17:54 / 25.11.2022
52100

Yangi o‘lim quroli - «Lanset». Rossiya bu dronni qayerdan oldi va u qanchalik samarali?

So‘nggi haftalarda Rossiya kuchlari Ukraina qo‘shinlariga qarshi zarbdor dronlardan faol foydalana boshladi. Rossiya nashrlari va blogerlari «Lanset» kamikadze dronidan ommaviy ravishda foydalanish kerakligi haqida ishtiyoq bilan yozmoqda. Ular allaqachon bu qurolni frontdagi vaziyatni tubdan o‘zgartiruvchi omil deb atadi.

Foto: ZALA AERO

«Lanset» (tibbiyotda yiringlarni kesuvchi o‘tkir skalpel nomi) o‘zining mashhur turdoshi «Kub» kabi o‘q-dorilar tashuvchi drondir. Ya’ni ular havoda uzoq vaqt davomida nishonni kuzatib uchuvchi va unga tezkor zarba beruvchi jangovar dron hisoblanadi.

Dron bu nomni o‘zining yuqori aniqligi sabab olgan.

Eng oxirgi modifikatsiyali kamikadze dronining (Lanset-3) maksimal tezligi gorizontal parvozda 110 km/soat, nishonga hujum qilishda esa 300 km/soatni tashkil qiladi. Havodagi harakat uzoqligi — 40-50 km. Dronning o‘zi taxminan 12 kg, shundan jangovar kallak (yuqori portlovchi snaryad) og‘irligi 5 kg. Qurilma havoda taxminan bir soat davomida ucha oladi.

Ukrainadagi jang maydonlarida «Lanset»dan muvaffaqiyatli foydalanilgani aks etgan videolar rossiyalik harbiy bloger va jurnalistlarning Telegram-kanallarida oktyabr oyi oxiri va noyabr oyi boshida paydo bo‘la boshladi.

Ukrain tanki «Lanset» zarbasiga uchramoqda. Videodan stop-kadr
Manba: ALeKSANDR SLADKOV

Bundan tashqari, Rossiya mudofaa vazirligi o‘z hisobotlarida ushbu qurilmadan «muvaffaqiyatli foydalanish»ga katta e’tibor qaratdi va uni Rossiyaning eng samarali droni deb atadi.

Ukraina harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligi ham so‘nggi paytlarda bunday dronlardan frontda keng qo‘llana boshlanganini tan oldi.

Yangi mo‘jizakor qurol

Ushbu rus droni eng ko‘p epitetlarni, birinchi navbatda, Rossiya Federatsiyasining harbiy kuzatuvchilari va ekspertlaridan olyapti.

Xususan, Rossiya bosh shtabi sobiq xodimi Mixail Xodarenok «Lanset» o‘zining amerikalik turdoshi — «Switchblade-600» dronidan sezilarli darajada ustun ekanini ta’kidlaydi.

Rostdan ham, qanotlarning g‘ayrioddiy joylashuvi (Rossiya droni qanotlari X shaklida) tufayli dron manyovr va hujum qilishda afzalliklarga egadek ko‘rinadi.

Rossiyalik harbiy ekspert «Lanset»ning razvedkachi «Orlan» droni bilan birga ishlatilishiga e’tibor qaratgan. «Orlan» nishonni aniqlab beradi, «Lanset» esa uni yo‘q qiladi.

Odatda, shu usul bilan rus qo‘shinlari Ukrainaning zenit-raketa tizimlarini ishdan chiqarishga harakat qilyapti. 

Ekspertning ishonishicha, Rossiya «Lanset-Orlan» dueti yordamida yaqin kelajakda Ukraina havo mudofaasini yengib o‘ta oladi.

