Glik, Kiver, Bereshinski, Kaminski, Krixovyak, Zelinski (Milik, 87), Shimanski (Frankovski, 72), Levandovski, Zalevski (Belik, 46).
Ogohlantirishlar: Sanches (29), Moreno (56), Frankovski (76). 
Aniq ijro etilmagan penalti: Levandovski (Polsha), 58.

Chempionat startiga qadar S guruhida barchasi oldindan ma’lumdek ko‘ringandi: Argentina — 1/8 finalga chiqishi aniq bo‘lgan yaqqol favorit, guruhda qolib ketadigan yaqqol autsayder — Saudiya Arabistoni. Meksika va Polsha esa pley-off uchun kurash olib boradi. Ularning birinchi turdagi o‘zaro to‘qnashuvi ko‘p narsaga oydinlik kiritishi kerak edi.

Ammo bu farazlar «974» stadionida (dengizdagi tashuvlar uchun qo‘llanadigan konteynerlardan barpo etilgan unikal qurilma, u jahon chempionatidan keyin yana buzib tashlanadi)gi o‘yindan keyin barbod bo‘ldi. Saudiya Arabistoni sensatsiya ko‘rsatib, g‘alabaga erishgach, avtomatik ravishda pley-offga chiqish uchun da’vogarga aylandi — qisqa muddatli turnirlarda shunaqasi ham bo‘lishi mumkin.

Holbuki Qatar va Eronning birinchi turda ko‘rsatgan o‘yinidan keyin ko‘pchilik JCh-2026 turnirida jamoalar soni oshirilib, Osiyodan yoki sakkiz yoki to‘qqiz jamoa ishtirok etishini nazarda tutgan holda, mundial ishtirokchilari soni oshirilishi haqidagi qarorni yanada qizg‘in tanqid qila boshlagandi. Lekin Saudiya Arabistonining g‘alabasi bunday fikrlar shoshilinch bo‘lganini ko‘rsatib berdi, qolaversa bu g‘alaba avtobus qo‘yish orqali qo‘lga kiritilgan tasodifiy natija emasdi. Arablar o‘yinning uchdan ikki qismida himoya chizig‘ini ancha oldinroqda o‘rnatishdi va o‘yin oxiriga qadar jarima maydoniga qamalib olishga harakat qilmadi.

Saudiyaliklarning keyingi raqiblari Polsha va Meksika esa kutilgan o‘yinni namoyish eta olishmadi. Meksikaliklar nisbatan faolroq bo‘lishga intilishdi — ular baribir KONKAKAF zonasida birinchi raqamda o‘ynashga odatlanishgan, qolaversa bosh murabbiy Xerardo Martino Marselo Belsaning izdoshi sanaladi va «Barselona» bilan ishlagan, bu esa uning o‘yin falsafasi haqida ko‘p narsani anglatadi, Polsha esa hatto Saudiya Arabistoni yoki Tunisdan ko‘ra passivroq harakat qildi. Cheslav Mixnevich jamoasida sxema gibrid ko‘rinishda edi: to‘p jamoada bo‘lganida himoyachilar soni to‘rt nafar, jamoa chuqur himoyalanganda esa chap qanot o‘yinchisi Nikola Zalevski himoyaga yordam berdi. Vaqti-vaqti bilan o‘ng qanot vakili Yakub Kaminski ham himoyachilar bilan bir liniyada joylashdi.

O‘yin oldidan zamonaning eng yaxshi hujumchilaridan biri Robert Levandovski va Meksika termasi darvozaboni Gilermo Ochoa raqobati haqida gapirishdi, darvozabon Yevropada klub darajasida yorqin faoliyatga ega bo‘lolmadi, ammo u har safar jahon chempionatlarida fantastik o‘yin ko‘rsatadi. O‘yinning bir soati davomida bu afisha o‘zini oqlamayotgandek edi, ammo baribir bu syujyet ro‘y berdi. Bu epizod juda zerikarli o‘yinni biroz bo‘lsa-da tomoshabop qilib berdi.

