12:55 / 27.11.2022
12080

Samarqandda “Xalq banki” xodimi 3 ming dollar pora olayotganda ushlandi

U kredit to‘lovlarini to‘lamagan fuqarodan sud tomonidan tayinlanadigan 93 million so‘m davlat bojini yo‘qotib berish va sud ishini kechiktirish evaziga 3 ming dollar pul so‘ragan.

Videodan kadr

Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 21 noyabr kuni fuqaro huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bilan murojaat qilib, o‘zidan pora talab qilayotgan bank xodimiga chora ko‘rishni so‘ragan.

Fuqaroning murojaatiga ko‘ra, u ATB “Xalq banki”ning Samarqand viloyat filialidan 830 million so‘m kredit olgan. Kreditni rasmiylashtirishda fuqaroga tegishli xususiy korxona garovga qo‘yilgan. Fuqaro to‘lovlarni vaqtida to‘lay olmagani sababli kredit qarzdorligi bo‘yicha ish sudga oshirilgan.

Shundan so‘ng bank xodimi sud tomonidan tayinlanadigan 93 million so‘m davlat bojini yo‘qotib berishini va sud ishini kechiktirishini aytib, evaziga fuqarodan 3 ming dollar pul so‘ragan. Bank xodimi so‘ragan pulidan dastlab 1050 dollar olgan va qolgan 1950 dollarni talab qilgan.

Arizaga asosan 2022 yil 21 noyabr kuni IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi, DXX hamda viloyat prokuraturasi hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbir davomida bank xodimi ariza muallifidan 1950 dollar miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan.

Qayd etilishicha, bank xodimi Jinoyat protsessual kodeksining 227-moddasi tartibida ushlanib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Avvalroq, Surxondaryoda “Ipoteka-bank” ATIB viloyat filialining shu’ba mudiri tadbirkorga 500 million so‘m kredit ajratib berish evaziga 10 million so‘m olayotganda ushlangandi.

Top