14:43 / 05.12.2022
6438
O‘zbekistonda gaz qazib chiqarish hajmi kamaydi

Buning asosiy sabablari sifatida gaz konlarida tabiiy gaz zaxiralarining kamayib borayotganligi va konlarda avariyalar kelib chiqayotganligi keltirib o‘tilgan.

Foto: AP

O‘zbekistondagi gaz konlarida tabiiy gaz qazib chiqarish hajmi kamayib bormoqda. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

«2021 yilda belgilangan rejaga nisbatan 200 mln metr kub kam tabiiy gaz qazib chiqarilgan bo‘lsa, 2022 yilning 11 oyida rejaga nisbatan 5 foizga kam tabiiy gaz qazib chiqarildi», - deyiladi vazirlik xabarida.

«O‘zbekneftgaz» AJga qarashli gaz konlarida rejaga nisbatan sutkasiga o‘rtacha 7,1 foizga kam tabiiy gaz qazib chiqarilmoqda. Buning asosiy sabablari sifatida gaz konlarida tabiiy gaz zaxiralarining kamayib borayotganligi va konlarda avariyalar kelib chiqayotganligi ko‘rsatilgan.

Qayd etilishicha, bugungi kunda ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan havo haroratining keskin sovib ketishi sababli quvurlarda gaz bosimining pasayishi kuzatilmoqda. Qazib chiqarilayotgan tabiiy gaz to‘liq ichki iste’mol uchun, xususan aholi va ijtimoiy soha obektlari hamda issiqlik elektr stansiyalariga yo‘naltiriladi.

Avvalroq, O‘zbekistondan Xitoyga 2022 yilning 10 oyi davomida salkam 917 mln dollarlik gaz import qilingani ma’lum qilingandi. Bu – o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobarga ko‘p.

Top