21:51 / 01.12.2022
43304
Ilon Maskning Neuralink kompaniyasi odamlarga chip o‘rnatishni boshlaydi 

Ayni paytda noutbukda fikr kuchi bilan matn terishni o‘rgangan maymunlar ustida tajribalar o‘tkazilmoqda. 

Ilon Mask o‘ziga tegishli Neuralink miya-kompyuter interfeysi kompaniyasi yaqin olti oy ichida odam boshiga chip implantatsiya qilishi mumkinligini aytdi. Shuningdek, kelajakda Maskning o‘ziga ham chip o‘rnatiladi. 

Milliarderning ta’kidlashicha, kompaniya odamlarda klinik sinovlarni o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarning aksariyatini allaqachon tegishli idoralarga taqdim qilgan. 

Neuralink maqsadi - boshga implantatsiya qilinadigan va miya faoliyati bilan kompyuterni boshqarish uchun ishlatiladigan qurilma yaratish. 2019 yilda Mask ushbu texnologiya maymunlarda sinovdan o‘tkazilayotganini ma’lum qildi. O‘tgan yili esa Neuralink o‘z fikr kuchi bilan tennis o‘ynayotgan maymun videosini e’lon qilgan edi. 

Bu yilgi sinovlar yanada muvaffaqiyatli o‘tdi va maymunlardan biri o‘ziga o‘rnatilgan chip yordamida noutbuk ekranida bir nechta so‘zlarni yozishga muvaffaq bo‘ldi.  

Neuralink qurilmalarining o‘zi kichik bo‘lib, bir nechta moslashuvchan «iplar»dan iborat, ular miyaga o‘rnatiladi. Implantatsiya jarayoni taxminan 15 daqiqa davom etadi va robotli tizim tomonidan amalga oshiriladi.  

Hozirgi vaqtda Neuralink muhandislari o‘z ixtirosidan foydalangan holda, ko‘rish qobiliyatini yaxshilash yoki tiklashga yordam beradigan, shuningdek, falaj bo‘lgan odamlarning harakatchanligini ta’minlashga yordam beradigan muolajalarni ishlab chiqmoqda. 

Top