10:06 / 06.12.2022
9290

Belarusda safarbarlik yo‘q, ammo harbiy xizmatga majburlar "voyenkomat"ga chaqirilyapti

Nega Belarusda harbiy xizmatga majbur bo‘lganlar ro‘yxati tekshirilyapti, chaqiriluvchilarning ota-onalari ularni Ukrainadagi urush fonida qanday his-tuyg‘ular bilan armiyaga jo‘natyapti va hozir Belarusning ushbu mamlakat bilan chegarasida nima sodir bo‘lyapti? DW shu haqda batafsil material e’lon qildi.

Foto: 1prof.by

Belarus rasmiylari hali ham mamlakatda safarbarlik choralari ko‘rilmaganini, gap faqat harbiy xizmatga majbur bo‘lganlar haqidagi ma’lumotlarni rejalashtirilgan tekshiruvi haqida ketayotganini ta’kidlamoqda. Ular bu jarayonni 1 dekabrgacha yakunlashga va’da bergan, biroq endi bu 2022 yil oxirigacha davom etishi ma’lum bo‘ldi.

O‘tgan kuzdan boshlab, Rossiyada e’lon qilingan «qisman safarbarlik»dan so‘ng, minglab Belarus fuqarolari o‘z mamlakatlarining harbiy ro‘yxatga olish idoralariga chaqiriq ola boshladi. Mahalliy hokimiyat vakillari va komissarliklarning o‘zi g‘ayritabiiy narsa yuz bermayotganini ta’kidladi: chaqiruv qog‘ozlarini yetkazib berish odatiy hol bo‘lib, Ukraina hududidagi harbiy operatsiyalarga hech qanday aloqasi yo‘q.

Ayni paytda, 30 noyabr kuni Belarus Mudofaa vazirligi mamlakatda «harbiy xizmatga majbur bo‘lgan shaxslarning ma’lumotlari rejali tekshiruvi»ning ikkinchi bosqichi boshlangani haqida xabar berdi. Harbiy idora ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi bosqich korxonalarga taalluqli bo‘lsa, endi u to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy xizmatga qabul qilish komissiyalari va qishloq kengashlarida bo‘lib o‘tadi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, harbiy xizmatga majbur bo‘lganlarning 70 foizi allaqachon «ma’lumotlarni solishtirish» tadbirlarida ishtirok etgan.

Mudofaa vaziri Viktor Xrenin Belarus davlat matbuotiga bergan intervyusida asosiy ishlarni 2022 yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilganini aytdi. «Ammo, shuni aytishim mumkinki, bir milliondan ortiq odam tekshirildi va fuqarolar bunga mutlaqo xotirjam munosabatda bo‘lishyapti: ular komissarliklarga kelib, ma’lumotlarini tekshiruvdan o‘tkazyapti», dedi Xrenin. U Belarusda bu jarayonni tashkil qilishda Ukrainadagi qurolli mojaro fonida Rossiyaning «qisman safarbarlik» tajribasidan kelib chiqqan holda xulosalar chiqarilganini inkor etmadi.

Biroq, Belarus viloyatlaridan kelgan ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, harbiy ro‘yxatga olish idoralarida hozirgi «ma’lumotlar solishtirilishi»ni odatiy hodisa deb atash qiyin. Agar ilgari harbiy xizmatga majbur bo‘lganlar chaqiruv qog‘ozi yoki SMS xabarlar orqali chaqirilgan bo‘lsa, endilikda mahalliy gazetalarda ularni chaqiruvni kutmaslik, harbiy komissarliklarga mustaqil kelishga undovchi maqolalar chiqa boshladi.

«Mahalliy gazetada chaqiruv qog‘ozi olmagan bo‘lsangiz ham, harbiy komissarlikka borishingiz kerakligi haqida o‘qish hayratlanarli bo‘ldi: bu qandaydir tarzda harbiy xizmatga majbur bo‘lganlarning ma’lumotlarini solishtirish jarayoniga to‘g‘ri kelmaydi. Bu reja bo‘yicha ketmoqda», - deydi Baranovich shahrida yashovchi Ruslan. Uning o‘zini oktyabr oyida harbiy xizmatga chaqirishdi, o‘shanda yigit katta ajiotajni kuzatmagan: «Ular ish joyini o‘zgartirdimi, ro‘yxatda turgan joyda yashaymanmi, deb so‘rashdi, oila tarkibini tekshirishdi».

Ma’lum bo‘lishicha, shunga o‘xshash e’lonlar Brest va Minsk viloyatlaridagi boshqa gazetalarda ham chop etilgan, Brestda esa mahalliy hokimiyat organlari hatto uy-joy mulkdorlari shirkatlari rahbarlarini messenjerlarda yaratilgan uy chatlarida ham xuddi shunday xabarlarni joylashtirishga majburlagan.