«Albatta, «Buk» va «Osa-AKM» kabi havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari Ukraina qurolli kuchlari tasarrufida hanuz ma’lum miqdorda mavjud va ular uchuvchilarimiz uchun noqulayliklar tug‘dirmoqda. Ammo to‘qnashuv chizig‘ida «Lanset» va «Kub» dronlari soni ortgach, ular ertami-kechmi Ukrainaning zenit tizimlarini amalda yo‘q qiladi va frontdagi janglarga asosiy aviatsiya ham qo‘shiladi», — deb yozadi Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari bosh shtabining sobiq katta ofitseri Xodarenok.

Uning ta’kidlashicha, Rossiya tomonidan zarba beruvchi dronlardan samarali foydalanish hozirda Kiyev uchun eng katta muammo hisoblanadi.

U bu fikrini 16 noyabr kuni Germaniya Ukraina armiyasiga dronga qarshi tizimlar partiyasini yetkazib bergani haqidagi ma’lumot bilan dalillaydi.

«Ro‘yxatni ochsak, Ukraina qurolli kuchlariga nima ko‘proq zarar keltirayotganini bilishimiz mumkin. Ukraina dronlarga qarshi 10 datchik va signal so‘ndirgich so‘ragan. Bu shuni anglatadiki, «Geran» va «Lanset» Kiyev uchun haqiqiy boshog‘rig‘i bo‘lmoqda», deydi Xodarenok.

Butunrossiya davlat teleradiokompaniyasining (VGTRK) rossiyalik harbiy mutaxassisi Aleksandr Sladkov ham «Lanset»dan foydalanishga oid videolarni o‘z kanaliga yuklab boradi. U yetakchi rus propagandachilaridan biri bo‘lib, ukrainalik harbiy asirlarni so‘roq qilish bilan ham shug‘ullangan.

Sladkov bir milliondan ortiq obunachiga ega bo‘lgan Telegram-kanaliga noyabr oyi boshidan beri muntazam ravishda Rossiyaning zarbdor dronlari videolarni yuklab keladi.

Uning harakati shuni ko‘rsatadiki, «Lanset»dan foydalanish bilan bog‘liq kontent so‘nggi vaqtlarda ko‘paygan.

Harbiy jurnalistning qayd etishicha, bu dronlar Ukraina qurolli kuchlari texnikalarini, masalan, M777 gaubitsalarini «dastalab» yoki «birin-ketin» yo‘q qiladi.

«Lanset uchun avtoritet yo‘q», deya o‘zini quvontiradi Rossiya propagandachisi.

Rossiyaning «Rybar» Telegram-kanali hatto «Lanset»ning so‘nggi bir oy ichida (13 oktyabrdan 12 noyabrgacha) go‘yoki qancha texnika yo‘q qilgani yoki shikastlaganini hisoblab chiqqan. Unga ko‘ra, dron 11 gaubitsa, 7 tank va o‘ziyurar artilleriya qurilmasi, oltita zirhli mashina, 4 ta havo hujumidan himoya tizimi va 5 ta radiolokatsiya tizimi, uchta C-300 raketa tizimi va nihoyat bitta zirhli katerni safdan chiqargan.

Rossiyaliklar ishonch bilan bu dronlarga qarshi kurashishni imkonsiz ekanini aytmoqda. «Anti-lazer himoyasi tufayli «Lanset»larni tutib olish yoki yo‘q qilish deyarli mumkin emas», deb yozadi «Vestnik PVO i VKS» Telegram-kanali.

Biroq, Ukraina qurolli kuchlari bu borada boshqacha fikrda. Bunday dronlarning birinchi nusxasi Ukraina kuchlari tomonidan iyul oyi o‘rtalarida Zaporijjya viloyatida urib tushirilgan va tegishli fotosuratlar tarmoqqa joylashtirilgan. Oradan bir hafta o‘tib, yana bir xudkush dron Mikolayiv oblastidagi radar stansiyasiga hujum qilmoqchi bo‘lgan vaqtda urib tushirilgan.

Oktyabr oyida Ukraina tomoni harbiy-havo kuchlari qiruvchi samolyot yordamida ikkita «Lanset»ni urib tushirishga muvaffaq bo‘lingani haqida xabar berdi.

