17:31 / 26.11.2022
31699

Sirdaryo viloyatiga hokim vazifasini bajaruvchi tayinlandi

Prezidentning tegishli farmoni bilan Akmal Mahmudaliyev zimmasiga Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajarish yuklatildi.

O‘zA xabariga ko‘ra, prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov boshchiligida Sirdaryo viloyatida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda mazkur farmon matni o‘qib eshittirilgan va yangi hokim jamoaga tanishtirilgan. 

Akmal Mahmudaliyev ko‘p yillar davlat idoralarida mehnat qilib, katta tajriba to‘plagan. 

U Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi, Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumani hokimi, Navoiy viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi (bunga qadar Tursinxon Xudaybergenov maslahatchi edi) hamda prezidentning davlat xizmati masalalari bo‘yicha maslahatchisi (bungacha vakant edi) lavozimlari tugatilib, ularning negizida yangi lavozim – prezidentning davlat xizmati, aholi bilan muloqot va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etilgandi. Prezident farmoni bilan ushbu lavozimga Sirdaryo viloyatining sobiq hokimi G‘ofur Mirzayev tayinlandi. Shu munosabat bilan u Sirdaryo viloyati hokimi lavozimidan ozod etildi.

Shuningdek, Prezident administratsiyasi rahbarining hududlardagi yordamchilari lavozimlari tashkil etiladi. Sardor Umrzoqovning yordamchilari bevosita o‘zlari biriktirilgan hududlarda ishlaydi va administratsiyaning hududlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqasini ta’minlaydi.

Top