09:06 / 26.11.2022
14807

Rossiya bahorgacha safarbar qilingan 100 ming kishini yo‘qotishga tayyor - OAV

Ukrainada halok bo‘lgan va yaralangan Rossiyaning safarbar qilingan harbiy xizmatchilari muddatli harbiy xizmatchilar bilan almashtirilishi kerak, deb yozadi "Vajnyye istorii" nashri "FSB" va Bosh shtabga yaqin manbalarga tayanib.

Foto: Evgeniy Maloletka / AP

Rossiya kuch tuzilmalari 2023 yil bahoriga qadar Ukrainaga qarshi urushga safarbar qilinganlar orasida halok bo‘lganlar va yaradorlar soni 100 ming kishiga yetishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Bu haqda 25 noyabr, juma kuni Rossiya Federatsiyasi Bosh shtabi va Federal xavfsizlik xizmati ("FXX") doiralarining bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan ikki manbasiga tayanib, "Vajnyye istorii" surishtiruv nashri xabar berdi.

"Umuman olganda, reja shunday: hozircha vaqtdan yutish va safarbar qilinganlar yordamida frontni barqarorlashtirish kerak. Keyin bahorda hammasini qaytadan boshlash kutilyapti", - deya "FXX"ga yaqin manbadan iqtibos keltiradi nashr. Shuningdek, u Rossiya Federatsiyasining siyosiy va harbiy rahbariyati katta yo‘qotishlarga tayyor ekanini aytdi: "Kelgusi yilning bahoriga kelib halok bo‘lganlar va yaradorlar soni 100 mingga yaqin bo‘lishi mumkin. Lekin bu hech kimni qo‘rqitmayapti: ular muddatli harbiy xizmatchilar bilan almashtiriladi".

Rossiyaning Ukrainadagi janglardagi yo‘qotishlari 100 mingga yaqin safarbar qilingan harbiylarni tashkil etishi haqidagi prognozni Bosh shtabga yaqin bo‘lgan "Vajnyye istorii" manbasi ham aytdi. "Hozirgi vazifa - frontni mustahkamlash va himoya qilish". "Odamlar yo‘qligi sababli ba’zan ikkinchi mudofaa chizig‘ida umuman hech kim yo‘q edi. Ba’zi joylarda 20 kilometrgacha bo‘lgan oraliqlar bo‘sh edi. Hozir bu joylar safarbar qilinganlar bilan to‘ldirilmoqda", - deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi nashr muallifi Roman Anin.

Ushbu manbaga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin "shuning uchun ham qisman safarbarlik to‘g‘risidagi farmonni bekor qilmayapti": Ukrainadagi yo‘qotishlarni 2023 yil bahoriga qadar tayyorlanishi rejalashtirilgan 120 ming chaqiriluvchi hisobidan qoplash.

31 oktyabr kuni Rossiya Bosh shtabining tashkiliy va safarbarlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Yevgeniy Burdinskiy "Krasnaya zvezda" gazetasiga bergan intervyusida kuzgi chaqiriluvchilar Rossiya tomonidan annexia qilingan Ukraina hududlariga yuborilmasligini va "maxsus harbiy operatsiyada qatnashmasligi"ni aytgandi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top