Dron haqiqatan ham shunchalik samaralimi?

«Vaziyat o‘zgardi. Bugun bizda dronlar bo‘yicha ustunlik yo‘q. Ayniqsa, zarbdor dronlar borasida. Va bu yerda muammo sifatda emas, sonda», — deya noyabr oyi boshidagi front chizig‘idagi holatni izohladi dron ishlab chiqish bo‘yicha ukrainalik mutaxassis Yuriy Kasyanov.

Ukraina armiyasining M777 rusumli gaubitsasiga hujum qilayotgan «Lanset», 17 noyabr. Videodan stop-kadr.
Manba: ALeKSANDR SLADKOV

Uning fikricha, asosiy muammo Ukraina armiyasida dronlar, ayniqsa zarbdor dronlar sezilarli darajada yetishmasligidir. Bu esa, o‘z navbatida, Ukrainada Rossiya va Erondan farqli o‘laroq, dronlarni ommaviy ishlab chiqarish jarayoni yo‘lga qo‘yilmagani bilan bog‘liq.

Mutaxassis turli ukrainalik rasmiylarning Moskva xorijiy elektronikasiz bu turdagi qurollarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ya olmasligi haqidagi bayonotlarini «ura-patriotizm va dushmanni mensimaslik» deya atagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, urush boshida Ukraina armiyasi haqiqatan ham harbiy vazifalar uchun qayta ishlangan ko‘plab «uy» dronlariga ega bo‘lgan. Ammo Ukraina zarbdor dronlarni sanoat darajasida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga endi harakat qilmoqda.

Bu masalada G‘arbdagi hamkorlardan ham yordam kam. Shu turdagi dronlar ishlab chiqaruvchi Isroil Kiyevga deyarli halokatli qurollar yetkazib bermaydi, AQSh esa Ukraina qurolli kuchlarining katta qismini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan miqdorga ega emas.

«Odatda «Lanset»lar harbiy texnikalarni yo‘q qilish uchun emas, balki dushmanning o‘q otish nuqtalarini buzish, shaxsiy tarkib yoki yuk mashinalari kabi zirhsiz transportlarni yo‘q qilish uchun ishlatiladi», deydi Kasyanov.

«Lanset» shu vazifaga mos parametrlarga ega. Uning jangovar kallagi 3-5 kg, parvoz masofasi esa taxminan 40 km.

Bu Rossiya Ukrainani o‘qqa tutishda keng ko‘lamda foydalanayotgan Eronning «Shahid-136» (ikkinchi nomi «Geran-2») droni parametrlaridan juda katta farq qiladi. Uning jangovar kallagi «Lanset»nikidan 10 barobar ko‘p, parvoz masofasi esa deyarli 1500 kilometrni tashkil etadi.

Biroq, Yuriy Kasyanovning ta’kidlashicha, bu dronlarni solishtirish kerak emas, chunki ular butunlay boshqa vazifalarni bajaradi. Agar Eron dronlaridan mamlakat ichidagi yirik infratuzilma obektlarini yo‘q qilish uchun foydalanilsa, «Lanset»lar jang maydoni dronlaridir. Ular front chizig‘idagi alohida radiolokatsion va havo hujumidan himoya tizimlari bilan ishlaydi.

«Bular mutlaqo boshqa sinflar. Bu xuddi qanotli raketa va uchuvchili qiruvchi samolyotni solishtirishga o‘xshaydi. Ular butunlay boshqacha qurollar va butunlay boshqacha urush usullari», deydi Kasyanov.

Rossiya xudkush dronlarining samaradorligi borasida ukrainalik mutaxassis jangovar kallakning kichik o‘lchami va ular ishlovchi masofa qisqaligiga e’tibor qaratadi. Masalan, «Kub» droni 10-20 km masofada ishlaydi va 3 kilogrammgacha bo‘lgan o‘q-dorini olib yuradi.

