13:27 / 05.12.2022
13384
Alisher Qodirov yana energetika sohasini xususiylashtirish haqida gapirdi

Qish kunlari o‘zbekistonliklar joylarda gaz va elektr energiyasi muntazam uzilishlari sodir bo‘layotgani uchun rasmiylarni tez-tez tanqid qiladi. Bu, ayniqsa, hozir mamlakat hududlarida yaqqol sezilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov energetika sohasini xususiylashtirish ko‘plab muammolarni hal qiladi, deb hisoblaydi. Deputat Nyu-Yorkning tungi suratini ham chop etdi.

Foto: Telegram / Alisher Qodirov

«100 so‘mga ishlab chiqarib 101 so‘mga sotasan, qanoat bilan 1 so‘m daromadga rozi bo‘lasan. Shu 1 so‘m ham 1 milliardga aylanadi. 990 millionini bozorni ushlab turish uchun tarmoqlarni ta’mirlashga sarf qilasan», – deb yozdi u o‘zining Telegram-kanalida.

Uning fikricha, qimmat ishlab chiqarish va arzonroq sotish foydasiz.

«100 so‘mga ishlab chiqarib 25 so‘mga sotsang, 75 so‘mini qarzdan qoplab, tarmoqni 3-4 yilda bir marta budjetdan orttira oladigan pulga ta’mirlasang… qish sovuq, qor va deputatlar, ularga bog‘liq bo‘lmasa ham (gaz va elektr energiyasidagi uzilishlar - tahr.), odamlarga qora ko‘rinaveradi», – deya ta’kidlab o‘tdi u.

17 noyabr kuni ham Alisher Qodirov energetika sohasini xususiylashtirish haqida yozgan. “Energiya sotish kompaniyalari o‘zi daromad ko‘rmagunicha sohada o‘zgarish bo‘lmaydi”, – degan u.

Avvalroq moliya vaziri Timur Ishmetov tariflar oshirilmagani natijasida elektr energiyasi va gaz uchun dotatsiyalar oshib borayotganini ma’lum qilgandi.

Top