23:19 / 30.11.2022
50291
Saudiya Arabistoni «suzuvchi shahar» megaloyihasi uchun joy sifatida taklif qilindi 

Lazzarini dizayn uyi Saudiya Arabistonining g‘arbiy sohilini «kelajakning suzuvchi shahri» loyihasi uchun ideal joy sifatida ko‘rmoqda. 

Foto: Lazzarini Design Studio

Italiyaning Pierpaolo Lazzarini dizayn uyi qiymati 8 milliard dollarga teng toshbaqa shaklidagi ulkan yaxta qurish rejasini e’lon qildi. Loyiha amalga oshiriladigan joy sifatida Saudiya Arabistoni tanlangan. Agar loyiha moliyalashtirilsa, dunyodagi eng yirik suv inshootiga aylanadi. 

Yaxta uzoq o‘tmishdagi superkontinent Pangeya sharafiga Pangeos deb nomlangan va 60 ming mehmonni sig‘dira oladi. 

Lazzarini dizayn uyi o‘zining hashamatli transport konsepsiyalari bilan mashhur. Shu yilning boshida kompaniya geliyda ishlovchi Air Yacht deb nomlangan superyaxta konsepsiyasini taqdim etgan edi. 

Pangeos intererlari hali oshkor etilmagan bo‘lsa-da, Lazzarini yaxtaning qurilishi taxminan 2033 yilda boshlanishini kutmoqda, 8 yillik loyiha taxminan 8 milliard dollarga tushishi kerak. 

«Pangeos uzunligi 550 metrga, eng keng nuqtasida qanotlari 610 metrga teng bo‘ladi», deyiladi Lazzarini loyihasida. «Kelajakning suzuvchi shahri» mehmonxonalar, savdo markazlari, tomdagi bog‘lar, plyaj klublari va hattoki samolyot portlarini o‘z ichiga olgan qismlardan iborat bo‘ladi. 

Shuningdek, toshbaqasimon yaxta qanotlarida 19 ta xususiy villa va 64 ta kvartira bo‘ladi, kema 16 800 ot kuchiga ega 9 ta Hs elektr dvigatellari bilan harakatlanadi. 

Lazzarini o‘z taqdimotida Pangeos yaxtasini Saudiya Arabistonida joylashtirishni taklif qilmoqda. Jidda shahridan 81 mil shimolda joylashgan Qirol Abdulloh porti kemasozlik uchun ideal joy deb hisoblanyapti. 

Top