09:02 / 03.12.2022
4882

Britaniya O‘zbekiston bilan savdoni rivojlantirish uchun yangi mablag‘ ajratilishini e’lon qildi

Poytaxtda Savdo va sanoat bo‘yicha O‘zbekiston-Britaniya kengashi (UBTIC) 26-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Buyuk Britaniya Xalqaro savdo vazirligi bosh direktori Endryu Mitchell savdoni rivojlantirish uchun yangi mablag‘ ajratilishini, O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lishini yanada qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi. Delegatsiyalar rahbarlari chiqishlaridan so‘ng tomonlar ikki tomonlama harakatlar rejasini imzoladi.

2021 yilda Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash umumiy hajmi ikki baravar ko‘paydi va hozirgi paytda qariyb 0,5 milliard dollarni tashkil etmoqda. UBTIC 26-yig‘ilishida Britaniya 73 ta turli kompaniyasidan 126 nafar britaniyalik ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi.

«Mamlakatlarimiz birgalikda amalga oshirgan ishlardan juda faxrlanaman, lekin erishgan muvaffaqiyatlarimiz bilan cheklanib qolmasligimiz kerak. UBTIC bizga savdo aloqalarimizni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish uchun ajoyib platformani taqdim etadi. Biz bunga O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha hamkorlikda ishlash, iqtisodiy va siyosiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashimizni kengaytirish hamda umumiy imtiyozlar tizimi imkoniyatlarini maksimal darajada oshirish orqali erisha olamiz», dedi Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha Buyuk Britaniya savdo komissari Kenan Poleo.

Top