18:42 / 05.12.2022
7449

Mo‘g‘ulistonda korrupsiya mojarosi ortidan norozilik namoyishlari boshlandi

Namoyishchilar hukumat binosiga bostirib kirishdi.

Foto: t.me/planetamongolia

Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Batorda namoyishchilar hukumat binosiga bostirib kirdi. Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 12,9 milliard dollarlik ko‘mir o‘g‘irlaganlikda gumon qilinayotgan amaldorlar bilan bog‘liq mojaro tufayli fuqarolar ikki kundan beri ko‘chaga chiqmoqda. Keng ko‘lamli namoyishlar 4 dekabr kuni boshlangan.

Mahalliy matbuotning xabar berishicha, Mo‘g‘ulistondan eksport qilinadigan ko‘mir miqdori Xitoy olganidan farq qiladi. Shu fonda norozilik namoyishlari boshlangan. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, Pekin korrupsiyada ayblangan o‘z amaldorlarini qatl qilgan, shuningdek, Mo‘g‘uliston bosh vaziri Oyun-Erdene Luvsannamsraynga korrupsiyaga aloqador mo‘g‘ul amaldorlari ro‘yxatini yuborgan.

Shundan so‘ng fuqarolar ko‘chaga chiqib, «ko‘mir o‘g‘rilari» nomi oshkor qilinishini va «hokimiyatdagi korrupsiya fosh etilishini» talab qilishgan.

5 dekabr kuni namoyishchilar Suxe-Bator maydoniga (Ulan-Bator markazi) to‘plangan va kechga yaqin hukumat saroyiga bostirib kirishga harakat qilgan. Shundan so‘ng, politsiya barchani tarqalishga chaqirgan.

Huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, namoyishchilardan biri shahar archasini yoqib yuborgan, tartibsizliklarda to‘rt kishi yengil tan jarohati olgan.

Namoyishchilar bosh vazir va prezident bilan uchrashishni talab qilmoqda. Bosh vazir buyrug‘i bilan ishchi guruh tuzilib, uning vakili namoyishchilar bilan barcha talablarni muhokama qilmoqchi.

Noyabr oyida Asia Russia portali 2022 yilda Mo‘g‘ulistondan ko‘mir eksporti 2021 yilga nisbatan 71 foizga oshgani haqida xabar bergan edi. Bu yil jami 24,3 million tonna ko‘mir qazib olingan.

Top