«Men harbiy komissarlikka ixtiyoriy ravishda borishni xohlamayman, o‘z shahrimga ota-onamni ko‘rish uchun ora-orada boraman», deydi brestlik Nikolay. U harbiy xizmatga majbur bo‘lsa-da, komissarlikka borish uchun chaqiruvlarni e’tiborsiz qoldirish niyatida ekanligini tan oldi: «Men armiyada xizmat qilmaganman va xizmat qilishni rejalashtirmayapman. Umuman olganda, Belarusda boshlangan bu "aholini ro‘yxatga olish" jarayonning barchasini Ukrainadagi urush bilan bog‘layman, ammo generallarimiz va targ‘ibotchilarimiz boshqa narsalar haqida gapiryapti».

Rasmiy ravishda harbiy ro‘yxatga olish idorasiga faqat ma’lumotlarni tekshirish uchun taklif qilinganlardan farqli o‘laroq, Belarus armiyasiga boradigan chaqiriluvchilarning ota-onalari turli xil his-tuyg‘ularni boshdan kechiryapti. Chaqirilganlardan birining onasi Svetlananing aytishicha, o‘g‘li harbiy xizmatga tayyorgarlik ko‘rgan va chegara qo‘shinlarida xizmat qilishni orzu qilgan.

«Ehtimol, tinchlik davrida men bundan unchalik xavotir olmasdim, lekin hozir uni Ukrainaga yaqin bo‘lgan "qaynoq nuqta"ga yuborishlaridan juda qo‘rqaman», deb tan oldi Svetlana. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘li chaqirilgan harbiy qism komandiri chegaradagi keskin vaziyat chaqiriluvchi askarlarga ta’sir qilmasligiga ishontirgan, chunki joriy chaqiruv bo‘yicha yaqin oylar uchun boshqa vazifalar ham belgilangan.

Gomel shahrida yashovchi Valentin ham 2022 yilning kuzida o‘g‘illaridan birini armiyaga jo‘natdi: «U pul topish uchun boshqa davlatga ketmoqchi edi va kechikish bo‘lib, chaqirilmasligiga umid qilgandi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tganidan keyin va harbiy xizmatga chaqirilishi ma’lum bo‘lgach, chet elda ishlash variantidan voz kechishga majbur bo‘ldi».

Shu bilan birga, Valentinning qo‘shimcha qilishicha, o‘g‘lining ba’zi tengdoshlari chaqiruvni kutmasdan ketishga qaror qilishgan, ammo bunday xatti-harakatlar jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin: «Men ikki yil oldin xizmatga borishi kerak bo‘lgan yigitlarni bilaman, lekin ular Rossiyaga chiqib ketishdi va u yerdan Belarusga qaytarildi. Keyin kimdir hibsga olindi, kimdir katta jarimaga tortildi». Suhbatdosh endi chaqiruvdan qochganlarni yanada qattiqroq jazo kutishi mumkinligini istisno qilmayapti.

Muddatli harbiy xizmatchilar ota-onalarining Belarus janubiy chegaralarida «vaziyat notinch» degan xavotiri Ukraina bilan chegaraga yaqin Gomel viloyatida yashovchilarda ham bor. Yaqinda Belarus Davlat chegara qo‘mitasi o‘tgan yozda fuqarolarning Bragin, Loyevskiy va Xoyniki tumanlaridagi chegara chizig‘ida bo‘lishi uchun kiritilgan cheklovlar 2023 yil 1 martgacha uzaytirilganini ma’lum qildi.

Chegara boshqarmasi bunday qarorni «chegara xavfsizligini ta’minlash maqsadida» qabul qilingani bilan izohladi. Garchi cheklovlar chegara yaqinida joylashgan yer egalariga taalluqli bo‘lmasa-da, ularda ham harakat erkinligi yo‘q.

«Bizning barcha qishlog‘imiz va aholimiz yil bo‘yi chegara yaqinidagi o‘rmondan tirikchilik uchun foydalanadi: bu yerda qo‘ziqorin va rezavorlar yig‘amiz, ov qilamiz, agar kerak bo‘lsa, o‘tin ham tayyorlaymiz», deydi qishloqlardan birida yashovchi shaxs. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yil bahoridan mahalliy aholiga yong‘in xavfi haqida ogohlantirish berilib, o‘rmonlarga tashrif buyurish taqiqlangan, ammo bu borada real tahdidlar bo‘lmagan: «O‘shanda darhol tushundikki, gap ob-havo va yong‘inlar haqida ketmagan. Shunchaki, o‘rmon yo‘llari bo‘ylab Ukrainaga va ortga harbiy texnika borib kelgan, ba’zi joylar esa o‘rab olingan».

Endi rasman ma’lum qilinishicha, kamida keyingi bahorga qadar Belarusning Ukraina bilan chegarasi ayrim uchastkalariga qonuniy ravishda kirib bo‘lmaydi.

Mavzuga oid
Top