Ukraina osmonidagi Shahed. Foto: Reuters

Rossiya kamikadze dronlarining Ukrainadagi urush jarayoniga qanday ta’sir o‘tkazishi borasida, BBC nashri suhbatdoshi taxmin bildirishda o‘ta ehtiyotkor bo‘ladi.

«Jang maydonida «Lanset» kabi dronlardan foydalanish, albatta, dushmanga ma’lum afzalliklarni beradi, deb hisoblayman. Ammo shu bilan birga, bunday qurollardan foydalanish qandaydir tarzda urushning borishi va xarakteriga keskin ta’sir qilishi mumkin, deb ayta olmayman. Yo‘q, bu dronlar urushning natijasiga ta’sir qilmaydi», degan Kasyanov.

Kasyanovning qayd etishicha, bunday dronlarga qarshi kurashishning turli usullari mavjud, masalan, uni yerda, operator va boshqaruv stansiyasi bilan birga yo‘q qilish mumkin.

Rossiya «Lanset»larni qayerdan oldi?

Rossiyada bunday turdagi dronlarning paydo bo‘lishi, 2000-yillar o‘rtalaridan beri dronlar bilan shug‘ullanuvchi ZALA Aero kompaniyasi tashabbusi natijasidir.

Biroq, kompaniya havoda o‘q-dorilar olib yuruvchi dronlar loyihasi bilan 2010 yildan shug‘ullana boshlagan. Anonim qolishni istagan ekspertning BBC nashriga aytishicha, bunday dronlar avvalboshda Rossiya mudofaa vazirligini qiziqtirmagan va harbiylar bundan manfaatdor emasligini anglagan tijorat kompaniyalari ham bu turdagi dronlar ishlab chiqarilishga ortiqcha e’tibor bermagan.

Hozirda «Kalashnikov» kompaniyalari guruhi tarkibiga kiruvchi ZALA Aero bu turdagi dronlarni eksport uchun tayyorlay boshlagan. «Lanset» kompaniyaning birinchi mahsuloti emas, ungacha «Kub» droni ishlab chiqarilgan. Bu dron hozirda Rossiya armiyasi tomonidan ham qo‘llanadi.

«Kub» 2019 yilda Abu-Dabidagi ko‘rgazmada namoyish etiladi. «Lanset»ning premerasi esa 2019 yil yozida Moskva oblastidagi «Armiya» ko‘rgazmasida bo‘lib o‘tadi va u o‘sha paytda «Kalashnikov» stendidagi asosiy eksponat edi.

«Lanset» droni «Kalashnikov» stendida

Biroq, rossiyalik mutaxassis ta’kidlaganidek, Rossiya armiyasi kamikadze dronlarga ular Suriyada sinovdan o‘tkazilgandan keyingina qiziqa boshlagan.

Rossiya nashrlariga ko‘ra, sinovlar dron samaradorligini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, bu ularning ommaviy ishlab chiqarilishiga olib kelmagan. Chunki ular juda qimmat qurol bo‘lib tuyuladi, Suriyada esa ularni ishlatish uchun muhim nishonlar ko‘p bo‘lmagan. Ularning o‘rniga nishonlarni arzonroq qurollar, masalan, artilleriya yordamida yo‘q qilish mumkin edi.

Tashqi yordam

Rossiya dronlarni kerakli ehtiyot qismlari bilan qanday ta’minlayotgani sirligicha qolmoqda. Mutaxassislarning Rossiya o‘z manbalari bilan dronlar uchun barcha tarkibiy qismlarni ishlab chiqarish imkoniyatiga egaligi haqdagi shubhalari asosga ega.

Masalan, yaqin vaqtgacha rus ishlab chiqaruvchilarining o‘zlari bunday imkoniyatlari yo‘qligi haqida gapirib kelgan.

