09:25 / 06.12.2022
5389

Brichanidagi raketa bo‘laklari: Moldova vaziyat nazorat ostida ekanini bildirdi

Moldova hukumati Brichanida raketa bo‘laklari topilgan bir paytda, «vaziyatni nazorat ostida ushlab turish uchun bor kuchini sarflamoqda», dedi mamlakat bosh vaziri.

Moldova bosh vaziri Natalya Gavrilitsa

Moldova hukumati Chegara politsiyasi tomonidan mamlakat shimolida, Ukraina bilan chegaraga yaqin joylashgan Brichani shahri yaqinida raketa parchalari topilgan bir paytda, «vaziyatni nazorat ostida ushlab turish uchun bor kuchini sarflamoqda». Bu haqda 5 dekabr, dushanba kuni Moldova bosh vaziri Natalya Gavrilitsa ma’lum qildi.

«Ukrainada raketa hujumlarining yangi to‘lqini kuzatilmoqda, bu bizning mamlakatimiz uchun bevosita oqibatlarga olib keladi», dedi vazirlar mahkamasi rahbari.

Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, Chegara politsiyasi raketa parchalari tushgan hududni o‘rab olgan. Voqea joyida Ichki ishlar vazirligi xodimlari, "Bombtex" xizmati mutaxassislari, Favqulodda vaziyatlar bosh inspeksiyasi ishlamoqda, deb xabar bermoqda Noi.md mahalliy axborot portali. Unga ko‘ra, Brichaniga milliy armiya muhandislari guruhi hududni o‘rganish uchun yuborilgan.

Shu bilan birga, mamlakatning elektr tarmoqlari operatori "Moldelektrika" kompaniyasi energiya tizimida elektr ta’minotidagi uzilishlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan holatlar haqida ma’lum qildi. Bunga Ukrainani ommaviy o‘qqa tutish sabab bo‘ldi, deya tushuntirdi kompaniya.

«Biz fuqarolarimiz uchun xavfli vaziyatlar yuzaga kelmasligining oldini olish maqsadida hamma narsani qilamiz», dedi Gavrilitsa.

Vazirlar mahkamasi rahbari Ukrainadagi fuqarolik obektlariga qilingan hujumlarni keskin qoraladi va Ukraina xalqi bilan birdamligini tasdiqladi. U raketa parchalarining kelib chiqishi haqida izoh bermadi.

Oktabr oyi oxirida Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimi tomonidan urib tushirilgan raketa parchalari Moldovaning chegara hududiga tushgan edi. Moldova shimolida ukrainalik harbiylar tomonidan urib tushirilgan rus raketasi quladi, deya ma’lum qildi o‘shanda Kishinyovdagi Ichki ishlar vazirligi.

«Raketa Ukraina bilan chegarada joylashgan Moldovaning Naslavcha qishlog‘i shimoliy qismiga qulab tushdi. Hozirda qurbonlar yo‘q, Naslavchadagi bir nechta uylarning derazalari singan», - deb ma’lum qildi 31 oktyabr kuni Moldova idorasi matbuot xizmati. Naslavcha qishlog‘i to‘g‘ridan to‘g‘ri Vinnitsa viloyatining yonida joylashgan, chegara Dnestr daryosi orqali o‘tadi.

5 dekabr, dushanba kuni Rossiyaning Ukraina muhim infratuzilmasiga yangi raketa zarbalari qayd etildi. Havo hujumi haqida ogohlantirish deyarli butun mamlakat bo‘ylab yangradi. Cherkassk, Zaporijjya, Kiyev, Vinnitsa, Odessa viloyatlari, Xarkiv va Xersonda portlashlar sodir bo‘ldi. Odessa, Jitomir va Nikolayevda elektr energiyasi qisman o‘chirildi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top