16:59 / 25.11.2022
10721

Buxoroda 1 mlrd so‘mlik pirotexnika vositalarining yashirin oldi-sotdisi fosh qilindi

Pirotexnika vositalari Buxoro shahridagi ov qurollarini sotish uchun mo‘ljallangan savdo do‘konidan yuk mashinasiga ortib olib chiqilgan. 

Davlat bojxona qo‘mitasi va Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda yirik miqdordagi pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi xabar berdi

Ma’lum qilinishicha, Buxoro shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda avvaldan kuzatuvga olingan shaxs yuk avtotransport vositasiga ortilgan pirotexnika vositalarini 83 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, shundan 50 ming AQSh dollarini qabul qilib olayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Pirotexnika vositalari 19 turdagi 7 016 dona salyutdan iborat ekanligi hamda u shahardagi ov qurollarini sotish uchun mo‘ljallangan savdo do‘konidan yuk avtotransport vositasiga ortilganligi aniqlangan. 

Mazkur salyutlar xavflilikning II klassiga tegishli bo‘lib, 2021 yilning 2 dekabridan e’tiboran jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi, realizatsiya qilinishi va foydalanilishi taqiqlanadi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra ushbu holatda olib qo‘yilgan pirotexnika vositalarining umumiy qiymati 1 mlrd so‘mni tashkil qilmoqda”, — deyiladi qo‘mita xabarida.

Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Top