Shu sababli, Yuriy Kasyanovning fikricha, «Lanset»ning 80 foizi Xitoy komponentlaridan tayyorlanadi, ammo yakuniy yig‘ish va sozlash Rossiya zavodlarida amalga oshiriladi.

Ammo u dronlar uchun mikrosxemalar Rossiya Federatsiyasida ishlab chiqarilganini tan oldi.

«Ular dronlar ishlab chiqarishni muntazam yo‘lga qo‘yishi mumkin, biroq bu Xitoy ehtiyot qismlarni yetkazib berishiga bog‘liq bo‘ladi», deydi Kasyanov.

Ekspertning qo‘shimcha qilishicha, ayni vaqtda Rossiyada ilgari xitoylik yetkazib beruvchilardan sotib olingan dronlar uchun elektr motorlar va akkumulyatorlar ishlab chiqarish jarayoni allaqachon o‘zlashtirila boshlangan.

Sal oldinroq, 2021 yil aprel oyida, Strategiya va texnologiyalarni tahlil qilish markazi rahbari Ruslan Puxov «Gazeta.Ru» internet nashriga bergan intervyusida Rossiyada dronlarning kichik partiyalarini tayyorlash va ishlab chiqarish mumkinligini aytgan. Biroq ularni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishda xorijiy komponentlar bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘ladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Lanset»da bu ehtimol yuqori.

«Ommaviy ishlab chiqarish va qo‘shinlarni ushbu turdagi dronlar bilan to‘liq ta’minlashda jiddiy muammolarga duch kelamiz. Balki biz chet eldan ba’zi pozitsiyalar va texnologiyalarni sotib olish haqida o‘ylashimiz kerakdir», degan o‘shanda Puxov.

Barcha rus dronlarining zaif tomoni — ularni ommaviy ishlab chiqarishda kam ishonchli ichki yonish dvigateli yo‘qligi. «Lanset» elektr dvigateldan foydalansa-da, bu qurilma qayerdan kelib qolgani noma’lum.

Oktyabr oyida «Androidnaya texnika» ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi rahbari Yevgeniy Dudorov «RIA Novosti» nashriga bergan intervyusida Rossiyaning kopter va samolyot tipidagi dronlarida import qilingan (asosan, Xitoy va Yevropa Ittifoqi davlatlaridan) elektr dvigatellardan foydalanilishi va uning kompaniyasi ham shunday motorlarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanayotganini aytgandi.

Rossiya qancha miqdorda «Lanset» ishlab chiqara olishini aniqlash qiyin — bu ma’lumotlar maxfiy. Nazariy jihatdan, ushbu dronlarni ishlab chiqaruvchi ba’zi elementlarini bemalol chet eldan sotib olish mumkin.

«Rossiyada dronlarni seriyali ishlab chiqarish yaqindan boshlandi. Masalan, Kronshtadtdagi yirik «Orion» dronlarini ishlab chiqaruvchi zavod o‘tgan yili qurilgan», deb yozadi Strategiya va texnologiyalarni tahlil qilish markazi bilan bog‘langan BMPD harbiy blogi.

«Kub» droni davlat sinovlaridan bir yil avval o‘tgan», deydi «Vestnik PVO i VKS» Telegram-kanali.

2019 yilda taqdim etilgan «Lanset» dronlari, rus matbuoti va blogosferadagi izohlarga ko‘ra, frontdagi qo‘shinlarda faqatgina yozning oxiri va kuzning boshida paydo bo‘la boshlagan. «Rostex» rahbari Sergey Chemezovning aytishicha, agar buyurtma bo‘lsa, Rossiya korxonalari uni kerakli miqdorda yetkazib berishga tayyor.

Biroq avgust oyi oxirida Rossiya Telegram-kanallari ZALA Aero kompaniyasi bosh konstruktori Aleksandr Zaxarovning ishlab chiqarish quvvati yetishmasligidan shikoyat qilib, dronlar ishlab chiqarish uchun savdo markazlarini egallashni taklif qilgan so‘zlaridan iqtibos keltirgandi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top