18:26 / 06.12.2022
6963

O‘zbekistonda boshpanasiz kishilar sovuqda muzlab qolmasligi uchun reabilitatsiya markazlariga joylashtirilmoqda

IIO xodimlari 3 nafar boshpanasizga yordam berdi - ulardan biri Navoiyda ko‘p qavatli uyning dahlizida uxlayotgan, ikki nafari Toshkentdagi yerosti quvuri yonida isinayotgan bo‘lgan. IIV fuqarolarni qiyin vaziyatlarda qolganda murojaat qilishga chaqirdi.

Foto: IIV matbuot xizmati

Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning buyrug‘iga asosan Ichki ishlar organlarining barcha shaxsiy tarkibi kuchaytirilgan xizmat tartibiga o‘tkazildi. 

Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, buyruq noqulay ob-havo sharoitini inobatga olgan holda, «fuqarolarning osoyishtaligini ta’minlash, hayoti va sog‘lig‘i hamda mulkini himoyalash, shuningdek, qiyin vaziyatlarda ko‘mak ko‘rsatish maqsadi»da qabul qilingan.

Ushbu chora-tadbirlar doirasida PPX xodimlari xizmat yo‘nalishlarida mavjud bo‘lgan aholi ko‘p to‘planadigan joylar, bozorlar, qurilishi tugallanmagan binolar, ovloq joylar, yerto‘lalarda yashash xonadoniga ega bo‘lmagan (daydi)larni aniqlab sovuqdan muzlab qolmasliklari uchun IIB Yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markaziga joylashtirmoqda.

Xususan, kuni kecha Navoiy shahridagi ko‘p qavatli uy pod’yezdida uxlab qolgan fuqaro sovuqda muzlab qolmasligi uchun IIB Yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markaziga olib borib qo‘ygan.

Shunday kishilarning yana ikki nafari yer ostidagi isitish quvuri yonida tunagani aniqlanib, ular ham PPX xodimlari yordamida reabilitatsiya markaziga olib borilgan.

Fuqarolar har qanday tahdidli vaziyatlarda, xonadonda, ko‘chada yoki yo‘llarda bo‘lishdan qat’i nazar Ichki ishlar organlariga 102, 1102 va 1173 qisqa raqamlari orqali murojaat qilishi mumkin.

Top