07:17 / 26.11.2022
36127
Putinning navbatdagi spektakli: u oldindan tayyorlangan «askar onalari» bilan uchrashdi

Rossiyada noyabrning so‘nggi yakshanbasi onalar kuni sifatida nishonlanadi. Shu sanaga atab, RF prezidenti Vladimir Putin farzandlari «maxsus harbiy operatsiya»da ishtirok etgan onalar bilan uchrashdi. Biroq, «onalar»ning aksariyati feyk bo‘lib chiqdi.

Foto: Aleksandr SHCHerbak / TASS

Putinning Novo-Goroyova qarorgohida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘zlagan nutqi va boshqa tafsilotlar Kreml rasmiy saytida keltirilgan.

Bungacha Rossiyaning safarbar qilingan va muddatli harbiy xizmatga jo‘natilgan askarlari qarindoshlari «Onalar va rafiqalar kengashi»ga birlashgani xabar qilingan edi. Tashkilotga Rossiyaning 89 ta shaharidan ayollar a’zo bo‘lgan. Ular birgalikda prezident Putin, mudofaa vaziri Shoygu, Rossiya hukumati, Bosh harbiy prokuraturaga murojaat qilishgan, Sankt-Peterburgdagi G‘arbiy harbiy okrug shtabiga borishgan va mutasaddilar bilan uchrashish uchun sovuqda bir necha soat turishgan.

Yaqinlarini frontdan qaytarish istagida bo‘lgan ayollar Putin bilan ochiq uchrashuv talab qilishgan. Shu nomda uchrashuv tashkil qilingan, lekin «Onalar va rafiqalar kengashi»dan hech kim taklif qilinmagan.

Jurnalistlar Putin bilan uchrashuvda qatnashgan ayollarning ayrimlari Umumrossiya xalq fronti harakati hamda boshqa hukumatparast harakatlarning funksionerlari, amaldorlar va «Yedinaya Rossiya» partiyasi a’zolari ekanini aniqlashgan.

Uchrashuv qatnashchilarning ro‘yxati Kreml rasmiy saytiga ham ilingan.

Misol uchun, askarlarning muammolari haqida Putinga «Yedinaya Rossiya» deputati Olga Belseva hikoya qilib bergan.

Foto: kremlin.ru

Prezidentning yana bir suhbatdoshi Moskva oblasti Umumrossiya xalq fronti ijroiya qo‘mitasi rahbari Yuliya Belexova.

Yana bir ayol Nadejda Uzunova 2019 yilda Xakasiya rahbarining ichki siyosat bo‘yicha maslahatchisi bo‘lgan, ayni paytda Ust-Abakan «Jangovar birodarlik» harakatida safarbar qilinganlar uchun insonparvarlik yordami yig‘ishga mas’ul.

Uchrashuvda bo‘lgan Orexovo-Zuyevo jamoatchilik kengashi a’zosi Marina Migunova ham safarbar qilinganlar uchun insonparvarlik yordami to‘plash bilan shug‘ullanadi.

Putin bilan onalarning kulfati haqida gaplashish uchun Tuvadan amaldor ayol — Kaa-Xemsk rayoni ma’muriyatining oila, yoshlar va sport bo‘limi boshlig‘i Irina Tas-ool ham kelgan.

Foto: kremlin.ru

Putinning chap tomonida vatanparvarlik va pravoslavlik yo‘nalishda kino suratga olayotgan rejissyor Olesya Shigina o‘tirdi. Prezidentning o‘ng tomonida o‘tirgan qora ro‘molli ayol esa chechen aslzodalari vakili Jaradat Aguyeva edi. Uning o‘g‘illari oliy darajali kuch ishlatar tizim vakillari, «Zapad-Axmat» bataloni qo‘mondoni Ismoil Aguyev va Kurchaloy rayon IIB boshlig‘i Rustam Aguyev. Ikkisi ham Ukrainada jang qilmoqda. Ramzan Qodirov bir necha bor Rustam Aguyevni «og‘am» deb atagan. Ismoil Aguyevning jasoratlari haqida o‘z Telegram kanalida muntazam hikoya qilib boradi.

Putin bilan uchrashuv garchi «maxsus harbiy operatsiya»ga safarbar qilinganlarning onalari bilan uchrashuv deb atalgan bo‘lsa-da, farzandi Lugansk oblastida 2019 yilda vafot etgan Nina Pshenichkina ham ishtirok etdi, u farzandi Konstantin Pshenichkinning fotosuratini namoyish qilgan.

Foto: kremlin.ru

«Bilasizmi xayolimga nima keladi, avval ham bu haqda aytgan edim. Bizda 30 ming odam [yiliga] yo‘l-transport hodisalari tufayli vafot etadi, alkogol sababli yana taxminan shuncha. Hayot mana shunday murakkab va kitoblarda yozilganidan tubdan farq qiladi, kim qaysi dinga e’tiqod qilmasin, barchamiz Xudo, Alloh, Xrist irodasi ostidamiz, barchamiz o‘lamiz va Xudoning izmidamiz. Barchamiz bu yorug‘ olamni qachondir tark etamiz, bundan qochib bo‘lmaydi.

Masala qanday yashaganimizda. Axir kimlarningdir yashayotgani yo yashamayotgani tushunarsiz, aroqdanmi yo boshqa narsa tufayli bizni tark etadi. Yashadimi yo yashamadimi — bilinmaydi. Sizning o‘g‘lingiz esa yashadi, tushunyapsizmi? U maqsadiga erishgan. Bu degani, u hayotdan bekorga ketmadi. Shu ma’noda uning hayot yo‘li ahamiyatli bo‘lib chiqdi, natija ko‘rsatib yashab o‘tdi, boz ustiga o‘zi intilgan natijaga», — degan Putin N.Pshenichkinaga.

Jurnalistlar N.Pshenichkinaning o‘g‘li K.Pshenichkin 2019 yilda vafot etganiga e’tibor qaratishdi.

Konstantin Pshenichkinning qabri. Foto: twitter.com/666_mancer

«Hammasi oilaga bog‘liq. Farzandlaringiz, ularning aksariyati vatanga xizmat qilish, davlatni, vatanni qo‘riqlash, odamlarimizni himoya qilishdek taqdirni tanlagan ekan, bu ham, shubhasiz, sizlarning xizmatlaringiz», — degan Putin uchrashuvda.

Putinning YTH va alkogol oqibatida o‘lganlar bilan urushda o‘lganlarni solishtirishi rus jurnalistlari tomonidan tanqid ostiga olindi.

«Bu uning totalitar manifesti. Putin uchun faqat ikki xil yashab o‘lish usuli bor: maqsadsiz yashab o‘lish yoki davlat uchun o‘lish. Shunchaki insonning baxtli yashash uchun hayot kechirishi varianti yo‘q», deb yozdi jurnalist Mixail Fishman.

Top