Aytish kerakki, bu qarama-qarshilik tom ma’noda to‘g‘ridan to‘g‘ri ro‘y berdi — futbolchilar 11 metrlik jarima zarbasida duel o‘tkazishdi. Levandovski yana bir bor hujumda o‘ziga taqdim etilgan kichik imkoniyatdan naf chiqarishini ko‘rsatdi. Lekin jahon chempionatiga qandaydir magiya bilan tashrif buyuradigan Ochoa polyakni dog‘da qoldirdi — u o‘zini boshqa burchakka sakrayotgandek ko‘rsatdi, amalda esa qarama-qarshi burchakka tashlandi, Levandovski ham o‘sha burchakni nishonga olgandi.

O‘yin qanday kechganini ifodalovchi asosiy ko‘rsatkich shuki, bu polshaliklarning 90+4-daqiqa davomida darvoza sohasiga aniq yo‘llagan yagona zarbasi bo‘lib qoldi. Meksika esa Ochoaning seyvidan keyin tetiklashdi, o‘n daqiqa davomida hujumkor o‘yin ko‘rsatishdi, ammo keyin polyaklar o‘yinni yana quritib tashlashdi.

Endi ikki jamoa ham masalani Argentina va Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yinlarda hal etishga urinib ko‘rishadi. Hozirda S guruhi kutilmaganda bu turnirdagi eng chalkash va intrigali guruhga aylandi.

D guruhi

Mbappe uchta golni tashkillashtirdi, Jiru Anrining rekordini takrorladi. Fransiya chempionlikni himoya qilishni boshladi

Fransiya — Avstraliya 4:1
Gollar: Rabo (27), Jiru (32, 71), Mbappe (68) — Gudvin (9).
Fransiya – Loris, Pavar (Kunde, 89), Upamekano, Konate, Lyuka Ernandes (Teo Ernandes, 13), Rabo, Tchuameni (Fofana, 77), Jiru (Tyuram, 89), Grizmann, Dembele (Koman, 77), Mbappe. 
Avstraliya – Rayan, Atkinson (Degenek, 85), Suttar, Roulz, Behich, Muy, Irvayn (Bakkus, 85), Makgri (Mabil, 73), Lekki, Dyuk (Kammings, 56), Gudvin (Kuol, 74).
Ogohlantirishlar: Dyuk (55), Irvayn (80), Muy (90+5).

Jahon chempionlari sensatsiyalar kunini asosli g‘alaba bilan yakunlab berdi

Dide Desham bu yil omadsizlik bo‘yicha jahon chempioni bo‘lmoqda. Avvaliga u jamoa o‘yini asosi bo‘lgan ikki yarimhimoyachidan ayrildi — Pogba va Kante. Start arafasida — forvardlar Nkunku va Benzema safdan chiqdi. Bundan tashqari, darvozabon Menyan va himoyachi Kimpembe o‘yindan tashqari holatda, uning baxtiga bir oydan buyon maydonga tushmayotgan Varan safga qaytgan, ammo u faqat zayavkadan o‘rin olish bilan cheklandi.

Shunga qaramay, Fransiya bosh murabbiyi o‘z jamoasiga ishonishi, 25 nafar futbolchi esa yetarli ekanini aytdi. Chunki u Benzema o‘rniga hech kimni chaqirib o‘tirmadi va Nkunku o‘rniga Kolo Muanini yollash bilan cheklandi. Bu forvard o‘tgan mavsumda «Nant»da yaxshi o‘ynagandi, «Ayntraxt»ga o‘tgach esa, bundesliganing yangi a’zolari uchun rekord darajadagi samaradorlik ko‘rsatmoqda.

Lekin u ham kutilganidek boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olmadi, ammo startda syurprizlar yetarli edi. Birinchidan, markaziy himoya uchun eng kutilmagan juftlik tanlandi, «Bavariya» a’zosi Upamekano va bu mavsum «Liverpul»da deyarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotgan Konate ilk daqiqalardan harakat qildi. Ikkinchidan, JCh-2018 g‘olibligini olib kelgan 4-2-3-1 sxemasiga qaytilishi haqidagi gaplar yolg‘on bo‘lib chiqdi. Desham eng yaxshi mudofaa — hujum, degan qarorga keldi va ilk daqiqalardan forvardlar to‘rtligini maydonga tushirdi.

