19:13 / 28.11.2022
3793

Sanksiyalarni buzish «Yevropa Ittifoqidagi jinoyatlar» ro‘yxatiga kiritildi

Bryusselning cheklov choralarini buzish «Yevropa Ittifoqidagi jinoyatlar» ro‘yxatiga kiritildi. Ushbu chora sanksiyalarni chetlab o‘tishga urinishlarni cheklashga qaratilgan. 

Foto: AP

Yevropa Ittifoqi Kengashi Bryussel cheklov choralarining buzilishini «Yevropa Ittifoqidagi jinoyatlar» ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda 28 noyabr, dushanba kuni Kengash matbuot xizmati xabar berdi. Unda ta’kidlanishicha, bu chora «Yevropa Ittifoqi bo‘ylab bir xil darajada sanksiyalar qo‘llanilishini ta’minlash va YeI choralarini chetlab o‘tish yoki buzishga urinishlarni bostirishga qaratilgan ikki qadamning birinchisidir». 

Yevropa Ittifoqining faoliyati to‘g‘risidagi Shartnomada ko‘rsatilganidek, Yevropa Parlamenti va Yevropa Ittifoqi Kengashi transchegaraviy o‘lchovga ega bo‘lgan o‘ta og‘ir jinoyatlar bilan bog‘liq sohalarda jinoiy huquqbuzarliklar va sanksiyalarni belgilash bilan bog‘liq minimal qoidalarni o‘rnatishi mumkin. 

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi tufayli YeI allaqachon Rossiya Federatsiyasiga qarshi sakkizta sanksiya paketini joriy qilgan. «Ularning muvaffaqiyati birgalikdagi sa’y-harakatlarni talab qiladi va bugungi qaror bu choralarni chetlab o‘tishga bo‘lgan har qanday urinishlar to‘xtatilishini ta’minlash uchun muhim vositadir», dedi Chexiya adliya vaziri Pavel Blajyek. 

Hozirgi vaqtda Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar cheklov choralaridan chetga chiqish nima ekanligini va ular buzilgan taqdirda qanday jazo choralarini qo‘llash kerakligini turli yo‘llar bilan belgilaydilar. Bu turli darajadagi sanksiyalarni qo‘llash va ushbu choralarni chetlab o‘tish xavfiga olib kelishi mumkin, natijada qora ro‘yxatga kiritilgan shaxslarga o‘z aktivlaridan foydalanishni davom ettirish va Yevropa Ittifoqi choralari joriy etilgan rejimlarni qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi. 

Keyingi qadam, Yevropa Komissiyasi tomonidan jinoiy huquqbuzarliklarni aniqlash va Yevropa Ittifoqining cheklov choralarini buzganlik uchun jazolar bo‘yicha minimal qoidalar bilan direktivaga oid takliflarni taqdim etish bo‘lishi kerak. Keyin ushbu direktiva loyihasi Yevropa Ittifoqi Kengashi va Yevropa Parlamenti tomonidan muhokamadan o‘tishi hamda qabul qilinishi kerak. 

Avvalroq, 24 noyabr kuni Yevropa Ittifoqi Ukrainaga qurolli bostirib kirishi sababli Rossiyaga qarshi yangi, to‘qqizinchi sanksiyalar paketini tayyorlashni tezlashtirayotgani ma’lum bo‘lgan edi. «Biz Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi urush olib borayotgan kuchlarini yanada barbod qilish uchun qattiq ishlayapmiz», dedi Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen Finlandiyaga tashrifi chog‘ida. 

«Ishonchim komilki, yaqin orada biz G7 va boshqa yirik hamkorlar bilan Rossiya neftiga global narx chegarasini joriy etish bo‘yicha kelishib olamiz. Ukraina Putin va uning adolatsiz, vahshiy urushini mag‘lub qilmaguncha tinchlanmaymiz», - dedi u. 

Rossiya Federatsiyasiga qarshi sakkizinchi sanksiyalar paketi, jumladan, eksport va import cheklovlari, rossiyaliklar uchun kripto-hamyonlarni taqiqlash, shuningdek, bir qator boshqa choralarni o‘z ichiga oladi. 

Bungacha Yevropa Ittifoqi Rossiya oltinining importini taqiqlagan, ilg‘or texnologiyalar va ikki maqsadli mahsulotlar eksporti ustidan nazoratni kuchaytirgan, Rossiyaga qarshi qattiq moliyaviy sanksiyalar, yirik neft embargosini qo‘llab, Rossiya ko‘mirini olib kirishni taqiqlagandi. 

Mavzuga oid
Top