14:48 / 03.12.2022
30287
Toshkentda uy-joy narxi eng qimmat tumanlar ma’lum qilindi

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) mutaxassislari 2022 yil noyabr oyida Toshkent shahrida uy-joy narxlarining o‘zgarishini tahlil qildi. 

Foto: Kun.uz

Ularga ko‘ra, noyabr oyida Toshkent shahridagi ko‘chmas mulk bozorida sotuvlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8 foizga (7 814 tadan 8 408 taga) oshgan. Ushbu davr mobaynida 1 kv metr narxi o‘rtacha 27 foizga o‘sdi: agar 2021 yilning noyabrida bu ko‘rsatkich 849 AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilning noyabrida bu ko‘rsatkich 1078 AQSh dollariga yetdi. 

Toshkent shahrining beshta tumanida 1 kv metr uy-joy narxi shahardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan (1078 dollar) sezilarli darajada yuqori: Mirobod tumanida – 1285 dollar (+20 foiz), Yakkasaroyda – 1178 dollar (+9 foiz), Shayxontohurda – 1144 dollar (+6 foiz), Mirzo Ulug‘bekda - 1137 dollar (+6 foiz) va Yunusobodda - 1117 dollar (+4 foiz).

2022 yilning 9 oyida Toshkent shahrida o‘rtacha ish haqi 5,9 million so‘mni tashkil etib, 2021 yilning mos davriga nisbatan 32,5 foizga o‘sdi. Ushbu davrda yillik inflatsiya darajasi 12,2 foizni tashkil etgani hisobga olinsa, real ish haqining o‘sishi 20,3 foizni tashkil etdi. Bu davrda o‘zbek so‘mining AQSh dollariga nisbatan kursi 10 672,30 so‘mdan 10 973,39 so‘mga (o‘sish 2,8 foiz) o‘zgardi. 

2022 yil noyabr oyida ta’mirlangan 2 xonali kvartiraning o‘rtacha narxi 55,7 ming dollarni tashkil qildi (2021 yil noyabrida – 41,6 ming dollar). Toshkent shahrida uy-joyga bo‘lgan talabning ortib borayotganini yashash uchun nisbatan yaxshilangan ijtimoiy infratuzilma bilan izohlash mumkin. 

«Tug‘ilish darajasi sezilarli darajada oshganini ham ta’kidlash kerak. Ya’ni, 2010 yilda Toshkent shahrida bir ayolga to‘g‘ri keladigan bolalar soni 1,99 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 3,02 nafarga yetdi. Bu ko‘rsatkich oilaning kengroq xonadonga ko‘chib o‘tish istagini shakllantirishda ham muhim bo‘lishi mumkin», - deydi mutaxassislar. 

2022 yil sentabr-oktyabr oylarida PMTI mutaxassislari mamlakatda tug‘ilish ko‘rsatkichining yuqori bo‘lishi sabablarini aniqlash maqsadida so‘rov o‘tkazdi. Unda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yashovchi 25-45 yoshdagi 3 va undan ortiq bolali 200 nafar ayol ishtirok etdi. So‘rov natijalariga ko‘ra, farzand ko‘rish to‘g‘risida qaror qabul qilishning asosiy sabablari sifatida salomatlik holati (43,8 foiz) va turmush sharoitining yaxshilanganligi (47,9 foiz) ko‘rsatilgan. 

Ko‘chmas mulk bozorida narxlarning o‘sishi sharoitida aholini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha davlat dasturlarini kengaytirish bozorda faollikni saqlab qolishning asosiy sababi hisoblanadi. 2022 yilning 9 oyida banklar tomonidan aholiga 10,3 trillion so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratildi, bu 2021 yilning mos davriga nisbatan 68 foizga ko‘pdir. 

O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalash kompaniyasi (O‘zIQMK) ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilning 4-choragidan 2022 yil 3-choragigacha bo‘lgan davrda berilgan ipoteka kreditlarining 73,1 foizi Moliya vazirligi, 16,8 foizi banklarning o‘z mablag‘lari, 10,1 foizi esa O‘zIQMK hisobidan moliyalashtirilgan. 

PMTI avval chop etilgan sharhida Toshkent shahrida uy-joy narxining tez oshib ketishini bozor jihatlari bilan izohlagan. Ya’ni, talab tomonida, bolalar soni, daromad va migratsiya omillaridan tashqari, uy-joy narxi o‘sishi aholi jamg‘armalarini investitsiyalarga yo‘naltirish uchun moliyaviy vositalarning cheklanganligini ko‘rsatadi. Mamlakatda kapital bozorining sust rivojlanishi uzoq muddatli jamg‘armalariga ega aholini o‘z mablag‘larini ko‘chmas mulkka sarmoya kiritishga yo‘naltirishga majbur qilmoqda. 

Shu bilan birga, butun dunyo bo‘ylab uy-joy narxlari pasaymoqda. Buning sabablari asosiy yashash narxining, foiz stavkalarining oshishi, ishsizlikning o‘sishi va boshqa omillardir. 

Mavzuga oid
Top