21:43 / 26.11.2022
5977
Yevropa «Shimoliy oqim»dagi sabotajdan so‘ng, gaz quvurlari himoyasini kuchaytirdi

Yevropa davlatlari «Shimoliy oqim»dagi sabotajdan so‘ng, gaz quvurlari va boshqa energetika infratuzilmalarini himoya qilishni kuchaytirdi. 

Foto: The Wall Street Journal

The Wall Street Journal xabariga ko‘ra, Yevropa ittifoqi infratuzilma va uning holatini nazorat qilish uchun quruqlikda, dengizda va havoda patrullarni tashkil qilgan. 

O‘rtayer va Norvegiya dengizidagi gaz quvurlarining umumiy uzunligi 9650 km, dengizda mingdan ortiq neft va gaz inshootlari bor. Energetika va xavfsizlik bo‘yicha ekspertlarning fikricha, «Shimoliy oqim»dagi sabotajga o‘xshash falokat sodir bo‘lsa, tiklanish uchun bir necha oy yoki hatto bir necha yil kerak bo‘lishi mumkin. 

Hukumatlar patrullik qilish uchun politsiyachi va harbiylarni jalb qilmoqda. Italiya suv osti kemalari, suv osti dronlari va samolyotlardan foydalanyapti. 

«Shimoliy oqim»ning vayron qilinishi Yevropa infratuzilmasining sabotajga qarshi zaifligini ochib berdi. Agar bu signal bo‘lsa, demak, yevropaliklarga hamma joyda - gaz quvurlariga ham, shamol turbinalariga ham zarba berilishi mumkin», dedi Daniya harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondoni Yyens Kristoffersen. 

NATO Boltiq va Shimoliy dengizda harbiylar sonini oshirgan. Germaniya, Buyuk Britaniya va Fransiya harbiy-dengiz kuchlari Norvegiyaga NATO koordinatsiyasi ostida o‘z infratuzilmasini himoya qilishda yordam bermoqda. Buyuk Britaniya suv osti tahdidlarini aniqlash uchun jihozlangan ikkita kema sotib olmoqda. Ammo Yevropa armiyasi energiya infratuzilmasini to‘liq himoya qilish uchun zarur resurslarga ega emas, deb hisoblaydi Risk Intelligence kompaniyasi rahbari Tino Hansen. 

Sentyabr oyida «Shimoliy oqim 1» va «Shimoliy oqim 2» quvurlaridan gaz sizib chiqishi aniqlangan edi. Noyabr oyi o‘rtalarida Shvetsiya prokuraturasi gaz quvurlari portlovchi moddalar ta’sirida shikastlanganini aniqladi. 

Top