08:12 / 30.11.2022
7092

Ukraina NATOdan Patriot havo mudofaa tizimini talab qildi

Ukraina NATOdan «yer-havo» boshqariladigan raketalari bilan jihozlangan Patriot zenit va raketaga qarshi mudofaa tizimlarini so‘radi. 

Foto: TASR

Kiyevga bu majmualar «zudlik bilan» kerak, dedi Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba alyans mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tayotgan Buxarestda. 

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg bilan suhbat chog‘ida Kuleba havo hujumidan mudofaa tizimi Rossiyaning Ukraina energetika infratuzilmasiga navbatdagi hujumlarining oldini olishi kerakligini ta’kidladi. 

Polsha avvalroq Germaniya hukumatini ushbu maqsadlar uchun Ukrainani Patriot bilan ta’minlashga chaqirgan edi. 

Shu bilan birga, Buxarestda Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok qurolni topshirishga nisbatan shubhalarini bildirdi. NATO «ittifoq zonasida» yetarlicha mudofaa tizimlari mavjudligini ta’minlashi kerak, dedi Berbok. 

U Berlin allaqachon Kiyevga yetkazib bergan IRIS-T SLM havo mudofaa tizimi borligini eslatdi.

Bundan oldin Ukraina Slovakiyadan 30 ta BMP-1 piyoda jangovar mashinasini olgani xabar berilgandi. Bu haqda Slovakiya mudofaa vaziri Yaroslav Nad ma’lum qildi. 

Uskunalar Germaniya bilan kelishuv asosida Ukraina tomoniga topshirildi, deya tushuntirdi Nad.

U Germaniya mudofaa vaziri Kristin Lambrextga hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top