Bu mantiqiydek edi, chunki raqib nisbatan kuchsiz Avstraliya, ammo argentinaliklarning achchiq tajribasi ham yoddan chiqarmaslik talab etilardi. Janubiy Amerika chempionlari ham Lo Selsoning o‘rnini bosuvchi futbolchi topa olmasdan, hujumkor futbolchilar sonini oshirishga qaror qilgandi. Argentinaliklar o‘yinni juda yaxshi boshlashgandi, ammo yakun kamida keyingi turgacha muhokamalar markazida bo‘ladi.

Ammo Argentinaning o‘yinida barcha dahshatli voqealar ikkinchi bo‘limda ro‘y bergan bo‘lsa, Fransiya o‘yin boshidanoq muvaffaqiyatsizlikka uchradi, chap qanotdan kirib kelgan Gudvin bir necha masofadan turib qaytarib bo‘lmas zarba yo‘llab, hisobni ochdi. Qolaversa, bu hujum vaqtida boshlang‘ich tarkibning yana bir kutilmagan vakili Lyuka Ernandez golli uzatmani to‘sishga intilib, ehtiyotsizlik tufayli jarohat oldi va o‘rnini o‘z egizagi Teoga bo‘shatib berdi («Bavariya» himoyachisi olti oyga safdan chiqqan).

Katta ehtimol bilan, bu pallada Desham Qatarga «Real» qanot himoyachisi Mendini olib kelmagani uchun afsuslangan. Faqat bu xayollar kichik Ernandez ideal uzatmasi bilan javob golini uyushtirganida tarqab ketdi. O‘yinda burilish Italiya chempionatining yana bir vakili — Rabo tomonidan amalga oshirildi. Yozda «MYu» uni moliyaviy talablari haddan tashqari yuqori ekani tufayli transfer qilishdan bosh tortgandi, ammo hozirda «Old Trafford»dagilar bu qaror uchun afsuslanayotgan bo‘lishi mumkin.

«Yuventus»da juda zo‘r mavsum o‘tkazayotgan Rabo terma jamoadagi raqobatda ham ustun keldi va avstraliyaliklar bilan o‘yinda qahramonga aylandi. U avvaliga o‘zi gol urdi, keyin pressingda namunali ishtirok etib, Mbappening tovoni bilan bergan pasidan keyin Jiru uchranglilar safidagi 50-golini urishiga yordam berdi. Endilikda «Milan» forvardining yana bir aniq zarbasi unga terma jamoaning eng yaxshi mergani Terri Anri bilan tenglashib olish imkonini beradi. Fransiya terma jamoasidagi bunday yorqin debyut — gol va golli uzatma — Rabogacha oxirgi marta chempionlik nishonlangan 1998 yilgi chempionatda Kristoff Dyugarri bilan bo‘lgandi.

Kecha qahramonlari qatorida Mbappeni ham e’tirof etmasdan bo‘lmaydi. U giperfaol, juda foydali bo‘ldi va shu bilan birga hadeganda gol ura olmadi. «PSJ» hujumchisi Jiruning birinchi golida qatnashdi, keyin esa o‘z zarbasi bilan amalda o‘yin masalasini hal qildi. Bunga qadar hisob xavotirli edi, chunki mudofaadagi muammolar hech qayerga ketmagandi, hisob 1:2 ekanida Irvaynning zarbasi ustunga tegdi.

Ammo jahon birinchiliklarida 20-bor sardor sifatida terma jamoa darvozasini qo‘riqlagan Lloris o‘z darvozasidan boshqa gol olib chiqmadi. Jahon chempionlari esa titul himoyasini ishonchli g‘alaba bilan boshlashdi.

O‘yinlardagi barcha gollar videosi FIFA rasmiy saytida 

Mavzu
Qatar-2022
20 noyabr kuni Qatarda futbol bo‘yicha jahon chempionati boshlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top