12:20 / 24.11.2022
7252

OAV: AQSh Rossiyaning kimyoviy qurol ishlatishi mumkinligidan xavotirda

Vashington Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushda kimyoviy qurol qo‘llash ehtimolini jiddiy qabul qilmoqda. Bu haqda Oq uyning bir necha vakillariga tayanib Politico xabar berdi. 

Foto: Gavriil Grigorov/Tass

Bayden ma’muriyatining fikricha, Putin yadroviy quroldan ko‘ra kimyoviy qurolga murojaat qilishi mumkin, shuning uchun Qo‘shma Shtatlar ittifoqchilar bilan bunday ssenariyga tayyorgarlik ko‘rish zarurligini muhokama qilmoqda

Nashrning ta’kidlashicha, Pentagonda Rossiya qo‘shinlari tomonidan kimyoviy hujumlarni bevosita tayyorlash ishlari ketayotgani haqida ma’lumotlar yo‘q. 

Bundan oldin AQShning yangi mudofaa strategiyasida Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi fonida «o‘tkir tahdid» deb atalgandi. 

«So‘nggi voqealar Rossiya tomonidan kelayotgan keskin tahdidni ko‘rsatmoqda. Rossiya hukumati qo‘shnilarining mustaqilligini mensimagan holda, chegaralarni o‘zgartirish va imperialistik tuzumni tiklash uchun kuch ishlatishga harakat qilmoqda», deyiladi hujjatda.

«Xitoydan farqli o‘laroq, Rossiya uzoq muddatda AQShga tizimli ravishda e’tiroz bildira olmaydi. Lekin Rossiya agressiyasi bizning manfaatlarimiz va qadriyatlarimizga to‘g‘ridan to‘g‘ri va keskin tahdiddir», - dedi AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin.

Hujjatda Rossiyadan keladigan xavflar qatorida AQShning o‘ziga ham, uning ittifoqchilari va hamkorlariga ham yadroviy tahdid, uzoq masofaga uchuvchi qanotli raketalar tahdidi, kiber va axborot tahdidlari, kimyoviy va biologik qurollar tahdidi sanab o‘tilgan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top