20:36 / 29.11.2022
14038

Andijondagi YTHda jabrlanganlardan yana biri vafot etdi

Andijonda o‘nlab kishilar jarohat olgan YTH qurbonlari soni 4 nafarga yetdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi YTH oqibatida jarohatlangan bemorlar holati haqida ma’lumot berdi.

Foto: Kun.uz

Andijon viloyatida 26 noyabr kuni avtobus va yuk mashinasi to‘qnashuvi oqibatida jarohatlanib, o‘ta og‘ir ahvolda shifoxonaga olib kelingan bemorlardan biri amalga oshirilgan reanimatsion choralarga qaramasdan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Ushbu fuqaro shifoxonaga «Bosh miyaning og‘ir darajada lat yeyishi. Miya o‘zagi shikastlanishi. Qorin bo‘shlig‘i a’zolari yopiq jarohati. Jigar segmentlarining ezilib yorilishi. Chap bilak suyagining ochiq sinib siljishi. O‘ng boldir sohasi old yuzasi va o‘ng qo‘l tirsak sohalarining 2-darajali kuyishi. 3-darajali travmatik shok» tashxisi bilan olib kelingan edi. Unda belgilangan standartlar bo‘yicha barcha zarur amaliyotlar o‘tkazilgan», deyiladi xabarda.

Yo‘l-transport hodisasi oqibatida 3 nafar fuqaro voqea joyida vafot etgan, 38 nafar yo‘lovchi turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgandi.

Ayni paytda Sog‘liqni saqlash vazirligi nazoratida bo‘lgan ushbu bemorlardan 4 nafariga tibbiy xulosalar ijobiy bo‘lgani uchun ambulator sharoitda davolanish uchun uyiga ruxsat berildi.

Hozirda shifokorlar 33 nafar bemorda zarur muolajalarni davom ettirmoqda.

Nazoratda turgan bemorlarning 11 nafari RShTYoIM Andijon filialida, 16 nafari Asaka tumani, 4 nafari Bo‘ston tumani, 2 nafari Shahrixon tumani shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlarida davolanmoqda.

Ushbu bemorlarning 1 nafari o‘ta og‘ir, 5 nafari og‘ir ahvolda. Sog‘liqni saqlash vazirligi ularning holatini to‘liq nazoratga olgan bo‘lib, bemorlar zarur tibbiy yordam va dori-darmonlar bilan to‘liq ta’minlangan.

  • 26 noyabr kuni A-373 Toshkent-O‘sh-Andijon avtomagistralining 389-390-kilometrlari oralig‘ida «Isuzu» va «Howo» yuk mashinasi to‘qnashib ketgani haqida xabar berilgandi.
  • Hodisa yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Top